Isroil sulhga qaramay Gʻazodagi nazorat hududini kengaytirishda davom etyapti
Isroil va Hamas oʻrtasidagi otashkesim kelishuvi qogʻozda qariyb bir yildan beri amalda. Ammo Isroil Gʻazodagi nazorat hududini kengaytirib, yaqin orada bu yerlardan chiqib ketish niyati yoʻqligini aytyapti.

Isroil sulhga qaramay Gʻazodagi nazorat hududini kengaytirishda davom etyapti
New York Times oʻrgangan sunʼiy yoʻldosh tasvirlariga koʻra, sulhdan keyin Isroil qoʻshinlari oʻz mavqelarini mustahkamlagan va kamida 12 ta harbiy post barpo etgan. Ular kelishilgan chekinish chizigʻidan ham oʻtib, sektor ichkarisiga yanada chuqurroq kirgan.
AQSH qoʻllab-quvvatlagan sulh 2025-yil oktabrda kuchga kirgan edi. Unga binoan, Falastin anklavi — Gʻazo sektorining qariyb yarmi Isroil nazoratida qolgan. Biroq joriy yil may oyida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Isroil armiyasi hududning taxminan 60 foizini nazorat qilayotganini aytdi. U bundan ham kattaroq qismini egallash rejasi borligini ham ochiq bildirgan.
Tahlilchilar, diplomatlar va Gʻazo aholisi fikricha, Isroilning sulhdan keyingi harakatlari hududning boʻlinishini yanada mustahkamlab qoʻyayotganga oʻxshaydi. Aslida sulh Gʻazoni vaqtincha ikki qismga ajratgan edi. Hozir esa Isroil nazoratidagi hudud kengayib, Hamas boshqaradigan qism torayib bormoqda. Gʻazodagi ikki million aholining mutlaq koʻpchiligi aynan shu kichik hududda yashaydi.
Agar sulh jarayoni davom etsa, Isroil hali ham Gʻazodan chiqib ketishi mumkin. Ammo sulhning keyingi bosqichlari boʻyicha ish toʻxtab qolgandek koʻrinmoqda. Iyul oyida AQSH rasmiylari Hamas bilan qurollarni topshirish borasida kelishuvga erishilganini bildirgandi. Biroq Netanyahu bu rejani rad etdi. U Falastindagi guruh «haqiqiy qurolsizlanmaguncha» qoʻshinlarni olib chiqishdan bosh tortdi.
Isroil armiyasi bayonotida Gʻazodagi bazalarni «oʻz mudofaa konsepsiyasi, operativ ehtiyojlari va oʻt ochishni toʻxtatish kelishuviga muvofiq» qurayotganini maʼlum qildi. Armiyaning qoʻshimcha qilishicha, bu bazalar Isroil qoʻshinlarini ham, yaqin atrofdagi aholi punktlarini ham himoya qilish uchun moʻljallangan.
Biroq Isroil askarlari Gʻazoda harbiy postlar qurish bilangina cheklanmagan. Ular toʻsiqlar joyini oʻzgartirgan, tuproq uyumlari barpo etgan va ayrim hududlarga kirishni taqiqlab qoʻygan.

