Isroil Eron kimyoviy qurol qo‘llashi mumkinligi haqida AQSHni ogohlantirdi — NYT
Amerikalik ayrim amaldorlar bu ogohlantirishga shubha bildirib, Isroil shu tariqa Eronga qarshi urushni tiklamoqchiligini ta’kidladi.

Isroil Eron kimyoviy qurol ishlatishi mumkinligi haqida AQSHni ogohlantirdi — NYT
Isroil razvedkasi Eron o‘z raqiblariga qarshi kimyoviy qurol qo‘llashi ehtimoli borligi haqida ma’lumot to‘plab, uni AQSHga yetkazdi. Bu haqda manbalarga tayangan holda The New York Times xabar berdi.
Ba’zi amerikalik amaldorlar bu ogohlantirishga shubha bilan qaramoqda. Ularning fikricha, Isroil hukumati shu orqali Tramp ma’muriyatini Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy harakatlarni qayta boshlashga ko‘ndirmoqchi. Biroq ogohlantirishni jiddiy qabul qilish kerak, deb hisoblaydiganlar ham bor.
Isroil razvedka ma’lumotlarini Fors ko‘rfazi davlatlari bilan ham bo‘lishgan. Ularning ayrimlari Eron kimyoviy qurol ishlatishni rejalashtirayotganiga shubha bildirgan va Isroil shu yo‘l bilan urushni kuchaytirishga urinayotganini aytgan.
AQSH bir necha bor Eron kimyoviy qurolga ega ekani yoki uni ishlab chiqishni rejalashtirayotgani haqida bayon qilgan. Tehron esa 1980-yillardagi Eron-Iroq urushi davrida bunday qurollarni ishlab chiqqanini, keyin esa ularni yo‘q qilganini bildirgan.
So‘nggi haftalarda AQSH Eronga yangi zarbalar berishi mumkinligi haqidagi xabarlar tarqalmoqda. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va AQSH prezidenti Donald Tramp 31-okyabr kuni telefon orqali gaplashgan. Mazkur suhbat chog‘ida Netanyaxu prezidentdan Kongressga saylovlardan keyin Eronga zarba berishni tiklashni so‘ragani aytilmoqda.
3-oktyabrga o‘tar kechasi AQSH Eronning Qeshm oroliga zarba berdi va buni amerikalik dronlar o‘qqa tutilganiga javob deb izohladi. AQSH prezidenti Donald Tramp mojaroni istalgan paytda yakunlashi mumkinligini aytdi va Eron bilan harbiy ziddiyatga sarflangan 30 milliard dollarni “arzimagan pul” deb atadi.

