«Iskander» uçun qismlar işlab çiqaruvçi zavodga zarba berilgani xabar qilindi
Rossiyaning Oryol şahridagi «Proton» optoelektronika zavodi raketa zarbasiga uçragani haqida Ukraina monitoring kanallari xabar berdi. Viloyat gubernatori zavodlardan biriga zarba berilganini va sakkiz kişi yaralanganini tasdiqladi, ammo korxona nomini oçiqlamadi. Qurbonlar va vayronagarçilik kölami haqidagi maʼlumotlar farq qilmoqda.

«Iskander» uchun qismlar ishlab chiqaruvchi zavodga zarba berilgani xabar qilindi
DW xabariga ko‘ra, 23-oktabr kuni Oryol viloyati gubernatori Andrey Kliçkov hududga raketa zarbasi berilganini ma’lum qilgan. Uning aytishicha, sakkiz kishi yaralangan, aksariyati yengil jarohat olgan. Gubernator Ukraina qurolli kuchlarini «fuqarolik obyekti»ga hujum qilishda ayblagan.
Keyinroq Kliçkov zarba Oryolning Sovet tumanidagi zavodga tekkanini bildirgan. U korxonada kuchli yong‘in chiqqanini, keyinchalik o‘chirilganini aytgan. Maxsus xizmatlar vayronalarni tozalashga tayyorgarlik ko‘rayotgani ham ma’lum qilingan.
Gubernatorga ko‘ra, yaqin atrofdagi bir nechta ko‘p qavatli uyning derazalari va bir necha avtomobil ham zararlangan.
Ukrainaning Exile+ va Supernova+ monitoring Telegram-kanallari hujum nishoni «Proton» zavodi bo‘lganini xabar qilgan. Ularga ko‘ra, korxona Rossiya harbiy sanoati uchun optoelektronika ishlab chiqaradi. Uning mahsulotlari, jumladan, S-71 «Kovyor» aviatsiya qanotli raketalari, 9M723 «Iskander-M» ballistik raketalari va «Pansir-S1» zenit raketa-top majmualarida qo‘llanadi.
Exile+ bahosiga ko‘ra, zarba oqibatida zavodning kamida bitta ishlab chiqarish sexi vayron bo‘lgan. Kanal binoning yuqori qavatlari, tomi va fasad konstruksiyalari qulab tushganini, bu esa sexdagi texnologik liniyalar ishini davom ettirishga imkon bermasligini bildirgan.
Qurbonlar haqida esa turlicha xabarlar tarqalgan. Supernova+ 13 kishi, jumladan, 11 ayol halok bo‘lganini hamda 30 dan ziyod kishi bedarak yo‘qolganini da’vo qilgan. Rossiyalik bloger Anastasiya Kaševarova ham halok bo‘lganlar borligini yozgan, ammo ularning sonini keltirmagan. Bu ma’lumotlarning mustaqil tasdig‘i xabarda keltirilmagan.
Rossiya Mudofaa vazirligi shu kuni mamlakatning yetti hududi va qo‘shib olingan Qrim ustida Ukrainaning 87 ta uchuvchisiz uchish apparati yo‘q qilinganini bildirgan. Vazirlik ro‘yxatida Oryol viloyati ham bor, ammo bu bayonot zavodga berilgan raketa zarbasi tafsilotlarini ochiqlamaydi.

