Rossiyaning Xarkiv va Dniproga zarbalari oqibatida bir kishi halok boʻldi, 14 kishi jabrlandi
16-oktabr kechqurun Rossiya qoʻshinlarining Ukrainaning Xarkiv va Dnipro shaharlariga zarbalari oqibatida bir kishi halok boʻldi, kamida 14 kishi jabrlandi. Mahalliy hokimiyat maʼlumotlariga koʻra, Dniproda toʻrt kishi yaralangan, Xarkivda esa 10 kishida oʻtkir stress reaksiyasi kuzatilgan.

Rossiyaning Xarkiv va Dniproga uyushtirgan zarbalari oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, 14 kishi jarohat oldi. DW xabariga ko‘ra, Xarkiv meri Igor Terexov va viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov shaharning ikki tumaniga raketa zarbalari berilganini ma’lum qilgan.
Sinegubovning aytishicha, bir zarba Slobodskoy, yana uchtasi Nemishlyanskiy tumaniga kelib tushgan. Hujumdan so‘ng o‘tkir stress reaksiyasi kuzatilganlar orasida 13 yoshli qiz ham bor.
Nemishlyanskiy tumanida turar joy binolari zarar ko‘rgan. Terexovning dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, yuzdan ortiq deraza sinib ketgan. Mer kamida bitta hujumda S8000 «Banderol» raketasi ishlatilganini ham bildirgan.
Kechki zarbalar Xarkivga shu kun davomida uyushtirilgan ikkinchi hujumlar seriyasi bo‘ldi. Mahalliy hokimiyat ma’lumotiga ko‘ra, ertalabki zarbalarda 71 yoshli ayol va 58 yoshli erkak halok bo‘lgan, 22 kishi jarohatlangan. O‘n kishi shifoxonaga yotqizilgan, ulardan ikkisining ahvoli og‘ir bo‘lgan.
16-oktabr kechqurun Dnipro ham zarbaga uchradi. Dnipropetrovsk viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Aleksandr Ganja ma’lum qilishicha, shahar atrofida yong‘in chiqqan. Bir erkak halok bo‘lgan, yana to‘rt kishi yaralangan.
Xarkiv avvalgi kunlarda ham hujumlarga duch kelgan edi. Mahalliy hokimiyat 13-oktabrga o‘tar kechasi berilgan zarbalarda uch kishi halok bo‘lgani va 11 kishi yaralanganini xabar qilgan. O‘shanda raketalardan biri to‘rt qavatli uyga tegib, uning bir podyezdini butunlay vayron qilgan. 11-oktabrda shahar va viloyatga uyushtirilgan hujumlarda esa yana ikki kishi halok bo‘lgan.

