Mahalliy

«Ishonch inson huquqlari standartlarini kundalik hayotda izchil qoʻllash orqali shakllanadi» — YEXHT DIHB rahbari

Huquq himoyasi tashkilotlarining faoliyati, ozodlikdan mahrum qilish joylari monitoringi va tibbiyotdan foydalanish imkoniyati Toshkentdagi Samarqand forumi ishtirokchilariga yoʻllangan murojaatlar mavzusiga aylandi. BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Oʻzbekistonni oʻz islohotlari natijalarini mustahkamlashga va taraqqiyotni hamma his qilishini taʼminlashga chaqirdi.

«Ishonch inson huquqlari standartlarini kundalik hayotda izchil qoʻllash orqali shakllanadi» — YEXHT DIIHB rahbari

28–29 sentyabr kunlari Toshkentda Inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumi boʻlib oʻtdi.

YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi (YEXHT DIIHB) direktori Mariya Telalyan jamiyatning davlat va huquqni muhofaza qilish institutlariga boʻlgan ishonchini ularning real faoliyati hamda huquqbuzarliklar sodir etilgan hollardagi hisobdorligi bilan bogʻladi.

«Ishonchni faqat deklaratsiyalar bilan ushlab turib boʻlmaydi. U odamlar tayanishi mumkin boʻlgan institutlar, huquqlar buzilgan taqdirdagi hisobdorlik, fuqarolar va davlat organlari oʻrtasidagi muloqot hamda, eng avvalo, inson huquqlari standartlarini odamlarning kundalik hayotida izchil qoʻllash orqali shakllanadi», — deya taʼkidladi u.

Mariya Telalyanning soʻzlariga koʻra, mustaqil milliy inson huquqlari institutlari xalqaro inson huquqlari standartlari va ularning milliy darajada amalga oshirilishi, shuningdek, fuqarolar va davlat institutlari oʻrtasida bogʻlovchi boʻgʻin boʻlib xizmat qilishga qodir.

Ularning asosiy vazifalari — inson huquqlariga rioya etilishini mustaqil monitoring qilish, jabrlanganlarni himoya qilishga koʻmaklashish va huquqbuzarliklarning oldini olishdir. Ularning vazifalariga, shuningdek, hokimiyat organlari uchun tavsiyalar tayyorlash va qonunchilikni takomillashtirishda ishtirok etish ham kiradi.

Huquq himoyachilarining samaradorligi, deya qoʻshimcha qildi Mariya Telalyan, ularning mustaqilligiga, yetarli resurslarga ega ekanligiga va davlat organlari faoliyatini xolisona nazorat qilish imkoniyatiga bogʻliq.

BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Folker Tyurk forum ishtirokchilariga yoʻllagan murojaatida amalga oshirilgan islohotlardan soʻng Oʻzbekiston oldida turgan vazifalarni belgilab berdi.

«Oʻzbekiston sezilarli islohotlarni amalga oshirish mumkinligini koʻrsatdi. Hozirgi bosqichdagi vazifa — erishilgan natijalarni mustahkamlash, saqlanib qolayotgan kamchiliklarni bartaraf etish va erishilgan yutuqlarni barcha his qilishini taʼminlashdir», — deyiladi uning murojaatida.

Folker Tyurkning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistonning xalqaro inson huquqlari mexanizmlari bilan keyingi hamkorligi hamda xalqaro majburiyatlarning milliy qonunchilik va amaliyotga tatbiq etilishi muhim ahamiyatga ega.

BMT komissari oʻz murojaatida Oʻzbekiston va forum ishtirokchilarini Inson huquqlari boʻyicha global alyansda faol ishtirok etishga chaqirib, inson huquqlarini amalda ilgari surish uchun davlatlar, fuqarolik jamiyati, biznes va yoshlar saʼy-harakatlarini birlashtirish zarurligini taʼkidladi.

BMTning Qiynoqlarning oldini olish boʻyicha kichik qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Elina Shteynerte hibsda saqlash joylarida qonunbuzarliklarning oldini olish boʻyicha tizimli ishlar olib borish zarurligini taʼkidladi.

«Qiynoqlarning oldini olish samarali boʻlishi uchun bir martalik chora-tadbirlar emas, balki vaziyatga xalqaro eʼtibor susayganidan keyin ham odamlar himoyasini taʼminlaydigan doimiy milliy monitoring zarur», — dedi u oʻz videomurojaatida.

Shteynerte BMTning Qiynoqlarga qarshi konventsiyasiga Fakultativ protokolda nazarda tutilgan mexanizmni: milliy va xalqaro organlar tomonidan hibsda saqlash joylariga muntazam tashrif buyurishni eslatib oʻtdi. Bunday yondashuv huquqbuzarliklar sodir etilishidan oldin ularning oldini olishga qaratilgan.

Koʻpgina odamlar uchun sogʻliqni saqlash huquqini amalga oshirishga hamon mojarolar, qashshoqlik, kamsitish, iqlim oʻzgarishi, majburiy koʻchish va tibbiy xizmatlardan foydalanishdagi tengsizlik toʻsqinlik qilmoqda, deb taʼkidladi Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus.

«Inson huquqlari va salomatlik ajralmasdir. Tenglik, ishtirok etish, axborot olish va rivojlanish huquqlari odamlarning sogʻlom turmush kechirishi uchun sharoit yaratadi, sogʻliqni saqlash huquqini himoya qilish esa odamlarga bilim olish, mehnat qilish, jamiyat hayotida ishtirok etish va oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarish imkonini beradi», — deya taʼkidladi u.

JSST rahbari xalqaro majburiyatlardan ularni qonunchilik, davlat siyosati hamda inson qadr-qimmati va tenglikka asoslangan samarali tizimlar orqali amalda bajarishga oʻtishga chaqirdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.