«Ish suhbatidagi firibgarlik tufayli bor jamgʻarmamni yoʻqotdim»
Ish izlovchilar, ayniqsa, Z avlodi vakillari soxta, tuzoqli ishga qabul qilish ilovalari nishoniga aylanmoqda.

Ish izlovchilar firibgarlarning nishoniga aylanmaslik uchun hushyor boʻlishga chaqirilmoqda, chunki firibgarlar ish eʼlonlari saytlaridagi odamlarni aldab, soxta suhbat dasturlarini yuklab olishga majbur qilmoqda.
Jabrlanuvchilardan biri bilan LinkedIn tarmogʻida soxta rekruter bogʻlanib, uni ishga qabul qilish suhbatiga taklif qilgan, soʻngra u oddiy hujjat boʻlib koʻringan, aslida esa zararli dasturiy taʼminot boʻlgan faylni yuklab olgan.
Bir necha soat ichida xakerlar uning kriptovalyuta hisoblarini boʻshatib, 18 000 funt sterling miqdoridagi jamgʻarmalarini oʻgʻirlab, gʻoyib boʻlishgan.
«Katta miqdordagi mablagʻdan ayrilish dahshatli tuygʻu — buni hatto eng ashaddiy dushmanimga ham ravo koʻrmayman», dedi ismi sir qolishini soʻragan jabrlanuvchi.
Professional ish qidirish platformalari boʻlgan LinkedIn va Indeed soʻnggi oylarda ish bilan bogʻliq firibgarliklar koʻpaygani haqida ogohlantirdi.
- «Yosh mutaxassislar firibgarlikka eng koʻp duchor boʻlmoqda (32%), shunga qaramay, deyarli uchdan bir qismi (32%) raqobatbardosh mehnat bozori tufayli shubhali belgilarga eʼtibor bermasligini tan oladi».
Bi-bi-si ushbu kompaniya bilan bogʻlanganda, u gavjum va raqobatbardosh mehnat bozorida «koʻpchilik yoshlar shubha bilan qarashga imkoniyatimiz yoʻq deb hisoblashadi... chunki ular imkoniyatlar juda kam deb oʻylashadi» deb maʼlum qildi.
Xakerlik hujumidan soʻng jamgʻarmalaridan ayrilgan jabrlanuvchi ishdan boʻshash haqida ariza yozgan va LinkedIn tarmogʻida yangi ish qidirayotganini ochiq koʻrsatgan edi.
Soxta rekruter unga ehtimoliy ish taklifini yuborgan va lavozim boʻyicha videoqoʻngʻiroq tashkil qilgan, soʻngra undan Google Sheet hujjatidagi koʻrsatmalardan foydalangan holda standart texnik topshiriqni bajarishni soʻragan.
Biroq hujjat zararli dasturiy taʼminot bilan zararlangan edi.
Vazifani bajarib boʻlgach, nomzod uxlashga yotgan va uygʻonganida onlayn hamyonlaridagi jamgʻarmalari boʻshatib qoʻyilganini koʻrgan.
«Men kompyuterimni tozaladim va barcha parollarimni oʻzgartirdim, ruhan va jismonan charchagan edim», dedi u.
«Menda ishonchsizlik va gʻazab aralashib ketdi — xakerlarga ham, oʻzimga ham. Shuningdek, ular meni qanday qilib tuzoqqa tushirishganini tushunib yetgunimcha hayron boʻlib qoldim».
«Have I Been Squatted» loyihasining kiberxavfsizlik boʻyicha tadqiqotchisi Charli Kelli hujum qanday amalga oshirilganini tahlil qildi va ishga qabul qilish bilan bogʻliq soʻnggi firibgarlik toʻlqinini aniqlash qiyin boʻlganini aytdi.
«Bu shubhali ilovasi boʻlgan, savodsiz yozilgan elektron xat emas edi — bu odam haqiqiy Google sahifalarida, haqiqiy Google tizimiga kirish ortida, haqiqiy ish suhbatiga oʻxshash jarayondan oʻtgan va undan oʻrnatish soʻralgan dasturiy taʼminot xuddi har qanday qonuniy ilova kabi raqamli imzolangan edi».
Jinoyatchilar odamlarni soxta Indeed Interview yoki MyInterview deb nomlangan ilovalar kabi tuzoqli mobil ilovalarni yuklab olishga undash uchun ish suhbatlaridagi hayajon va bosimdan foydalanmoqdalar.
Malwarebytes kiberxavfsizlik kompaniyasining maʼlumotlariga koʻra, soxta rekruterlar quyidagicha koʻrsatmalardan foydalanadilar: «Indeed ilovasini oʻrnatish orqali suhbatni yakunlang» yoki «ilova oʻrnatilgandan soʻng ish haqi toʻgʻrisidagi kelishuv mavjud boʻladi».
Yuklab olingandan soʻng, zararli ilovalar xakerlarga tovlamachilik yoki moliyaviy hujumlarda foydalanish uchun shaxsiy maʼlumotlarga kirish imkonini beradi.
«Indeed platformasi orqali suhbatdan oʻtish toʻliq brauzerda amalga oshiriladi va hech qachon maxsus ilovani yuklab olishni talab qilmaydi», deb yozdi yaqinda kompaniya internetda.
«Ish izlovchidan suhbatda qatnashish uchun ilovani yuklab olishni soʻragan har qanday xabar soxta hisoblanadi».

