Texnologiya

«Qurol sotuvchilar o‘z bolalariga minalar bermaydi» – Kremniy vodiysidagi rahbarlar qanday qilib farzandlarini texnologiyalardan asramoqda?

Amerikadagi IT gigantlarning asoschilari o‘z oilalari haqida gapirganda texnologiyalarga nisbatan ehtiyotkorlikni ochiq namoyon qiladi. Ularning farzandlari uchun texnologiyalar – o‘qituvchi, enaga, chalg‘ituvchi yoki doimiy hamroh emas. Texnologiya ularning hayotida deyarli yo‘qdek. Bolalarning zerikishi esa ijobiy baholanadi.

«Qurol sotuvchilar o‘z bolalariga minalar bermaydi» – Kremniy vodiysi rahbarlari farzandlarini texnologiyalardan qanday himoya qilmoqda?

AQShning Kaliforniya, Kentukki va Nyu-Meksiko shtatlarida bo‘lib o‘tgan sud jarayonlarida «Ijtimoiy tarmoqlar bolalar uchun zararli» degan keskin hukm chiqarildi. Kremniy vodiysi (Silicon Valley) texnologiya sohasida misli ko‘rilmagan darajada hukmronlik qilayotgan bir paytda, uning eng mashhur ishlanmalaridan biri – Meta mahsulotlari o‘ziga jalb qilish xususiyati va sud da’volari bilan ajralib turadi.

Bugun, 18-avgust kuni Kaliforniyaning Oklend shahrida ijtimoiy tarmoqlarga oid so‘nggi sud ishi bo‘yicha ochiq eshituvlar boshlanadi. Kaliforniya va boshqa shtatlar Facebook va Instagram egasi – Meta kompaniyasiga qarshi da’vo qo‘zg‘atgan. Ular kompaniya «yoshlar va o‘smirlarni jalb qilish, ularning e’tiborini tortish va oxir-oqibat o‘ziga bog‘lab qo‘yish uchun kuchli va misli ko‘rilmagan texnologiyalardan foydalangani»ni da’vo qilmoqda. Meta esa bu ayblovlarni rad etmoqda.

New York Times nashrining yozishicha, ijtimoiy tarmoqlar va ekranga qaramlik bo‘yicha Kremniy vodiysidagi bir qator rahbarlarning o‘zlarida ham muammo bor. Xususan, nashr dunyoning eng qudratli IT kompaniyalari rahbarlari o‘z oilasi va farzandlarini raqamli qaramlikdan qanday asrashi haqidagi ma’lumotlarni jamladi.

**Mark Sukerberg**

Meta bosh direktori Mark Sukerberg shunday degandi: «Men umuman olganda, bolalarim uzoq vaqt televizor yoki kompyuter qarshisida o‘tirishlarini xohlamayman». Uning tushuntirishicha, «odamlar bilan muloqot qilish yaxshi, ammo kontentni passiv ravishda iste’mol qilish, «shunchaki bitta videodan boshqasiga o‘tish» – «bir xil ijobiy foyda» bermaydi».

2017-yilda Sukerbergning ikkinchi farzandi tug‘ilganda, u rafiqasi bilan qiziga ochiq xat yozgan. Ular nomada «tashqariga chiqish va o‘ynash uchun vaqt ajratish muhim»ligini ta’kidlashgan. Gullarni hidlashga va barglarni terishga e’tibor qaratgan. Ammo, xatda raqamli texnologiyalar haqida hech narsa tilga olinmaydi.

Nashrning yozishicha, Sukerberg kabi yetakchilar o‘z oilalari haqida tez-tez gapirmaydi. Ammo gapirganda esa texnologiyalarga nisbatan ehtiyotkorliklarini ochiq namoyon qilishadi. Ularning farzandlari uchun texnologiyalar – o‘qituvchi, enaga, barcha maqsadlar uchun chalg‘ituvchi va borib-borib doimiy hamroh kabi rol o‘ynamaydi. Texnologiya go‘yo ularning hayotida deyarli yo‘qdek.

Rahbarlarning bu kabi izohlari odatda o‘ylab o‘tirilmasdan aytiladi yoki bir lahzalik holatni aks ettiradi. Masalan, Sukerberg ham farzandlari haqida yetti yil oldin gapirgan va shundan beri deyarli hech narsa demagan. Meta vakili ham hozirda bu mavzuga izoh bermagan.

**«Haftasiga bir yarim soat» ekran vaqti**

Facebook’ning birinchi tashqi investori va uzoq yillik boshqaruv kengashi a’zosi Piter Til bir necha yil oldin 3,5 va 5 yoshda bo‘lgan farzandlari uchun ekranga qarash vaqtini «haftasiga bir yarim soat» bilan cheklaganini aytgandi. U 2024-yildagi festivalda buni tilga olganida, tomoshabinlar hayratda qolishgan.

Chunki, ko‘pchilik o‘sha yoshdagi bolalar 1,5 soatlik vaqtini – bir kun yoki hatto bir tongning o‘zidayoq ekranga qarab o‘tkazishadi. Til esa o‘zini Kremniy vodiysidagi odatiy ota-ona deb ta’kidlagan: «Ehtimol, IT sohasida o‘z oilalari uchun xuddi shunga o‘xshash ishni qiladigan odamlar ko‘pdir. Bu sizda ba’zi savollarni keltirib chiqarishi mumkin», degandi Til. Ammo, u ham keyinroq NYT elektron pochta orqali yuborgan savollarga javob bermadi.

**«Qurol sotuvchilar o‘z bolalariga mina bermaydi»**

Yillar davomida IT rahbarlarining ogohlantirishlari va ehtiyotkorliklari yig‘ilib bordi. Microsoft hammuassisi Bill Geyts: «Biz bolalarimizga 14 yoshga to‘lgunicha mobil telefon bermadik», degan edi. Google rahbari Sundar Pichayning o‘g‘li 11 yoshda bo‘lganida u «hali ham telefonga ega emas»ligini ta’kidlagan: «Bizda televizorga erkin ruxsat yo‘q», deya qo‘shimcha qilgandi u. Apple rahbari Tim Kuk esa jiyanining ijtimoiy tarmoqqa kirishiga ruxsat bermasligini aytgandi. Hozirgi vaqtga kelib bu taqiqlar – madaniy klishega (hamma tushunadigan va qoliplashgan fikrlar) aylangan.

Masalan, amerikalik ijodkorlar yaratgan «Jasorat» (The Audacity) nomli serialda Kremniy vodiysidagi ziyofatda bir qiz bolaning qo‘lida smartfon borligiga hayron qoladi. «Qurol sotuvchilar o‘z bolalariga minalar bermaydi», deb tushuntiradi u.

**«Past texnologiyali muhitning foydasi»**

Snapchat bosh direktori Evan Shpigel yuqori texnologiyali firmani boshqarishdagi o‘z muvaffaqiyatini – uyidagi past texnologiyali muhit bilan izohlaydi. 1990-yillarda o‘sgan Shpigelga «deyarli o‘smir bo‘lguncha» televizor ko‘rishga ruxsat berilmagan. U oxir-oqibat bu yaxshi ekanini tushunib yetdi. «Men ko‘p vaqtimni shunchaki narsalar yasashga va kitob o‘qishga sarflardim», deydi u.

Shpigel bu an’anani davom ettirishga harakat qildi: 2018-yildagi intervyusida 7 yoshli farzandi uchun haftasiga atigi 90 daqiqa ekran vaqti ajratilganini aytdi. Hozirda uning to‘rt nafar farzandi bor. Shpigelning apreldagi chiqishida aytishicha, 2 yoshli farzandi uchun ekran vaqti «deyarli nol»ga teng. «Biz asosan u bilan birga kitob o‘qishni, o‘ynashni, tashqarini o‘rganishni va shunga o‘xshash narsalarni xohlaymiz. 6 va 7 yoshli bolalarga kamdan-kam hollarda kino ko‘rishlariga ruxsat beramiz. Ammo bulardan tashqari biz ularga telefon yoki shunga o‘xshash narsalarni bermaymiz. Lekin, 15 yoshli farzandim "texnologiyaga to‘liq sho‘ng‘igan», deydi Snapchat rahbari.

**Zerikish va xavotirlar haqida**

2006-yilda YouTube hammuassisi bo‘lgan Stiv Chen o‘tgan yili Stenforddagi talabalarga ma’ruza o‘qidi. U o‘shanda farzandlari oxir-oqibat «15 daqiqadan uzoqroq narsa ko‘ra olmaydigan bo‘lib qolishidan» xavotirda ekanligini aytgandi. «Zamonaviy raqamli muhit bolalarni - hamma narsa 280 belgidan iborat tvit yoki qisqa formatli videoklip shaklida qisqacha bo‘lishini kutishga o‘rgatadi», degandi Chen. Uning maqsadi bolalariga «ishlar qanday qilib sekin va mashaqqatli yo‘l bilan qilinishini» bildirish va o‘rgatish.

Open AI bosh direktori Sem Altman esa yangi ota sifatida o‘zining texnologiyaga nisbatan munosabati tobora chidamliroq bo‘lib borayotganini ta’kidlagan. AI va farzandi masalasida: «o‘g‘limning AI bilan gaplashishiga qachon ruxsat berishimni bilmayman, lekin bu ishni erta emas, kechroq qilishni afzal ko‘rardim», deydi Altman.

Boshqa IT rahbarlari singari Altman ham bolaligida tez-tez zerikkanini va o‘sha paytda buni yomon ko‘rganini qo‘shimcha qildi. Uning aytishicha, aslida bu zerikishlar «juda qimmatli» bo‘lgan. Endi uning o‘zi farzandini tuproq-loy o‘ynashi uchun ko‘chaga chiqarishni intiqlik bilan kutmoqda.

**Google yonida telefonlarsiz maktab**

Google bosh qarorgohidan 3 km uzoqlikda joylashgan Valdorf maktabida (Waldorf School of the Peninsula) telefonlar taqiqlangan. «Telefonning yo‘qligi – chalg‘imaslikni, ijtimoiy tarmoqlardagi xavotirning yo‘qligini va doimiy taqqoslashlar bo‘lmasligini anglatadi. Shunchaki haqiqiy bolalik», deb tushuntiradi maktab o‘z veb-saytida. Valdorfdagi haqiqiy bolalikning narxi - yiliga 47 500 dollargacha boradi.

NYT’ga ko‘ra, maktabdagi boshqaruv kengashining bir qancha a’zolari professional ravishda sun’iy intellekt bilan shug‘ullanishadi. Ammo maktabda «inson ta’limi» foydasiga mashinali o‘qitish minimal darajaga tushirilgan. Maqsad - kelajak elitasini aniq fikrlashga o‘rgatish. «Mashinalar vazifalarni optimallashtirib, qarorlarni avtomatlashtiryapti. Shunday paytda bizning bitiruvchilarimiz 2030-yil va undan keyingi davrlarda yetakchilikni belgilab beruvchi insoniylik qobiliyatlarini rivojlantirmoqda», deyiladi maktab xabarida.

«Texnologiya sohasidagi odamlar buni boshidan tushunib yetgan ko‘rinadi», deydi rassom va kitob sotuvchisi Mara Fat. Nashr bilan gaplashgan Mara xonim 20 yil oldin San-Fransiskodagi Upper Haight mahallasiga dasturchilar ko‘chib kela boshlaganini esga oladi: «Barcha qo‘shnilarimiz shu kompaniyalarda - Facebook, Google va Apple’da ishlashar edi. Ularning hech biri o‘z bolalariga har qanday ekranlar bilan o‘zaro aloqa qilishga ruxsat bermasdi. Ularning barchasi bu narsalar qanchalik qaramlik keltirib chiqarishini va o‘z farzandlarini qanday himoya qilish kerakligini bilishardi», deydi u.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.