Ipak Yuli Bank Yevropaning uchta yetakchi moliya tashkiloti bilan 80 mln dollarlik shartnomalar imzoladi
Ipak Yuli Bank Yevropaning uchta yetakchi moliya tashkiloti - Avstriyaning Oesterreichische Entwicklungsbank AG, Italiyaning Cassa Depositi e Prestiti S.p.A. hamda Lyuksemburgning Allianz Global Investors tomonidan boshqariladigan Allianz Credit Emerging Markets Fund S.A., SICAV-RAIF jamgʻarmasi bilan hamkorlik shartnomalarini imzoladi.

Ipak Yuli Bank Yevropaning uchta yetakchi moliya tashkiloti bilan 80 mln dollarlik kelishuvlar imzoladi
Tuzilgan kelishuvlar doirasida moliyalashtirishning umumiy hajmi 80 million AQSH dollarini tashkil etadi. Ushbu mablagʻlar Oʻzbekiston boʻylab bizneslarni moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirishga yoʻnaltiriladi.
Mablagʻlar, birinchi navbatda, mikro, kichik va oʻrta biznesni moliyalashtirishga sarflanadi.
Tuzilgan kelishuvlar Ipak Yuli Bank’ning Oʻzbekistonda xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash va iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga hissa qoʻshish imkoniyatlarini kengaytiradi. Ajratilgan mablagʻlar energiya samaradorligi va boshqa «yashil» yoʻnalishdagi loyihalarni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, Oʻzbekiston boʻylab ayollar egaligidagi bizneslarni moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Ipak Yuli Bank’ning yangi hamkorlari xususiy sektor va barqaror rivojlanish loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha katta tajribaga ega. OeEB va CDP mos ravishda Avstriya va Italiyaning rivojlanish moliya tashkilotlari bo‘lsa, Allianz Global Investors aktivlarni boshqarish va investitsiya yechimlarini taqdim etishga ixtisoslashgan.
Oesterreichische Entwicklungsbank AG (OeEB) 2008-yildan buyon Avstriyaning rivojlanish banki sifatida faoliyat yuritadi. OeEB rivojlanayotgan mamlakatlarda xususiy sektor loyihalarini uzoq muddatli moliyalashtirishga ixtisoslashgan. Ushbu loyihalar barqaror iqtisodiy rivojlanishga xizmat qiladi.
OeEB moliyaviy yordam bilan birga, loyihalarning ijtimoiy va iqtisodiy taʼsirini oshirishga yordam beradigan texnik koʻmak ham taqdim etadi.

