Intel aksiyalari salbiy prognoz ortidan 23 foizga quladi
AQŞning Intel kompaniyasi aksiyalari kompyuter bozoridagi pasayiş va kelgusi tuşum böyiça salbiy prognoz ortidan 23 foizga arzonlaşdi. Xotira çiplarining taqçilligi va butlovçi qismlar qimmatlaşuvi noutbuk hamda statsionar kompyuterlar savdosiga bosim ötkazmoqda. Kompaniya bu qiyinçiliklar 2027-yilda ham davom etişini kutmoqda.

Intel aksiyalari salbiy prognozdan so‘ng 23 foizga tushib ketdi
Intel hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab shaxsiy kompyuterlar savdosi 2026-yilda 12 foizga, 2027-yilda esa yana 10 foizga qisqarishi mumkin. Bozordagi sustlik kamida kelasi yilning birinchi yarmigacha davom etishi kutilmoqda.
Buning asosiy sabablaridan biri — xotira chiplari yetishmayotgani va ularning narxi keskin oshgani. Noutbuk va statsionar kompyuter ishlab chiqaruvchilari uchun butlovchi qismlar qimmatlashmoqda. Bu tayyor qurilmalar narxini ham oshirib, xaridorlar talabini pasaytiryapti. Natijada kompyuterlar uchun Intel protsessorlariga ehtiyoj ham kamaymoqda.
Aksiyalar qulashiga 29-oktabr kuni asosiy birja savdolari yakunlangandan keyingi qo‘shimcha savdolarda guvoh bo‘lindi. Kompaniya to‘rtinchi chorakda 15–16 milliard dollar tushum olishni prognoz qilgan. Tahlilchilar esa o‘rtacha 17,07 milliard dollar kutgan edi. Bir aksiyaga to‘g‘ri keladigan tuzatilgan foyda prognozi ham kutilmalardan past bo‘lib, 43 sent o‘rniga 25 sentni tashkil etdi.
Shunga qaramay, Intel’ning uchinchi chorak natijalari o‘sishni ko‘rsatgan. Kompaniya tushumi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 21 foizga ko‘payib, qariyb 16,5 milliard dollarga yetgan. Bir aksiyaga to‘g‘ri keladigan tuzatilgan foyda 52 sentni tashkil etib, tahlilchilar kutganidan yuqori bo‘lgan.
Biroq kompaniyaning turli yo‘nalishlarida vaziyat bir xil emas. Ma’lumotlar markazlari va sun’iy intellekt yo‘nalishidagi tushum 78 foizga oshib, 7,3 milliard dollarga yetgan. Shaxsiy kompyuterlar uchun chiplar yo‘nalishida esa tushum 5 foizga kamayib, 8,1 milliard dollarga tushgan.
Ishlab chiqarishdagi uzilishlar ham kompaniya ahvolini qiyinlashtirmoqda. Oktabrda Intel’ning Isroildagi Kiryat-Gat zavodida sodir bo‘lgan, ikki kishi halok bo‘lgan portlash ortidan korxona ikki hafta ishlamagan. Kompaniya bahosiga ko‘ra, bu hodisa ikki chorak davomida jami qariyb 600 million dollarlik tushum yo‘qotilishiga olib kelishi mumkin. Uzilish sun’iy intellekt serverlari uchun chip yetkazib berish imkoniyatlarini ham cheklamoqda.

