Jahon iqtisodiyotida sun’iy intellekt bozori va davlat qarzi
Ushbu xalqaro iqtisodiy yangiliklar dayjestida Xitoy ishlab chiqaruvchilarining sun’iy intellekt uchun mo‘ljallangan chiplar bozoridagi mavqei mustahkamlanayotgani, shuningdek, rivojlangan mamlakatlarda byudjet taqchilligi va davlat qarzi yukining ortishi bilan bog‘liq tendensiyalar yoritilgan.

**Jahon iqtisodiyotida sun’iy intellekt bozori va davlat qarzi**
Xitoy ishlab chiqaruvchilari sun’iy intellekt uchun mo‘ljallangan chiplar bozoridagi o‘z mavqeini tobora mustahkamlamoqda. IDC (International Data Corporation) ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning birinchi yarmida Nvidia kompaniyasining sun’iy intellekt uchun mo‘ljallangan tezlatkichlarini Xitoyga yetkazib berish hajmi 44 foizga kamayib, 678 ming donani tashkil etdi. Amerika kompaniyasining bozordagi ulushi 34 foiz bo‘ldi. Bu pasayish AQSh tomonidan joriy etilgan eksport cheklovlari hamda Xitoyda ishlab chiqarilgan muqobil mahsulotlardan foydalanishning kengayishi bilan izohlanadi.
IDC hisob-kitoblariga ko‘ra, Xitoyning 11 ta kompaniyasidan 9 tasi mahsulot yetkazib berish hajmini o‘tgan yilning shu davriga nisbatan oshirgan. Huawei yetkazib berish hajmini ikki barobardan ziyod ko‘paytirib, 572 ming donaga yetkazgan va bozorning 28 foizini egallagan. Boshqa ishlab chiqaruvchilar orasida T-Head (Alibaba) kompaniyasining bozordagi ulushi 7 foiz, Cambricon — 5 foiz, Kunlunxin (Baidu) — 4 foiz va Hygon — 3 foizni tashkil etgan.
Xitoyda sun’iy intellekt uchun mo‘ljallangan tezlatkichlarni yetkazib berishning umumiy hajmi 2,008 mln donaga teng bo‘lgan. Shu bilan birga, grafik protsessorlar (GPU) yetkazib berish hajmi 26 foizga qisqarib, 991 ming donaga tushgan, ixtisoslashtirilgan tezlatkichlar (Non-GPU) esa qariyb 80 foizga o‘sib, 1,016 mln donaga yetgan va ilk bor grafik protsessorlar yetkazib berish hajmidan oshib ketgan.
Xitoyning to‘rtta kompaniyasi — Huawei, T-Head, Kunlunxin va Cambricon — hissasiga Non-GPU segmentining 95 foizi to‘g‘ri kelgan. Ushbu mahsulotlarning asosiy iste’molchilari davlat muassasalari, internet kompaniyalari va aloqa operatorlari hisoblanadi. IDC baholariga ko‘ra, raqobatda asosiy e’tibor protsessorlar unumdorligidan hisoblash klasterlarining samaradorligiga ko‘chmoqda.
Rivojlangan mamlakatlarda byudjet taqchilligi COVID-19 pandemiyasidan keyingi eng yuqori darajaga yetadi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilda rivojlangan mamlakatlar tomonidan sof davlat qarz mablag‘larini jalb qilish hajmi YaIMning 5,2 foiziga yetishi kutilmoqda. Bu COVID-19 pandemiyasi sababli byudjet xarajatlari keskin oshgan 2021 yildan buyon eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Jamg‘arma prognozlariga ko‘ra, byudjet taqchilligining eng yuqori darajasi AQSh va Xitoyda kuzatilishi kutilmoqda. Ushbu mamlakatlarda taqchillik YaIMning qariyb 8 foizini tashkil etishi yoki undan oshishi mumkin. Byudjet taqchilligining ortishi davlat qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlari va yangi qarz mablag‘larini jalb qilishga bo‘lgan ehtiyojning ko‘payishi bilan birga kechmoqda.
XVJ baholariga ko‘ra, 2025 yilda jahon YaIMning qariyb 94 foizini tashkil etgan global davlat qarzi 2029 yilga borib 100 foizga yetishi mumkin. Bu ko‘rsatkich Ikkinchi jahon urushi tugaganidan buyon qayd etilgan eng yuqori darajalarga yaqinlashadi.
XVJ davlat qarzi yuki va qarz jalb qilish hajmining ortishi hukumatlarning qo‘shimcha xarajatlarni moliyalashtirish hamda iqtisodiy inqirozlarga qarshi choralar ko‘rish imkoniyatlarini cheklashi haqida ogohlantirmoqda. Jamg‘arma davlat moliyasining barqarorligini ta’minlash uchun izchil byudjet konsolidatsiyasini amalga oshirishni tavsiya etmoqda.

