Mahalliy

«Inson huquqlari sohasida orqaga ketishning oldini olish uchun barcha saʼy-harakatlarni amalga oshirish zarur» — BMT vakili

Geopolitik qarama-qarshilik inson huquqlarini himoya qilish borasidagi taraqqiyotga tahdid solmoqda, deya ogohlantirdi BMT Qoʻmitasi aʼzosi Toshkentdagi forumda. Inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumi ishtirokchilari sudlar mustaqilligi, qiynoqlar va kamsitishlardan himoyalanish, shuningdek, xalqaro kafolatlar va amaliyot oʻrtasidagi tafovutni muhokama qildilar.

«Inson huquqlari sohasida orqaga ketishning oldini olish uchun barcha saʼy-harakatlarni safarbar etish zarur» — BMT vakili

Fuqarolik va siyosiy huquqlarning xalqaro kafolatlari qoʻllanilishini qanday taʼminlash masalasi 28–29 sentyabr kunlari Toshkentda oʻtkazilgan Inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumida muhokama qilindi.

BMT Inson huquqlari boʻyicha qoʻmitasi aʼzosi Karlos Ramon Fernandes Lyesa Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro paktni xalqaro huquqning poydevor toshlaridan biri deb atadi.

Uning soʻzlariga koʻra, paktda mustahkamlangan koʻplab huquqlarning amalga oshirilishi demokratiya holatiga, hokimiyatlar boʻlinishiga, sudlar mustaqilligiga va kuch ishlatar tizimlar faoliyatiga bogʻliq. Shu bilan birga, u BMTga aʼzolik ham, paktda ishtirok etish ham davlatni biror-bir muayyan demokratik boshqaruv tizimiga amal qilishga majburlamasligini taʼkidladi.

«Siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy tizimlarni erkin tanlash printsipi dunyoda demokratiyaning yagona modeli yoʻqligini anglatadi», — dedi BMT Qoʻmitasi aʼzosi.

U paktning vazifasini, siyosiy rejim xususiyatidan qatʼi nazar, barcha mamlakatlarda huquqlarni himoya qilish standartlarini oshirish bilan bogʻladi. Hujjatning oʻzini esa Fernandes Lyesa oʻzgarib borayotgan dunyo bilan birga oʻzgarishi kerak boʻlgan «jonli vosita» deb atadi.

Biroq bunday rivojlanish uchun davlatlarning keng konsensusi zarur. Ekspertning baholashicha, bunga erishishga hozirgi qutblashish xalaqit bermoqda.

«Xalqaro hamjamiyat geosiyosiy qarama-qarshilik va koʻp tomonlama hamkorlikning zaiflashuvi davrini boshdan kechirmoqda. Suverenitet va alohida manfaatlarni umumiy manfaatlardan ustun qoʻyish tendentsiyasi kuzatilmoqda», — dedi u.

Fernandes Lyesa inson huquqlarini qoʻllab-quvvatlashning susayishi xavfidan ogohlantirdi va erishilgan kafolatlarning yoʻqotilishiga yoʻl qoʻymaslikka chaqirdi.

«Ushbu oʻtish davrida erishilgan qadriyatlardan voz kechish va inson huquqlari sohasida orqaga ketishning oldini olish uchun barcha saʼy-harakatlarni safarbar etish zarur», — deya taʼkidladi ekspert.

Oʻzbekiston Oliy sudi raisining birinchi oʻrinbosari Alisher Usmonov inson huquqlarining amaliy himoyasini, eng avvalo, sud mustaqilligi, adolatli sud muhokamasi va buzilgan huquqlarni tiklashning samarali mexanizmlari bilan bogʻladi.

«Xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka joriy etish, shubhasiz, muhim. Biroq ularning amaliy samaradorligi bevosita sudlar tomonidan qoʻllanilishiga bogʻliq», — deb qayd etdi u.

Alisher Usmonov sud himoyasining konstitutsiyaviy kafolatlari, maʼmuriy sudlarning tashkil etilishi va 2025 yil 1 yanvardan tergov sudyalari faoliyat boshlashini eslatib oʻtdi. Uning soʻzlariga koʻra, tergov sudyalari sudgacha boʻlgan bosqichda shaxsning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini cheklash bilan bogʻliq protsessual masalalarni koʻrib chiqishda inson huquqlariga rioya etilishi ustidan mustaqil sud nazoratini taʼminlaydi.

«Jinoyat ishini koʻrib chiqishda sud nafaqat ayblovning asosliligini tekshirishi, balki dalillar qonuniy usullar bilan olinganmi, shaxsning himoyalanish huquqi taʼminlanganmi va sudgacha boʻlgan ish yuritish davomida uning konstitutsiyaviy huquqlari buzilmaganmi, degan masalalarga ham baho berishi kerak», — dedi Oliy sud raisining birinchi oʻrinbosari.

U sudlar uchun bu ishda pakt qoidalari, shuningdek, BMT Inson huquqlari boʻyicha qoʻmitasining huquqiy xulosalari va tavsiyalari moʻljal boʻlib xizmat qilishi kerakligini taʼkidladi.

Alisher Usmonov xalqaro shartnomaviy organlarning pozitsiyalarini tizimli oʻrganish, ularni sudyalarni kasbiy tayyorlash dasturlariga kiritish va sud qarorlarida xalqaro normalarni qoʻllashni rivojlantirish zarurligini koʻrsatib oʻtdi.

Tilburg universiteti jinoyat huquqi kafedrasi dotsenti Polin Yakobs oʻz chiqishini mahkumlar va jazoni oʻtayotgan shaxslarning qamoqxonadagi sharoitlar ustidan shikoyat qilish imkoniyatlariga bagʻishladi.

«Shikoyatlarni koʻrib chiqish mexanizmlari ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarni qiynoqlardan, shafqatsiz va qadr-qimmatni kamsituvchi muomaladan himoya qilishning asosiy kafolatlaridan biridir», — deya taʼkidladi u.

Bunday murojaatlar xodimlarning noqonuniy xatti-harakatlari, saqlash sharoitlarining yomonligi, mashgʻulotlarning yoʻqligi yoki tibbiy yordamning yetarli emasligi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Yakobsning soʻzlariga koʻra, shikoyatlarga jiddiy yondashish keskinlikni kamaytirishga hamda mahkumlar va xodimlar oʻrtasida munosabatlarni yoʻlga qoʻyishga yordam beradi.

Qiynoqlarning oldini olish boʻyicha Yevropa qoʻmitasi standartlari va Yevropa penitentsiar qoidalariga tayanib, u bunday mexanizm ishlashi uchun zarur boʻlgan shartlarni sanab oʻtdi: qulaylik, maxfiylik, koʻrib chiquvchi organning mustaqilligi, oʻz vaqtida koʻrib chiqilishi va yuridik yordam olish imkoniyati.

«Mahkumlar tartib-taomillar haqida oʻzlari tushunadigan tilda ham ogʻzaki, ham yozma maʼlumot olishlari kerak. Shikoyat blankalari oson topiladigan boʻlishi, shikoyat berish uchun zarur boʻlgan barcha materiallar esa erkin foydalanishda boʻlishi lozim», — dedi tadqiqotchi.

Murojaatning oʻzi shaxs uchun yangi xavf-xatarlarni keltirib chiqarmasligi ayniqsa muhimdir.

«Tartib-taomil maxfiy va xavfsiz boʻlishi kerak. Shikoyat berish qoʻrqitish yoki javob choralari bilan kuzatilmasligi lozim. Bu shikoyat qilgan mahkumning zarariga ishlamasligi kerak», — deb taʼkidladi Yakobs.

Niderlandiyada, uning soʻzlariga koʻra, qamoqxona boshligʻining qarorlari yoki uning nomidan qabul qilingan qarorlar ustidan shikoyatlarni qamoqxona maʼmuriyati bilan aloqasi boʻlmagan mustaqil komissiya koʻrib chiqadi. Mexanizm kompensatsiya olish imkoniyatini, jumladan, mahkumlar uchun qoʻshimcha uchrashuvlar yoki telefon qoʻngʻiroqlari shaklida nazarda tutadi.

Ushbu kafolatlar konkret ishlarda qanchalik qoʻllanilayotgani haqida oʻzbekistonlik munozara ishtirokchilari gapirdilar.

«Ilm nuri markazi» NNT raisi oʻrinbosari, huquqshunos Gulnora Ishanxanova sudyalar tomonidan BMT Inson huquqlari boʻyicha qoʻmitasi qarorlari va uning asoslarini oʻrganish muhimligini taʼkidladi. U, shuningdek, nodavlat tashkilotlar mamlakatning xalqaro majburiyatlarni bajarishi toʻgʻrisida muqobil maʼruzalar taqdim etishi mumkinligini eslatib oʻtdi.

U alohida tarzda sudlarning qiynoqlar haqidagi xabarlarga munosabati masalasini koʻtardi.

«Biz, albatta, sudyalarimizning qiynoqlar toʻgʻrisidagi arizalarga munosabat bildirishini juda xohlaymiz», — dedi Ishanxanova va bunday arizalarni tekshirish hamda olingan koʻrsatmalarning maqbulligi masalasini hal qilish zarurligini koʻrsatib oʻtdi.

Advokat Tamila Rahmatullayeva xalqaro tashkilotlar va Advokatlar palatasi sudyalar va huquqshunoslar uchun xalqaro huquqiy normalar boʻyicha oʻquvlar oʻtkazayotganini, biroq, uning baholashicha, amaliyot hali ham ularni toʻliq qoʻllashdan yiroq ekanini qayd etdi.

«Men sud xalqaro pakt normalariga havola qilgan birorta ham sud qarorini koʻrmadim, vaholanki oʻzimning barcha hujjatlarimda ushbu normalarga havola qilaman», — dedi advokat.

Konstitutsiyada mustahkamlangan kafolatlarni ijobiy baholab, Rahmatullayeva ularni sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida faolroq qoʻllashga chaqirdi.

«Konstitutsiyamizda bularning barchasi mustahkamlab qoʻyilgani davlatimizning ulkan yutugʻidir, lekin biz buni amaliyotda koʻrishni istaymiz», — dedi advokat.

Sessiya moderatori, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov xalqaro normalar milliy qonunchilikka allaqachon kiritilganini taʼkidladi. U, shuningdek, milliy qonunchilik bilan ziddiyat yuzaga kelgan taqdirda, xalqaro shartnomaviy normalar ustuvorligini eslatib oʻtdi.

Vengriya Asosiy huquqlar boʻyicha vakili (ombudsman) ofisining teng muomala masalalari boʻyicha bosh direktori Yanosh Videmann kamsitishdan himoyalanishning maʼmuriy tartib-taomili haqida gapirib berdi.

Uning doirasida isbotlash majburiyati ariza beruvchi zimmasiga tushmasligi kerak: unga oʻziga zarar yetkazilgani va qonunbuzarlik paytida qonun bilan himoyalanadigan belgiga — masalan, jinsi yoki nogironligiga ega boʻlganining haqiqatga yaqinligini koʻrsatish kifoya. Ikkinchi tomon esa, oʻz navbatida, koʻrsatilgan holatlar mavjud boʻlmaganini, teng muomala talabiga rioya qilinganini yoki tegishli munosabatlarga tatbiq etilmaganini isbotlashi kerak.

Qonunbuzarlik aniqlangan taqdirda, ombudsman noqonuniy vaziyatni bartaraf etishni talab qilishi, tegishli harakatlarning takrorlanishini taqiqlashi, jarima belgilashi yoki yakuniy qarorni eʼlon qilish toʻgʻrisida buyruq berishi mumkin. Qaror ustidan sudga shikoyat qilish mumkin.

Videmannning soʻzlariga koʻra, aniqlanadigan qonunbuzarliklar orasida nogironlik belgisi boʻyicha kamsitish, jumladan, toʻsiqsiz foydalanish imkoniyati taʼminlanmagani eng koʻp uchraydi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.