Inson huquqlari boʻyicha V Samarqand forumiga faol tayyorgarlik koʻrilmoqda
Joriy yilning 28–29 sentyabr kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida inson huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirish, barqaror rivojlanish hamda xalqaro hamkorlikning dolzarb masalalari boʻyicha ekspertlar muloqoti uchun nufuzli xalqaro maydon hisoblangan V Samarqand inson huquqlari forumi boʻlib oʻtadi. V Samarqand forumining mavzusi — «Inson huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro paktlarga 60 yil va Taraqqiyot huquqi toʻgʻrisidagi Deklaratsiyaga 40 yil: […]

V Samarqand inson huquqlari forumiga faol tayyorgarlik koʻrilmoqda
Joriy yilning 28–29 sentyabr kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida inson huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirish, barqaror rivojlanish hamda xalqaro hamkorlikning dolzarb masalalari boʻyicha ekspertlar muloqoti uchun nufuzli xalqaro maydon hisoblangan V Samarqand inson huquqlari forumi boʻlib oʻtadi.
V Samarqand forumining mavzusi — «Inson huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro paktlarga 60 yil va Taraqqiyot huquqi toʻgʻrisidagi Deklaratsiyaga 40 yil: qadr-qimmat, tenglik va barqaror taraqqiyot yoʻlida global sheriklik».
Hozirgi vaqtda Oʻzbekistonda forumni oʻtkazishga faol tayyorgarlik koʻrilmoqda. Uning ishida xalqaro tashkilotlar, davlat organlari, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar vakillari, yetakchi ekspertlar, olimlar va dunyoning turli mamlakatlaridan fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
Soʻnggi oʻn yillikda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi Oʻzbekistonda inson huquqlari sohasidagi eng dolzarb masalalarga bagʻishlangan xalqaro Samarqand forumlarini oʻtkazish ezgu anʼanaga aylandi.
Samarqand ochiq va konstruktiv xalqaro muloqot maydoni sifatida oʻz mavqeini izchil mustahkamlab bormoqda. Bu borada ilk bor 2018 yilda Oʻzbekistonda boʻlib oʻtgan Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumi doirasida belgilangan «Samarqand ruhi» alohida ahamiyatga ega.
Davlat rahbarining murojaatlari va nutqlarida «Samarqand ruhi» oʻzaro ishonch, teng huquqli sheriklik muhitini shakllantirishga hamda inson huquqlari sohasidagi global tahdidlarga birgalikda yechim izlashga xizmat qilishi bir necha bor taʼkidlangan.
V Samarqand forumi inson huquqlarini himoya qilish xalqaro tizimi tarixidagi muhim yubiley sanariga bagʻishlangan.
2026 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining ikkita asosiy hujjati — BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1966 yil 16 dekabrda qabul qilingan Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt qabul qilinganiga 60 yil toʻladi.
Bundan tashqari, joriy yilda inson va xalqlarning iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va siyosiy taraqqiyotda ishtirok etish hamda uning natijalaridan foydalanish huquqini mustahkamlagan BMTning Taraqqiyot huquqi toʻgʻrisidagi Deklaratsiyasi qabul qilinganining 40 yilligi nishonlanmoqda.
V Samarqand forumini oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 16 fevraldagi «Ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha islohotlar dasturlari va «Oʻzbekiston — 2030» strategiyasini «Mahalla va butun jamiyatni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida»gi Farmoni ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.
Forumning bosh gʻoyasi — inson qadr-qimmati, tenglik va barqaror taraqqiyot yoʻlida global sheriklikni mustahkamlashdan iborat.
Muhim yubiley sanalari yilida V Samarqand forumining oʻtkazilishi Oʻzbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga izchil sodiqligini hamda global huquqni himoya qilish muloqotini rivojlantirishga konstruktiv hissa qoʻshishga intilishini tasdiqlaydi.

