“Inson hayoti arzimas narsa, toki bu shaxsan sening boshingga tushmaguncha” — Anna Politkovskaya
BBC 20 yil oldin 7-oktabr kuni suiqasd qurboni bo‘lgan taniqli rus jurnalisti, inson huquqlari himoyachisi, Rossiya hukumatini ochiq tanqid qilgani bilan tanilgan Anna Politkovskayaning so‘nggi intervyularidan birini e’lon qildi. Gazeta ushbu material tarjimasini taqdim etadi.

“Inson hayoti arzimas narsa, toki bu shaxsan sening boshingga tushmaguncha” — Anna Politkovskaya
7-oktabr kuni BBC taniqli rus jurnalisti va inson huquqlari himoyachisi Anna Politkovskayaning so‘nggi intervyularidan birini e’lon qildi. Chechenistondagi inson huquqlari buzilishi holatlarini surishtirgani va Rossiya hukumatini ochiq tanqid qilgani bilan tanilgan Politkovskaya 20 yil oldin aynan shu sanada suiqasd qurboni bo‘lgan. Intervyu Politkovskaya vafotidan keyin 2006-yil noyabrida BBC telekanallarida ingliz tilida berilgan edi. Uning rus tilidagi asl nusxasi esa yaqinda e’lon qilindi. Gazeta BBC intervyusi matnini taqdim etadi.
Anna Politkovskaya jurnalistlik faoliyatini avval “Izvestiya” va “Obaya gazeta” nashrlarida boshlagan. 1999-yildan umrining oxirigacha esa “Novaya gazeta”da maxsus muxbir va sharhlovchi bo‘lib ishlagan. Uning asosiy surishtiruv mavzusi Ikkinchi Checheniston urushi edi. Jurnalist urush hududiga bir necha bor borib, tinch aholiga nisbatan zo‘ravonlik, qiynoqlar, filtratsiya lagerlari va bedarak yo‘qolgan odamlar haqida yozgan. Qisqasi, u rasmiy manbalar yashirgan haqiqatni ommaga ochishga urinardi. Shu tariqa Politkovskaya Rossiyada mustaqil matbuot ramziga aylandi.
Bu faoliyat, albatta, javobsiz qolmadi: jurnalistni hibsga olishdi, qatl etish bilan qo‘rqitishdi, zaharlashdi. 2006-yil 7-oktabrda Politkovskaya Moskvadagi uyining liftida otib o‘ldirildi. Qotillikni amalga oshirganlar sudlanib, javobgarlikka tortildi. Shunga qaramay, buyurtmachi shaxs rasman hanuz aniqlanmagan.
2006-yilda, ya’ni Politkovskaya o‘limidan sal oldin, bu intervyu yozib olingan paytda Vladimir Putin hokimiyatga kelganiga olti yil bo‘lgan edi. Chechenistondagi urushning eng qizg‘in pallasi ortda qolgan bo‘lsa-da, urush hali davom etardi. 1999-yildagi turar joylar portlatilishi, Nord-Ost va Beslandagi garovga olishlar, yo‘lovchi samolyotlar hamda metrodagi portlashlardan keyin Rossiyani teraktlar larzaga solishda davom etayotgan davr edi. O‘shanda Putinning ikkinchi muddati tugashiga hali ikki yil bor edi va Konstitutsiyaga ko‘ra bu uning oxirgi muddati bo‘ladi, degan tasavvur mavjud edi.
O‘sha davrdagi Putin siyosatini baholar ekan, Politkovskaya bu siyosat mamlakatda endigina shakllanayotgan demokratiyani “o‘ldirayotgani”, uning yaratgan muammolarini esa keyingi avlodlar juda katta kuch sarflabgina bartaraf eta olishini aytgan.
“Demokratiya tug‘ilayotgandi. Lekin u demokratiyani o‘ldiryapti. Uning Kremldagi yillari shunga olib keladiki, davlatimiz fuqarolarining keyingi avlodi bu muammolardan xalos bo‘lish uchun juda katta ishlarni amalga oshirishiga to‘g‘ri keladi. Mana, u oilaning otasi. U o‘z farzandlariga nima qoldiryapti? Agar mana shu ahvolni qoldirayotgan bo‘lsa, u yomon ota. Agar u o‘zidan keyin mustahkam axloqiy asoslarga ega, oilaning moddiy ta’minoti uchun yaxshi bazani qoldirsa, u yaxshi odam. Hozir ijobiy deb hisoblash mumkin bo‘lgan hech narsa yo‘q”, — deydi Politkovskaya.
U mamlakatda Putinga xayrixoh odamlar ko‘p bo‘lsa-da, 2004-yildagi saylovlar soxtalashtirilmaganiga shubha bilan qarashini bildiradi.
“Stalincha fikrlashning qoldiqlari ko‘p odamlarda hali ham juda kuchli. Buyuk derjavadek fikrlash, imperiyadek fikrlash. Bu odamlar, albatta, Putinga ovoz berishgan. Lekin, o‘ylashimcha, saylovlar baribir soxtalashtirilgan”, — deya ta’kidlaydi jurnalist.
Ikkinchi Chechen urushi 1999-yil avgustida boshlanadi. Uning ilk kunlaridanoq Politkovskaya Shimoliy Kavkazga yo‘l olgan. Keyingi yillarda ham u Chechenistondagi urush hududiga borib, aziyat chekayotgan tinch aholi, yaradorlar, qochqinlar va urushning respublikadan tashqaridagi aks-sadosi haqida o‘nlab maqolalar yozdi. Chechenlar uni ochiq va xolis maqolalari uchun juda hurmat qilishardi. Jurnalistning intervyuda aytishicha, Putin davlat boshiga kelganida Chechenistonda tinchlik bo‘lishini istamagan.
2004-yil 3-sentabr. Beslan shahridagi 1-sonli maktabga shturm.
“Yelsin, o‘zining dahshatli, ba’zan juda og‘ir xatolariga qaramay, qaysidir bosqichda matbuotga quloq solardi va urush tinchlik bitimi bilan nihoyasiga yetdi. To‘g‘ri, keyin bu bitimning ijrosi bo‘yicha muammolar chiqdi. Bunga qo‘shilaman. Lekin bularning hech birini Putinning qilmishlariga qiyoslab bo‘lmaydi. U ikkinchi Chechen urushini boshladi va boshidanoq tinchlik bo‘lmasligini e’lon qildi. Kim qanday harakat qilmasin, qanday da’volar keltirmasin, u faqat kuchga tayandi. Boshqa hech narsaga emas”, — deydi u.
Politkovskayaning fikricha, Chechenistondagi urush bo‘yicha Putinning qarorlari mantig‘i hech kimning oldida bo‘yin egmaslik va bu yo‘lda hech qanday qurbonlikni hisobga olmaslikka asoslangan. “Oddiy aholi orasidagi qurbonlar umuman hisobga olinmadi. Mana shu tamoyillar bilan uni mutlaq qonuniy urush deb ko‘rishadi”.
1995-yil, Grozniy.
BBCga ko‘ra, Putin boshqaruvining ilk yorqin hodisalaridan biri NTVga uyushtirilgan reyd bo‘lgan. Telekanalda Putinning Chechen urushidagi mavqeyi va Kursk suvosti kemasi cho‘kishiga munosabati tez-tez tanqid qilinar edi. Kanalning dam olish kunlari namoyish etiladigan qo‘g‘irchoq teatri dasturlarida yetakchi siyosatchilar parodiya qilinardi.
“NTV xususiy telekanal edi. Unga oligarx Vladimir Gusinskiy egalik qilgan. Putinning birinchi inauguratsiyasidan atigi to‘rt kun o‘tib NTV ofisiga FSB, prokuratura va soliqchilar yopirildi. Jurnalistlarni so‘roqqa chaqirishdi. Jurnalistlar va jamoatchilik protestlariga qaramay, 2001-yilda NTV davlatning „Gazprom“ shirkati qo‘liga o‘tdi. Putin birinchi muddatining oxiriga borib, Rossiyada yirik xususiy telekanallar qolmadi”, — deya hikoya qiladi BBC.
Politkovskayaning aytishicha, Putin siyosiy dastursiz hokimiyatga kelgach, uni fosh qilishi mumkin bo‘lgan ochiq va mustaqil matbuotni yo‘q qilgan.
“U hech qanday dastursiz prezident bo‘ldi. Hech qanday va’dalarsiz. Agar mustaqil televideniye bo‘lganida Putinni yanchib tashlagan bo‘lardi. Bu kundek ravshan, — deydi Politkovskaya. — U hech qanday debatlarda qatnashmadi, chunki bu uning qo‘lidan kelmaydi. Debat qiladigan dasturi yo‘q. Undagi shovinistik va imperialistik moyilliklarni demokratik va mustaqil matbuot fosh qilib tashladi. Bu balki uning o‘zining g‘oyalaridir yoki eng yaqin siyosiy maslahatchilariniki. U har qanday to‘sqinlikni yo‘q qilishga kirishdi va buning uddasidan chiqdi. Tanqidchilar yo‘qoldi va maddohlar ko‘paydi. U nima qilsa, olqishlandi. Televideniye esa Sovet Ittifoqi davridagidek bo‘lib qoldi”.
Ikkinchi Chechen urushi o‘rtalariga kelib, Politkovskaya nafaqat jurnalist, balki jamoatchilik arbobi ham bo‘lib ulgurgan edi, deydi BBC. 2002-yil oktabrida Dubrovkadagi teatr garovga olinganida Politkovskaya qo‘rqmasdan binoga kirib boradi. Chechenlar aynan uning muzokarada qatnashishini talab qilishadi. U garovdagilarga suv olib kiradi va teatrni garovga olganlarning talablarini yetkazadi. Ular Putindan Chechenistondagi urushni to‘xtatishga va’da berishini so‘rashgandi.
“Hammamiz bu bir burilish nuqtasi bo‘ladi deb o‘ylagandik. Bu tarzda davom etishi mumkin emas. Bu kabi voqea qaytarilmasligi uchun davlat darajasida qarorlar qabul qilinadi deb o‘ylaganman. Lekin qattiq adashgan ekanman. Chunki odamlar bu holatga tushishining oldini olish uchun bironta davlat qarori chiqmadi. Aksincha, ularning ta’biri bilar aytganda, terrorchilikka qarshi kurash boshlandi va u, ayniqsa, Ingushetiya va Checheniston uchun butkul Stalincha qoidalarni ishga soldi — Stalincha qatag‘onlarni”, — deya eslaydi u.
Politkovskayaning fikricha, bunday siyosat terrorchilikni tug‘diradi. Yaqinlari o‘g‘irlab ketilgan yoki o‘ldirilgan chorasiz oilalarning o‘z yaqinlarini topish yoki ularning jallodlariga qarshi adolat izlab murojaat qiladigan joyi yo‘q edi. Shundan keyin Chechenistonda allaqachon kichik teraktlar va xudkush hujumlar sodir bo‘lib kelayotgandi.
Nord-Ost voqealari esa, uning qayd etishicha, ana shu hodisalarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Nord-Ost voqealari “hammaning qarashlarini o‘zgartirishi, mudrab yotganlarning ham ko‘zini ochishi” mumkin, hatto kerak edi. Ammo bunday bo‘lmadi. Politkovskayaning aytishicha, Putinni xalq manfaatlari yo‘lida, jamoatchilik xavfsizligi uchun qarorlar qabul qilishga majburlashi mumkin bo‘lgan xalq g‘azabi yuzaga chiqmagan.
“Jamoatchilik xavfsizligi nima? Bu teraktlarni bartaraf qilishga qaratilgan siyosat. Bunday siyosat bo‘lmadi. Aksincha, qat’iylashtirish boshlandi. Ingushetiyada bu siyosatdan qasd olishni istaganlar yanada ko‘paydi”, — deya ta’kidlaydi jurnalist.
Politkovskayaning fikricha, Beslan voqealari bevosita Nord-Ostning davomi bo‘lgan. Buni jurnalist davlatning eng yuqori rahbariyati teraktning sabablari, bu odamlarning kimligi va nima sababdan bunday teraktni amalga oshirganini tushunishga urinmagani, shuningdek, terrorizmni bartaraf qilishga qaratilgan qonunlar qabul qilmagani bilan izohlaydi. Beslanda bolalarning garovga olinishi ham, uning fikricha, shu bilan bog‘liq.
“Biz terrorchilar bilan muzokara qilmaymiz, aql bilan muloqot qilmaymiz. Mayli, odamlar o‘la qolsin, deyishdi. Putin ojiz ekanini anglamasliklari uchun hech kim bilan muzokara qilmadi”, — deydi u.
U Nord-Ost va Beslandagi voqealarda vaziyatdan chiqishga nima to‘sqinlik qilgani haqida gapirar ekan, Putinning sobiq KGB ofitseri ekanini eslatadi.
“U har bir inson yashash huquqiga ega ekanini, inson qandaydir mexanizmdagi qum zarrachasi emasligini tushunmaydi. Beslanda, Nord-Ostda halok bo‘lgan har bir inson o‘z-o‘zicha qadrli, — deya tushuntiradi Politkovskaya. — Putin buni shunchaki tushunmaydi. Uning o‘z mantig‘i bor. Bu Sovet davri KGB ofitserining mantig‘i… U xalqni tushunmaydi. U haqiqiy Sovet KGB ofitseri. Biroz antisemit, biroz fashist va unchalik aqlli emas… U insonning huquqlari borligini tushunmaydi”.
“Bunday qarashlarga mamlakatimizda juda ko‘p odamlar amal qiladi, juda ko‘pchilik. — deydi Politkovskaya afsus bilan. — Ya’ni inson hayoti arzimas narsa, toki bu shaxsan sening boshingga tushmaguncha. Men kundalik ishimda bunga doimo duch kelaman. Bu gaplarni halok bo‘lgan askarlarning onalaridan, militsiyada qiynoqqa solingan odamlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillaridan doimo eshitaman. Ular deyarli har doim ha, biz hamma narsa to‘g‘ri bo‘lyapti deb o‘ylardik, to bu kulfat o‘z boshimizga tushguniga qadar, deyishardi. Mana shu Stalincha psixologiya hali ham yashayapti”.
“Xalq unga yana to‘rt yillik muddat berganini qanday izohlaysiz?” degan savolga javoban Politkovskaya uni xalq emas, amaldorlar saylaganini aytadi. Aslida esa, uning fikricha, Putinga nisbatan xalq orasida kuchli norozilik mavjud.
“Men uni xalq saylagan deb hisoblamayman. Uni amaldorlar saylagan. U amaldorlarni juda ustalik bilan boqadi va korrupsiya gullab-yashnashi uchun sharoit yaratib beradi. Amaldorlar esa ulkan bir tabaqa. Ular oilalari bilan birga millionlab kishini tashkil qiladi. Menimcha, Putindan norozilik juda kuchli. Har holda men har kuni undan norozi bo‘lgan odamlar bilan muloqot qilaman”, — deya tushuntiradi u.
Bundan tashqari, Politkovskaya Putin davridagi barqarorlik uning siyosati bilan bevosita bog‘liq emasligini ta’kidlaydi. U mamlakatdagi barqarorlikni neftning yuqori narxi bilan bog‘laydi va neft narxi pasayishi haqida o‘ylasa, xavotirga tushishini aytadi.
“Barqarorlik neft narxining yuqoriligi tufayli yuzaga kelgan. Bizda neft bor. Neft narxi yuqori va shuning hisobiga hamma narsa gullab-yashnayapti… Neft narxi tushib ketadigan paytni o‘ylashning o‘zi men uchun qo‘rqinchli. Chunki o‘sha zahoti hamma narsa qulay boshlaydi. Biz xomashyoga qaram mamlakatmiz… Men biznes olamidagi odamlar bilan muloqot qilaman. Ular hamma narsani mamlakatdan olib chiqib bo‘lishgan. Hech narsa qolmagan. Hamma o‘z sarmoyasini mamlakatdan olib chiqib ketish orqali saqlayapti. Ilgari qanday bo‘lgan bo‘lsa, hozir ham shunday davom etyapti”, — deydi jurnalist.
Politkovskayaning ta’kidlashicha, har qanday davlat rahbari o‘z xalqi haqida qayg‘urishi kerak.
“Meni eng avvalo o‘z prezidentimizdan hafsalam pir bo‘lgan. G‘arb o‘z odamlari haqida qayg‘uradi va to‘g‘ri qiladi. Har qanday hukmdor shunday qilishi kerak. Lekin men bir narsani tushunmayman. Nega bizning prezidentimiz o‘z fuqarolariga mutlaqo befarq? U o‘z fuqarolarining qadr-qimmatini anglamaydi. Mana shu uning eng katta xatosi. U o‘zi xizmat qilgan tizimning ofitseri, tushunyapsizmi, u yerda shaxs degan tushuncha yo‘q. U mutlaqo boshqa qarashning tashuvchisi. Shaxs yo‘qmi, demak uning manfaatlari ham mavjud emas. Menimcha, u KGBda ishlagan davrida orttirgan ana shu tajribasidan hali ham xalos bo‘la olmagan”.
Yigirma yil avval yozib olingan bu intervyu yakunida jurnalist Politkovskayadan Putin tarixda qanday iz qoldirishi so‘ralgan edi. Politkovskaya Putin hokimiyatining oqibatlari haqidagi o‘ylar unda chorasizlik hissini uyg‘otishini aytgan.
“Hozir mamlakatni o‘zgartirish uchun juda oz vaqt qoldi. Shuning uchun u o‘zidan OAV tor-mor qilingan, kuchli fashistik kayfiyat mavjud bo‘lgan, sarmoyalar mamlakat tashqarisiga olib chiqib ketilgan, xomashyoga asoslangan iqtisodiyoti sun’iy ravishda shishirilgan va sanoat ishlab chiqarishi hali ham vayron ahvolda bo‘lgan neosovet mamlakatni qoldiradi. Yana kamida yigirma yil davomida terakt sodir etishni istaydigan odamlar mavjud bo‘ladi. Shuning uchun, masalan, men Putinning Rossiyadagi hukmronligi oqibatlari haqida o‘ylaganimda meni qamrab oladigan chorasizlik hissi, asosiy hal qiluvchi his — mana shu, — deydi Politkovskaya. — Gap uning yaxshi yoki yomon odam ekanida emas. Mamlakatni mana shunday ahvolga keltirish uchun juda ko‘p qadamlar tashlagan inson tarixda ijobiy natija bilan qolishi mumkin emas. Shunchaki mumkin emas”.

