Infografika: Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon bilan hamkorligi
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan iqtisodiy hamkorligi sezilarli darajada kengaydi va mustahkamlandi, bu nafaqat Oʻzbekiston, balki mintaqaning boshqa mamlakatlarida ham barqaror iqtisodiy oʻsishga xizmat qildi.

Infografika: Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon bilan hamkorligi
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning taklifiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-9 oktyabr kunlari ushbu mamlakatga amaliy tashrif buyuradi.
«Avaza» milliy turistik zonasida Oʻzbekiston rahbari Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvida, shuningdek, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligining navbatdagi sammitida ishtirok etadi.
Soʻnggi 9 yil ichida Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy hamkorligining asosiy koʻrsatkichlari sezilarli darajada oshdi: Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 2017-2025 yillarda 3,1 baravarga oʻsib, 8,3 milliard dollarga yetdi, eksport 2,1 baravarga koʻpayib, 3,1 milliard dollarni tashkil etdi, import esa 4,2 baravarga oshib, 5,1 milliard dollargacha yetdi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar soni 7 baravardan ziyod koʻpayib, 2,3 ming birlikdan oshdi; Markaziy Osiyo mamlakatlaridan Oʻzbekistonga jalb qilinayotgan yillik toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi 600 baravardan ziyod oshib, 2025 yilda 1,3 milliard dollarni tashkil etdi, vaholanki 2017 yilda bu koʻrsatkich bor-yoʻgʻi 2,1 million dollar edi.
Oʻzaro savdo tarkibida 2025 yilda Qozogʻiston eng yirik sherik boʻlib qolmoqda — tovar ayirboshlash hajmi 5 milliard dollarni yoki Oʻzbekistonning mintaqa mamlakatlari bilan savdosining 60,2 foizini tashkil etdi. Turkmaniston bilan tovar ayirboshlash 1,2 milliard dollarga (14,5%), Qirgʻiziston bilan ham 1,2 milliard dollarga (14,5%) yetdi. Tojikiston bilan savdo hajmi 912,3 million dollarni yoki 11 foizni tashkil etdi.
Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlariga eksporti 2025 yilda 3,2 milliard dollarga yetdi. Mintaqa mamlakatlarining Oʻzbekiston umumiy eksportidagi ulushi 9,8 foizni tashkil etdi. Markaziy Osiyo davlatlaridan import 5,1 milliard dollar darajasida shakllandi, ularning mamlakat umumiy importidagi ulushi esa 11,1 foizga yetdi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi oʻzaro savdo hali 1996-1997 yillarda imzolangan erkin savdo toʻgʻrisidagi ikki tomonlama bitimlar asosida «erkin savdo» rejimida olib borilmoqda.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) hisob-kitoblariga koʻra, uchinchi mamlakatlardan import qilinadigan mahsulotlarni bir-biriga eksport yetkazib berish bilan almashtirish hisobiga mintaqadagi ichki savdo hajmini 11,4 milliard dollarga oshirish mumkin.
Koʻrinib turibdiki, ichki savdoning oʻsish salohiyati juda yuqori va uni amalga oshirish uchun oʻzaro savdodagi tarif (istisnolar) va notarif toʻsiqlarni bartaraf etish zarur. Bundan tashqari, mintaqa mamlakatlarining eksportchilari va importchilari Markaziy Osiyo mamlakatlari umumiy bozori doirasida tovarlarga boʻlgan talab va taklif toʻgʻrisida doimiy ravishda maʼlumot olib turishlari uchun sharoit yaratish lozim.
Parallel ravishda investitsiyaviy hamkorlik ham rivojlanmoqda. Markaziy Osiyo mamlakatlaridan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va kreditlarning umumiy hajmi 2017–2025 yillarda 2,5 milliard dollarni tashkil etdi. Faqatgina 2025 yilning oʻzida mintaqadan jalb qilingan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar va kreditlar hajmi 1,3 milliard dollarga yetdi.
2026 yil iyun holatiga koʻra, Oʻzbekistonda Markaziy Osiyo mamlakatlari kapitali ishtirokidagi 2 384 ta korxona faoliyat koʻrsatmoqda. Eng koʻp korxona Qozogʻiston kapitali ishtirokida tashkil etilgan — 1 283 ta. Tojikiston kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 442 tani, Qirgʻiziston bilan — 362 tani, Turkmaniston bilan — 297 tani tashkil etdi.
Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi hamkorlik soʻnggi bir necha yil ichida sezilarli darajada faollashdi va davlatlararo hamkorlikning eng yuqori darajasi — strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlariga chiqdi.
Ikki mamlakat prezidentlari raisligida «Oliy davlatlararo kengash» tashkil etildi, u Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirishning samarali mexanizmiga aylandi.
Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi oʻzaro savdo erkin savdo rejimida amalga oshirilmoqda.
2017-2025 yillar davomida Oʻzbekistonning Ozarbayjon bilan tovar ayirboshlash hajmi 9,5 baravarga — 32,5 million dollardan 307,3 million dollargacha oʻsdi, eksport 8,2 baravarga — 27,6 million dollardan 227,3 million dollargacha, import esa 16,3 baravarga — 4,9 million dollardan 80 million dollargacha oshdi.
2025 yilda Oʻzbekistonning Ozarbayjonga/Ozarbayjondan eksport va import tarkibi quyidagicha koʻrinishga ega boʻldi:
– eksport, jami 227,3 million dollar, shu jumladan: sanoat tovarlari — 63,4 million dollar (eksportning 28 foizi), mashinalar va transport uskunalari — 49,3 million dollar (22%), oziq-ovqat mahsulotlari — 36,3 million dollar (16%), ichimliklar va tamaki — 34,3 million dollar (15%), tayyor buyumlar — 11 million dollar (5%), kimyoviy mahsulotlar — 5,1 million dollar (2,2%), shuningdek, xizmatlar — 22,5 million dollar (10%);
– import, jami 80 million dollar, shu jumladan: oziq-ovqat mahsulotlari — 43,2 million dollar (importning 54 foizi), sanoat tovarlari — 17,4 million dollar (22%), mashinalar va transport uskunalari — 5,8 million dollar (7,3%), kimyoviy mahsulotlar — 5,4 million dollar (6,8%), nooziq-ovqat xomashyosi — 1,3 million dollar (1,6%), mineral yoqilgʻi va moylash moylari — 1,2 million dollar (1,5%), shuningdek, xizmatlar — 4,3 million dollar (5,4%).
Investitsiyaviy hamkorlikka alohida eʼtibor qaratilmoqda. 2023 yilda ustav kapitali 500 million dollar boʻlgan Ozarbayjon-Oʻzbekiston investitsiya kompaniyasi tashkil etildi.
Hozirgi vaqtda Oʻzbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi 460 ta korxona faoliyat koʻrsatmoqda; 2017 yilga (71 birlik) nisbatan ularning soni 6,5 baravarga oshdi.
2025 yilda Ozarbayjonning Oʻzbekistonga kiritgan investitsiyalari hajmi 173,7 million dollarni tashkil etdi (2017 yilda — 0,1 million dollar).
Ozarbayjondan Oʻzbekistonga jalb qilingan jamgʻarilgan investitsiyalarning umumiy hajmi 318,6 million dollarni tashkil etdi.
Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi korxonalar faoliyatining asosiy sohalari: qurilish, qayta ishlash sanoati va qishloq xoʻjaligi.
Oʻzbekiston kapitali ham Ozarbayjon bozorida oʻz ishtirokini kengaytirmoqda, xususan, avtomobillar va toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma korxonalar tashkil etilgan.
Transport sohasi hamkorlikning muhim yoʻnalishi boʻlib qolmoqda. Oʻzbekiston Transkaspiy xalqaro transport yoʻnalishi (Oʻrta koridor) boʻylab Yevropaga tovarlarni yetkazib berishda Ozarbayjonning transport logistikasidan samarali foydalanish uchun qoʻshma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor.

