Indoneziyada prezident tomonidan moliyalashtirilgan bepul ovqatdan 800 kishi zaharlandi

Indoneziyada prezident tomonidan moliyalashtirilgan bepul ovqatdan 800 kishi zaharlandi
Indoneziyada hukumatning bepul ovqat dasturi bilan bog‘liq oziq-ovqatdan zaharlanish holatlarida qariyb 800 kishi kasallangan. Bu haqda sog‘liqni saqlash masalalarini nazorat qiluvchi parlament komissiyasi a’zosi ma’lum qildi. Shu hafta zaharlanganlarning 500 nafardan ortig‘i Sharqiy Yava provinsiyasidagi o‘quvchilardir.
Prezident Prabovo Subianto o‘n millionlab bolalarga bepul ovqat berish orqali to‘yib ovqatlanmaslik muammosini bartaraf etish uchun 2025-yilda milliardlab dollarlik dasturni boshlagan edi. Ammo bu loyiha ommaviy zaharlanishlar, korrupsiya ayblovlari, rahbarlar almashuvi va katta xarajatlar kabi muammolarga duch keldi.
Muxolifatdagi yagona siyosiy partiya vakili, deputat Charlz Honoris 2-sentyabr kuni Instagram sahifasida ma’lum qilishicha, Sharqiy Yavaning Sidoarjo hududida 512 nafar o‘quvchi, Nganjuk shahrida 49 kishi va G‘arbiy Sumatraning Agam hududida 237 kishi zaharlangan.
Charlz bu raqamlarni mahalliy sog‘liqni saqlash boshqarmasi ko‘rsatkichlariga tayangan holda keltirdi. U bu holatlar tasodifiy emasligini ta’kidladi.
“Bu butun tizimning muvaffaqiyatsizligidir”, dedi u.
Qiymati 12,94 milliard dollar bo‘lgan ushbu dasturni nazorat qiluvchi Milliy oziq-ovqat agentligi deputatning posti yuzasidan darhol izoh bermadi. Agentlik 2-sentyabr kuni Sidoarjodagi zaharlanish holatiga aloqador oshxona faoliyatini to‘xtatdi.
Mamlakatda bepul ovqatlanish dasturi bilan bog‘liq ommaviy zaharlanishlar bir necha bor qayd etilgan. Network for Education Watch nodavlat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 8-avgust holatiga 37 600 kishi zaharlanishdan jabrlangan. Rasmiylar ovqatlarning noto‘g‘ri saqlanishi va tayyor taomlarning kechikib yetkazib berilishi ko‘p hollarda zaharlanishga sabab bo‘layotganini aytmoqda.
Saiful Mujani Research and Consulting kompaniyasi iyul oyida o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, aholining atigi uchdan bir qismi bu dasturdan mamnun. Zaharlanish holatlari odamlar noroziligining asosiy sababi sifatida ko‘rsatilgan.

