Dunyo

Indoneziyada parom halokatga uchradi. 130 kishi bedarak yoʻqolgan

100 dan ortiq kishi qutqarilib, 6 kishining jasadi topilgan.

Indoneziyada parom falokatga uchradi. 130 kishi yoʻqolgan

Yakshanbaga oʻtar kechasi Yava dengizida Virgo Transport 8 kompaniyasiga tegishli, bortida jami 243 kishi boʻlgan yoʻlovchi paromi choʻkib ketdi. Hodisa natijasida olti kishi halok boʻlgani tasdiqlandi, 107 kishi qutqarildi. Yana 130 kishining qayerdaligi nomaʼlum qolmoqda.

Kema shanba kuni Yava orolidagi Surabaya shahridan Kalimantan oroli (Borneo) janubidagi Banjarmasin shahri sari yoʻl olgandi. Dengiz orqali qatnov vaqtida ob-havo yomonlashgan. Kapitan kema bir tomonga ogʻib qolganini bildirgan, kema bilan aloqa uzilgach esa hukumat qidiruv ishlarini boshlagan.

Keyinroq kema agʻdarilib, choʻkib ketgani aniqlandi. Bortda 213 nafar yoʻlovchi va ekipajning 30 aʼzosi boʻlgan.

Qutqaruvchilarning aytishicha, kema oxirgi marta aloqada boʻlgan paytda sohildan taxminan 148 kilometr uzoqlikda harakatlanayotgan edi. Hodisa joyiga 4 ta kemadagi qutqaruv guruhlari hamda vertolyotlar yuborildi.

Qutqaruvchilar halokatdan omon qolgan 107 kishini va 6 kishining jasadini suvdan olib chiqishdi, yana 130 kishini qidirish davom etmoqda.

Yakshanba kuni Banjarmasindagi Trisakti portidagi boshqaruv punktiga kemadagilarning yuzlab qarindoshlari yigʻilib, yaqinlari haqida xabar kutishdi.

«Men yoʻlovchilar roʻyxatida amakimning ismini koʻrib, karaxt holatga tushdim. Ammo rasmiy shaxslar u qutqarilganini aytishganidan keyin oʻzimni biroz yengil his qila boshladim», degan ulardan biri jurnalistlarga.

Indoneziya 17 mingdan ortiq arxipelagdan iborat boʻlib, bu yerda parom asosiy transport vositalaridan biri sanaladi. Mamlakatda yoʻlovchi kemalari bilan bogʻliq hodisalar tez-tez yuz beradi va koʻpincha bunga xavfsizlik choralariga amal qilinmagani sabab qilib koʻrsatiladi.

Oʻtgan oy Indoneziyaning Bali oroli yaqinida paromda yongʻin chiqishi oqibatida bir kishi halok boʻlib, 4 kishi bedarak yoʻqolgan, 211 kishi qutqarilgandi. Undan ikki hafta oldin esa «Mutira Sentos 2» nomli yana bir parom Yava oroli yaqinida yonib ketishi oqibatida besh kishi halok boʻlgandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.