Sport

“Iltimos, menga achinmang” — Nurmagomedov nokautli mag‘lubiyatdan so‘ng bayonot berdi

Nurmagomedov nokautdan so‘ng: "Iltimos, menga achinmang"

Rossiyalik aralash yakkakurash ustasi Umar Nurmagomedov (20-2) Xitoyning Shanxay shahrida bo‘lib o‘tgan UFC Fight Night 286 turnirida xitoylik Song Yadongga (24-9-1) qarshi jangdagi mag‘lubiyatidan keyin bayonot berdi.

Nurmagomedov muxlislarga murojaat qilib, jang natijasidan xavotir olmaslikni so‘radi. U mag‘lubiyatdan saboq chiqarib, oktagonga yanada kuchliroq bo‘lib qaytishini ta’kidladi.

"Xudoga shukur, menda hammasi juda yaxshi. Menga yozgan, men uchun duo qilgan hamda qo‘llab-quvvatlagan barchaga rahmat. Ammo iltimos, menga achinmang. Bu shunchaki jang edi. Ba’zida g‘alaba qozonasiz, ba’zida esa mag‘lub bo‘lasiz. Men butunlay sog‘lomman, hammasi joyida. Bundan saboq chiqaraman, kuchliroq bo‘lib qaytaman va bir kun chempion bo‘laman. Yana bir bor mehr va qo‘llab-quvvatlovingiz uchun rahmat", deb yozdi Nurmagomedov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Ma’lumot uchun, Umar va Song o‘rtasidagi jang ikkinchi raundda nokaut bilan yakunlandi.

30 yoshli rossiyalik uchun bu UFC’dagi ikkinchi mag‘lubiyat bo‘ldi. U tashkilot bayrog‘i ostidagi janglarning sakkiztasida g‘alaba qozongan. Nurmagomedov 2021-yildan buyon dunyoning eng nufuzli MMA promousheni bilan hamkorlik qilib kelmoqda.

U professional faoliyatidagi ilk mag‘lubiyatini 2025-yilning yanvarida qabul qilib olgan. O‘shanda u UFC mutlaq yengil vazn toifasidagi chempionlik jangida gruziyalik Merab Dvalishviliga hakamlarning yakdil qarori bilan yutqazgan.

28 yoshli Song Yadong 2017-yildan buyon UFC’da Xitoy sharafini himoya qilib kelmoqda. Nurmagomedov ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng uning tashkilotdagi statistikasi 13 ta g‘alaba, 4 ta mag‘lubiyat va 1 ta durangdan iborat bo‘ldi.

Nurmagomedov UFC sobiq chempioni Habib Nurmagomedovning qarindoshi, PFL’ning amaldagi chempioni Usman Nurmagomedovning esa akasi hisoblanadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.