Konor yoki Getji: Habibning faoliyatidagi eng og‘ir jang qaysi?

Konor Makgregor va Jastin Getji bilan bo‘lgan janglarni solishtirar ekan, UFC yengil vazn toifasining sobiq chempioni Habib Nurmagomedov Getjiga qarshi kechgan bahsni o‘z faoliyatidagi eng qiyin jang deb atadi.
Habibning so‘zlariga ko‘ra, Konorga qarshi jang o‘sha paytda uning faoliyatidagi eng og‘ir jang bo‘lgan. "100 foiz. Janglar bu psixologiya. Ruhiy jihatdan o‘sha paytda bu eng og‘ir jang edi. Shundan keyin Getji bilan bundan ham og‘irroq jangim bo‘ldi", — deydi u.
Nurmagomedov Getjiga qarshi bahs nima uchun eng og‘ir bo‘lganini quyidagicha izohladi: "Avvalo, otamdan ayrilganim sababli. O‘zimni qo‘lga olish juda qiyin bo‘ldi. Hammasi bir-biriga qo‘shilib ketdi. Otam vafot etdi, tayyorgarlikni usiz o‘tkazdim — men shug‘ullangan va chempion bo‘lishni istagan insonsiz. Eng avvalo, unga eng yaxshi bo‘lishim mumkinligini isbotlamoqchi edim".
"Burgut" laqabli sportchi so‘nggi jang oldidan sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolarga duch kelganini ham ta’kidladi. "Yig‘in davomida ham sog‘lig‘im yaxshi emasdi, birin-ketin jarohatlar oldim. Ruhiy jihatdan esa o‘tkirligimni saqlab qolgandim. Hali hech kim bu mening so‘nggi jangim ekanini bilmasdi. Men esa o‘zim uchun bilardim: u yerda hammasiga nuqta qo‘yishim kerak edi. Bularning barchasidan o‘tish, jarohat olish juda og‘ir bo‘lardi. Onam yana buni boshidan kechirishi kerak edi. Faoliyatimni yakunlash haqida u bilan gaplashgan edik. Shu sababli hammasiga nuqta qo‘ymoqchi edim", — deydi Nurmagomedov.
Ma’lumot uchun, Habib Nurmagomedov 2021-yilda UFC’dagi so‘nggi jangida amerikalik Jastin Getjini bo‘g‘ish usuli orqali mag‘lub etgan. U MMA’dagi faoliyati davomida 29 ta jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba qozongan. 2022-yilda esa u UFC Shon-sharaf zaliga kiritilgan.
Nurmagomedov otasining vafotidan so‘ng murabbiylik faoliyati bilan shug‘ullana boshladi. U Xavyer Mendes bilan birga Islom Maxachev, Umar va Usmon Nurmagomedovlarga murabbiylik qilib kelmoqda. Shuningdek, Nurmagomedov Khabib Gym xalqaro sport zallari tarmog‘ini rivojlantirgan va turli sport loyihalariga sarmoya kiritgan.

