Mahalliy

Ilonning boshi qayerda: jazo, befarqlik va bolani himoya qilish...

Bundan ikki yarim asr oldin italiyalik huquqshunos Chezare Bekkaria «Jinoyatlar va jazolar haqida» asarida jinoyatni

Ilonning boshi qayerda: jazo, befarqlik va bolani himoya qilish...

Yaqinda besh yoshli qizaloqqa nisbatan sodir etilgan qabohat haqidagi xabar butun mamlakatni larzaga soldi. Ijtimoiy tarmoq va mahalla faollari bildirgan munosabatlar javobsiz qolmadi: jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, gumonlanuvchi ushlandi, tergov ustidan nazoratni Bosh prokuror shaxsan o‘z zimmasiga oldi. Prezident Administratsiyasi rahbari jinoyatchi qonundagi eng og‘ir jazoga tortilishini, norasida bolani asray olmagan barcha mas’ullar ham javob berishini ma’lum qildi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi barcha davlat bog‘chalari xodimlarini tekshirishga kirishdi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi qizaloq va uning oilasi boshqa shaharga ko‘chirilishini, uy-joy va reabilitatsiya bilan ta’minlanishini, onasiga o‘qish va ishga joylashishda ko‘mak berilishini, zarur bo‘lsa, familiyasini o‘zgartirishga ham yordam ko‘rsatilishini ma’lum qildi. Bag‘ri tilka-pora bo‘lgan ona va hali o‘zini tanib ulgurmagan murg‘ak uchun bu yangi hayot boshlash imkoniyatidir.

Namangan voqeasi jamiyatda anchadan beri yetilib kelayotgan savolni keskin ko‘ndalang qo‘ydi. 2026-yil 30-sentyabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan, 2 oktyabrda Senat tomonidan ma’qullangan «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun 14-oktyabrda Prezident tomonidan imzolandi. Hujjat beshta kodeks va oltita qonunga o‘zgartirish kiritadi. Uning muqaddimasida O‘zbekistonning Bogota harakatlar chaqirig‘iga qo‘shilgani, Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka chek qo‘yish bo‘yicha global alyansga a’zo bo‘lgani va 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi tasdiqlangani qayd etilgan.

Jinoyat kodeksidagi o‘zgarishlar eng ko‘p muhokama qilinmoqda. O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish (118-modda to‘rtinchi qismi) va shunday bolaga nisbatan jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish (119-modda to‘rtinchi qismi) uchun jazo o‘n besh yildan yigirma besh yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish etib belgilandi. Voyaga yetmaganlarga qarshi bunday jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish muddati qo‘llanilmaydi. Bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan jinoyatlar uchun shartli hukm qilish va jazoni yengillashtirish istisno etildi.

Biroq qonunning qimmati faqat jazo muddatlarida emas. Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, jinsiy zo‘ravonlikka oid ishlarda voyaga yetmagan jabrlanuvchi va guvohga davlat hisobidan advokat biriktiriladi. Jinoyat ota-ona yoki yaqin qarindosh tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, barcha protsessual harakatlarda vasiylik va homiylik organi vakili ishtirok etadi. Bola bilan gumonlanuvchini yuzlashtirish faqat alohida qaror asosida o‘tkaziladi. Mehnat kodeksiga bolaga nisbatan zo‘ravonlik uchun javobgarlikka tortilgan ta’lim xodimi bilan mehnat shartnomasini bekor qilishning qo‘shimcha asosi kiritildi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks esa bolalar o‘rtasida tarqatilishi taqiqlangan axborot mahsulotini tayyorlash va tarqatish uchun yangi 189.3-modda bilan to‘ldirildi. Bu oxirgi norma mavzuimiz uchun ayniqsa muhim, unga yana qaytamiz.

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva qonunning ruhini qisqa va aniq ifodaladi:

«Yosh bolaga nisbatan zo‘ravonlikka aslo toqat qilib bo‘lmaydi, jazo esa muqarrar va murosasiz bo‘lishi shart... Yosh bolaning xavfsizligi shart-sharoit yoki vaziyatlarga bog‘liq bo‘lishi mumkin emas».

Bundan ikki yarim asr oldin italiyalik huquqshunos Chezare Bekkaria «Jinoyatlar va jazolar haqida» asarida jinoyatni to‘xtatadigan narsa jazoning shafqatsizligi emas, balki uning muqarrarligi ekanini yozgan edi. Mo‘’tadil, lekin albatta keladigan jazo og‘ir, ammo qochib qutulish mumkin bo‘lgan jazodan ko‘ra kuchliroq ta’sir qiladi. Yangi qonunning eng teran jihati ham shu yerda. Yigirma besh yil yoki umrbod qamoq haqidagi xabar jamiyatning adolatga bo‘lgan tashnaligini qondiradi. Lekin javobgarlikka tortish muddatining bekor qilinishi, yengillashtiruvchi holatlarning inobatga olinmasligi jinoyatchiga «yillar o‘tsa, unutiladi» degan umid qoldirmaydi. Bu endi jazoning muqarrarligidir.

Shu bilan birga, har qanday jazo jinoyat sodir bo‘lganidan keyin ishga tushadi. U sodir bo‘lgan qabohatga javob beradi, lekin bola allaqachon jarohatlangan bo‘ladi. Ochiq aytish kerak, hozircha biz ilonning dumini kesyapmiz. Har bir fojiadan keyin jazo kuchayadi, jamiyat bir-ikki hafta larzada yuradi, keyin hayot o‘z iziga tushadi va navbatdagi xabargacha hamma narsa unutiladi. Dumi kesilgan ilon esa o‘lmaydi, u iniga kirib, fursat poylaydi. Ilonning boshini yanchmaguncha bu aylanma davom etaveradi.

Afsuslar bo‘lsinki, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik haqidagi xabarlarning ommaviy axborot vositalarida tez-tez yoritilayotgani, ijtimoiy tarmoqlarda bunday xabarlar kun sayin ko‘payib borayotgani dilni xira qiladi. Lekin undan ham tashvishliroq holat bor. Ijtimoiy tarmoqlarda zo‘ravonlikka oid seriallar, sahnalashtirilgan videolar va «hayotiy hikoyalar» tobora ko‘paymoqda. Axborot makonida ma’lum haqiqat bor: bunday kontentning tomoshabini yaxshi, tarbiyaviy kontentga qaraganda bir necha barobar ko‘p. Algoritm esa ko‘p ko‘rilgan narsani yana ko‘proq odamga yetkazadi.

Amerikalik tadqiqotchi Jorj Gerbner o‘tgan asrning 70-yillaridayoq «kultivatsiya nazariyasi»ni ilgari surgan edi. Unga ko‘ra, ekrandan uzoq vaqt davomida takror-takror ko‘rilgan manzaralar insonning voqelikni qanday tasavvur qilishini sekin-asta o‘zgartiradi. Albert Bandura tajribalari esa bolalar ko‘rgan xatti-harakatni, ayniqsa, u jazosiz qolgan bo‘lsa, taqlid orqali o‘zlashtirishini isbotlagan. Psixologiyada bu jarayon desensibilizatsiya, ya’ni sezuvchanlikning pasayishi deb ataladi. Bir marta eshitilgan dahshatli xabar yurakni larzaga soladi. O‘ninchi marta eshitilganda esa u shunchaki «yana bir xabar»ga aylanadi. Kishida qabohatga nisbatan og‘riq hissi o‘tmaslashadi, u odatiy holdek tuyula boshlaydi.

Kriminologlar Jeyms Uilson va Jorj Kelling 1982-yilda «singan derazalar» nazariyasini taklif etgan edi. Agar binodagi bitta singan oyna vaqtida almashtirilmasa, ko‘p o‘tmay qolgan derazalar ham sindiriladi. Chunki atrofdagilar «bu yerda hech kimga farqi yo‘q» degan xulosaga keladi. Axborot muhitida ham xuddi shunday. Nomus, oila, qarindoshlik kabi muqaddas tushunchalarni hazil, tomosha yoki «xayp» manbaiga aylantiruvchi har bir video ma’naviy devorimizdagi bitta singan oynadir. Yangi qonundagi 189.3-modda shu derazalarni yopishga qaratilgan huquqiy qadamdir. Ammo ochiq tan olishimiz kerak: bu kontentni biz o‘zimiz ko‘ramiz, «layk» bosamiz, tarqatamiz. Demak, muammo faqat kimdir bizga uni tiqishtirayotganida emas, muammo o‘zimizda ham bor.

Payg‘ambarimiz (s.a.v.) «Kichiklarimizga rahm qilmagan va kattalarimizning sharafini tanimagan kishi bizdan emas», deganlar. Bu hadisda kichiklarga rahm-shafqat birinchi o‘rinda tilga olingani bejiz emas. Nelson Mandelaning «Jamiyatning qalbini uning bolalariga munosabatidan ham aniqroq ko‘rsatadigan narsa yo‘q» degan fikri ham xuddi shu haqiqatni boshqa bir madaniyat tilida takrorlaydi. Ilonning boshini yanchish ana shu ma’naviy zamindan boshlanadi. Bu borada bir necha amaliy yo‘nalishni alohida ta’kidlash mumkin. Masalan, Namangan voqeasida gumonlanuvchi tarbiyachi emas, bog‘chaning ombor mudiri ekani ma’lum bo‘ldi. Demak, bolalar bilan bir hududda ishlaydigan har bir xodim, u qorovul bo‘ladimi, oshpaz yoki omborchimi, tarbiyachi kabi sinchkovlik bilan tekshirilishi lozim.

Yana bir e’tiborga olinishi kerak bo‘lgan jihat, bu bolaga o‘z tanasining daxlsizligini o‘rgatish. Bola yoshiga mos tilda «yaxshi va yomon teginish», «hech kim senga ota-onangdan sir saqlashni buyura olmaydi» kabi oddiy qoidalarni bilishi kerak. Zo‘ravonlik ko‘pincha bola qo‘rqqani yoki nima bo‘lganini tushunmagani uchun uzoq vaqt yashirin qoladi.

Bizda azaldan «bolaning begonasi bo‘lmaydi» deyiladi. Aynan mahalla, qo‘ni-qo‘shni, maktab va bog‘cha jamoasi bolaning xulqidagi keskin o‘zgarishni sezishi va befarq qolmasligi lozim. Yangi qonun bu yo‘lni ham ochib berdi. Endi xotin-qizlar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik haqida murojaat qilgan shaxs o‘ziga javob xati yuborilmasligini so‘rashi mumkin. Bu oila ichidagi zo‘ravonlik haqida xabar berayotgan qo‘shni yoki qarindoshni ortiqcha xavfdan asraydi.

Zo‘ravonlik haqida yoritilayotganda OAV bo‘ladimi, bloger bo‘ladimi, axborot madaniyati va media etikasiga amal qilishi shart. Jurnalist va bloger bunday voqealarni yoritganda jabrdiydaning shaxsini, yashash joyini, tafsilotlarni oshkor qilmasligi, har bir xabarni «tomosha» emas, «ogohlantirish» tarzida berishi kerak.

Zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan jabrdiydaga uzoq muddatli ko‘mak berilishi ham juda muhim.

Yangi qonun huquqiy bo‘shliqlarni yopdi. Jinoyatchi endi na muddat o‘tishiga, na yengillashtiruvchi holatlarga, na shartli hukmga umid bog‘lay oladi. Bu ilonning dumini emas, hech bo‘lmaganda tanasini kesadigan qadam. Lekin ilonning boshi boshqa joyda. U befarqlikda, «menga nima» degan sukutda, qabohatga ko‘nikib boruvchi ko‘zlarimizda, ko‘p ko‘rilgani uchun tarqalayotgan kontentlarda. Uni hech bir kodeks moddasi yolg‘iz o‘zi yancha olmaydi. Buni faqat «bolaning begonasi bo‘lmaydi» degan azaliy hikmatni yana hayotimiz qoidasiga aylantirgan jamiyat uddalay oladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.