Ilonlar toʻla chamodanli erkak Germaniya aeroportida ushlandi
Rasmiylarning aytishicha, meksikalik oʻt oʻchiruvchi boʻlgan bu erkak Kyoln aeroportini tark etishga urinayotganda «hayajonlangan» koʻrinishda boʻlgan.

** Germaniya aeroportida chemodani ilonlarga toʻla erkak ushlandi**
** Rasmiylarning bildirishicha, ilonlar va kaltakesaklarning hammasi ham tirik boʻlmagan**
Germaniyadagi Kyoln Bonn aeroportida 90 dan ortiq kaltakesak va zaharli ilonlarni noqonuniy olib kirishga uringan erkak ushlandi.
Bojxona xodimlarining aytishicha, 45 yoshli meksikalik oʻt oʻchiruvchi aeroportning yashil — deklaratsiya qilinadigan hech narsa yoʻq — chiqish yoʻlagidan oʻtishga urinayotganda «shubhali darajada asabiylashgan».
Ular erkakda giyohvand moddalar testini oʻtkazishgan va u kokain uchun musbat natija koʻrsatgan, shundan soʻng uning chemodani tintuv qilingan.
Hech qanday giyohvand modda topilmagan, ammo xodimlar shampun va krem idishlariga, plastik konteynerlarga va paypoq gʻaramlariga yashirilgan qora-ilonlar, chaqir-ilonlar hamda ilon va kaltakesaklarning boshqa turlarini, jumladan iguanalarni topishgan.
«Aeroportdagi hamkasblarim chemodanlardagi esdalik sovgʻalariga kelganda koʻp narsaga oʻrganib qolishgan, ammo Meksikadan keltirilgan 37 ta tirik zaharli ilon va 55 ta kaltakesak ilgari hech qachon boʻlmagan», dedi Kyoln bojxona boshqarmasi matbuot kotibi Yens Ahland.
Ahlandning aytishicha, baʼzi hayvonlar «insoniylikka zid sharoitlarda» saqlangan. Boshqalari esa Mexikodan Istanbul orqali amalga oshirilgan sayohat davomida nobud boʻlgan.
Ismi oshkor etilmagan erkak xodimlarga hayvonlarni braziliyalik tanishining iltimosiga koʻra olib kelganini aytgan.
Uning Germaniyaga kirishi rad etilgan va Istanbulga qaytarib yuborilgan.
Tirik qolgan hayvonlar hozirda Germaniyadagi ilon fermasida parvarish qilinmoqda.
«Oʻtgan yili mamlakat boʻylab 56 600 dan ortiq himoyalangan hayvon va oʻsimliklar yoki ulardan tayyorlangan mahsulotlar bilan bogʻliq 1 300 dan ortiq musodara holati qayd etildi», dedi Bojxona matbuot kotibi.
Olti yil muqaddam Kyoln Bonn aeroporti bojxona xodimlari tomonidan Meksikadan oʻyinchoqlar va shirinliklar pochkalari ichida kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan 26 ta kamyob sudralib yuruvchi topilgan edi, ulardan 10 tasi oʻlik boʻlgan.
Ular Germaniyadagi shaxsiy xaridorlar uchun moʻljallangan edi.

