«Ilgari pullarni chemodanlarda chet elga olib chiqib ketishga harakat qilishardi». Mirziyoyev — Yangi Toshkent’ga kiritilayotgan investitsiyalar haqida
Besh yil avval tadbirkorlar pullarni chet elga chemodanlarda olib chiqib ketishni afzal koʻrardi, dedi Oʻzbekiston prezidenti. U investorning Yangi Toshkentdagi umumiy qiymati 510 million dollarlik loyihalar haqidagi hikoyasiga shunday munosabat bildirdi. Davlat rahbari biznesmenlarni mamlakatga faxr bilan investitsiya kiritishga chaqirdi.

«Ilgari pullarni chemodanda chet elga olib chiqib ketishga harakat qilishardi». Mirziyoyev — Yangi Toshkent’ga investitsiyalar haqida
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 oktyabr kuni Yangi Toshkent’da tadbirkorlar va investorlar bilan uchrashuvda yirik qurilish loyihalarining borishini va mamlakatda biznesning investitsiyalarga boʻlgan munosabati qanday oʻzgarayotganini muhokama qildi.
UET Construction biznesni rivojlantirish boʻyicha direktori Bahodir Mirzaraimov kompaniya Yangi Toshkent’dagi yer auktsionlarining ilk ishtirokchilaridan biri boʻlgani va 2024 yil sentyabrida yer uchastkasini xarid qilganini maʼlum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, birinchi loyiha boshlanishida kompaniyada uning istiqbollari va muvaffaqiyatiga shubhalar boʻlgan.
«Qisqa vaqt ichida sizning rahbarligingizda Yangi Toshkent shiddat bilan rivojlana boshladi va bugungi kunda investorlar, tadbirkorlar va aholining qiziqishi hamda ishonchini uygʻotmoqda», — dedi Mirzaraimov prezidentga murojaat qilib.
U ushbu loyiha kompaniya uchun eng muvaffaqiyatli va daromadli loyihalardan biri boʻlib chiqqanini taʼkidladi. Bugungi kunga qadar unga 60 mln dollarga yaqin mablagʻ kiritilgan.
Bundan tashqari, kompaniya Yangi Toshkent’da yana bir nechta loyihalarni amalga oshirmoqda. Ularning umumiy eʼlon qilingan qiymati 510 mln dollarni tashkil etadi, deb taʼkidladi tadbirkor.
Bunga javoban Shavkat Mirziyoyev besh yil oldin bunday investitsiya hajmini tasavvur qila olarmidi, deb qiziqdi.
«Bahodir, bitta savol. Senga oʻxshagan yosh, baquvvat tadbirkorlarni koʻrganimda, kayfiyatim qanday koʻtarilishini bilasanmi? Besh yil oldin 510 mln dollar investitsiya kiritishingga oʻzing ishonarmiding?» — deb soʻradi prezident.
«Yoʻq, albatta, ishonmasdim», — deb javob berdi tadbirkor.
«Toʻgʻri. Puling balki boʻlardi, lekin hamma uni chemodanga solib, samolyotlar bilan chet elga olib chiqib ketishga harakat qilardi. Lekin, Bahodir, sening niyatlaringni va aytayotgan gaplaringni koʻrib xursandman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident uning vazifasi — mamlakatda tadbirkorlarni rivojlantirish va yirik investorlar sonini oshirish uchun sharoit yaratish ekanini taʼkidladi.
«Mening maqsadim — senga oʻxshagan farzandlarimiz koʻpayishi, sizlar kuchli boʻlishingiz uchun sharoit yaratish. Sizlar bizning yangi, jonajon Vatanimizni, Yangi Oʻzbekistonimizni, Yangi Toshkent’imizni qurmoqdasizlar», — dedi davlat rahbari.
U shuningdek, tadbirkorlarni amalga oshirilayotgan loyihalar bilan faxrlanishga chaqirdi.
«Men sizlardan yana va yana bir narsani soʻramoqchiman: buni faxr bilan qilinglar. Mehnatingiz albatta mukofotlanadi. Chunki biz buni xalq uchun, millat uchun, kelajagimiz uchun, ertangi kunimiz uchun, farzandlarimiz uchun qilyapmiz», — dedi prezident.
Suhbat yakunida Shavkat Mirziyoyev tadbirkorning muammolari bor-yo‘qligini soʻradi.
«Yoʻq, hech qanday», — deb javob berdi Mirzaraimov.
Prezident unga ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.
Koʻrsatilgan loyihalar orasida — Talimarjon IESda 900 MVt va Navoiy IESda 650 MVt quvvatga ega bugʻ-gaz qurilmalari, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida har biri 500 MVt quvvatga ega quyosh elektr stantsiyalari qurilishi, shuningdek Andijon viloyatidagi 220 kV kuchlanishli «Lochin» podstantsiyasini modernizatsiya qilish bor.
Saytda shuningdek, Fargʻona, Andijon va boshqa viloyatlarda elektr energiyasini saqlash tizimlari loyihalari, yangi podstantsiyalar va yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari qurilishi koʻrsatilgan.
Fuqarolik qurilishi sohasida kompaniya Sogʻliqni saqlash vazirligi va Energetika vazirligining yangi binolari loyihalarini, shuningdek Yangi Toshkent’da — №7, №8 va №33a-33b sonli yer uchastkalarida uchta loyihani eʼlon qilmoqda.
Orginfo.uz maʼlumotlariga koʻra, 2026 yilda u poytaxtni issiqlik bilan taʼminlash bilan bogʻliq «Toshkent issiqlik markazi» MCHJning bir qator tenderlari gʻolibi boʻlgan. Xususan, kompaniya suv isitish qozonlarining dudbron quvurlarini tayyorlash va oʻrnatish uchun 9,84 mlrd soʻmlik, quvurlar va uskunalarning issiqlik himoyasi tizimlarini mukammal taʼmirlash uchun 10,05 mlrd soʻmlik, shuningdek PTVM-50 rusumli ikkita suv isitish qozonini taʼmirlash uchun 9,46 mlrd soʻmlik buyurtmalarni olgan.
Korxonalar reyestri maʼlumotlariga koʻra, UET Construction MCHJ 2023 yil 7 aprelda Toshkentda roʻyxatdan oʻtkazilgan. Kompaniya faoliyatining asosiy turi — elektr energiyasi va telekommunikatsiya taqsimlash obʼyektlarini qurish. Ustav kapitali miqdori 1,73 mlrd soʻmni tashkil etadi.
Kompaniya muassislari Hafizjon Gʻafurov (63%) va Akmalxon Haydarxonov (37%) hisoblanadi. Rahbar sifatida Ozgyur Sarikaya koʻrsatilgan. Kompaniya yirik korxonalar kategoriyasiga kiradi.
Shu bilan birga, prezident bilan uchrashuvda UET Construction biznesni rivojlantirish boʻyicha direktori sifatida chiqish qilgan Bahodir Mirzaraimov uning muassislari orasida yoʻq. Orginfo.uz maʼlumotlariga koʻra, u beshta kompaniya muassislari qatorida koʻrsatilgan: UET Group, Energyproject Invest Group, Energetic Resources, Cravetech va UNN Power Group.
Xususan, Mirzaraimovga 2023 yil 7 aprelda roʻyxatdan oʻtkazilgan UET Group’ning 100% ulushi tegishli. Kompaniya faoliyatining asosiy turi — boshqa maishiy tovarlar ulgurji savdosi. Uning ustav kapitali 230 mln soʻmni tashkil etadi.
Eslatib oʻtamiz, UET Construction energetika va infratuzilma qurilishi sohasida ishlaydi. 2024 yilda kompaniya Chirchiq metall qotishmalari zavodini 39,9 mlrd soʻmga xarid qilgan edi, 2025 yilda esa ulushi UET Construction’ga tegishli boʻlgan UET Invest kompaniyasi «Avtooyna» avtooynalar ishlab chiqaruvchisidagi 100% davlat ulushini xususiylashtirish boʻyicha savdolarda 200,5 mlrd soʻm bilan gʻolib chiqdi. Davaktiv maʼlumotlariga koʻra, UET Construction’ning 2024 yildagi sof foydasi 300 mlrd soʻmga yaqinni tashkil etdi. Kompaniya shuningdek Yangi Toshkent obʼyektlari qurilishida ham ishtirok etmoqda.

