Ikki oʻzbekistonlik shaxmatchi dunyoning eng kuchli beshta shaxmatchisi qatoriga kirdi

Oʻzbekistonlik ikki shaxmatchi dunyoning eng kuchli beshta shaxmatchisi qatoridan joy oldi
Klassik shaxmat boʻyicha joriy reytingga koʻra, Oʻzbekistonning bir yoʻla ikki vakili dunyoning eng yaxshi besh shaxmatchisi qatoridan joy oldi. Javohir Sindarov uchinchi oʻringa koʻtarildi, Nodirbek Abdusattorov esa beshinchi oʻrinda bormoqda.
Sindarov bunga AQSh chempionatida amerikalik Fabiano Karuananing Endi Vudvorddan uchragan magʻlubiyatidan soʻng erishdi. Oʻzbekistonlik grossmeysterning reytingi 2782 ochkoga yetdi, buning sharofati bilan u 2780,3 koʻrsatkich bilan toʻrttinchi oʻringa tushib ketgan Karuanani ortda qoldirdi.
Live-reytingda Sindarovdan faqat norvegiyalik Magnus Karlsen (2823 ochko) va amerikalik Xikaru Nakamura (2792) yuqoriroq joylashgan.
Nodirbek Abdusattorov 2780 ochko bilan beshinchi oʻrinni egallab turibdi.
Live-reyting oʻynalgan partiyalardan soʻng yangilanadi, FIDE rasmiy reytingi esa belgilangan jadval boʻyicha qayta koʻrib chiqiladi. Oktyabr oyidagi rasmiy reytingga koʻra, Sindarov toʻrttinchi, Abdusattorov esa beshinchi oʻrinni egallab turibdi.
Avvalroq Abdusattorov Sindarovning isteʼdodi tarixdagi eng kuchli oʻyinchilardan biri deb hisoblangan shaxmat boʻyicha 13-dunyo chempioni Garri Kasparov bilan bir qatorda turishini aytgan edi. U, shuningdek, hamyurtining muvaffaqiyatlari oʻzi uchun ilhom manbai boʻlganini va oʻz kuchiga boʻlgan ishonchni qaytarganini tan oldi.

