Ijtimoiy tarmoqlardagi videolarni ommalashtirish orqali yiliga 120 000 funt sterling ishlab topaman
Ijtimoiy tarmoq «klipperlari» Instagram va TikTok kabi tarmoqlarda paydo boʻladigan qisqa, vertikal videolarni tayyorlaydilar.

Ijtimoiy tarmoqlardagi videolarni virusdek ommalashtirib, yiliga £120 000 ishlab topaman
Eknur Singhning muvaffaqiyatli ijtimoiy tarmoq videokliplari orasida pop-yulduz Dua Lipa ishtirokidagi video ham bor
Eknur Singhning aytishicha, yiliga £120 000 dan ortiq daromad olish uchun unga uyali telefoni va yaxshi internet aloqasidan boshqa hech narsa kerak emas.
Londonlik 22 yoshli yigit professional "klipper" boʻlib ishlaydi. Mijozlar unga ijtimoiy tarmoqlar uchun kalta, vertikal videolar yaratishi uchun pul toʻlashadi, bundan maqsad videolarning virusdek ommalashishidir.
"Klip qanchalik koʻp koʻrilsa, men shunchalik koʻp pul ishlayman", deydi u.
Odatda, mijoz — bu kiyim-kechak brendidan tortib ovoz yozish leybli, kinostudiya, podkaster yoki inflyuyensergacha boʻlishi mukin — avval klipperga koʻrish uchun uzunroq video taqdim etadi.
Shundan soʻng klipper eng kuchli deb hisoblagan qismi yoki qismlaridan 30 dan 60 soniyagacha boʻlgan kliplar tayyorlaydi va ularni Instagram, YouTube, TikTok yoki boshqa platformalarga joylashtiradi.
Bu yerdagi mantiq shundaki, odatda 16 yoshdan 25 yoshgacha boʻlgan klipperlar bu auditoriyaga nima yoqishini yaxshiroq tushunishadi va kalta videolar imkon qadar koʻproq koʻrilishiga yordam berishadi.
Klipperlar platformalardagi har 1 000 ta koʻrish uchun $3 (£2,30) gacha ishlab topishlari mumkinligi sababli, agar klip haqiqatan ham ommalashib ketsa, bu ish juda daromadli boʻlishi mumkin.
Singhning aytishicha, u oʻtgan yili Instagram'da pop-yulduz Dua Lipaning qisqa videosini joylab, $300 ishlab topganidan keyin klipperlikka juda qiziqib qolgan.
"Men 'Shunchaki video joylashtirganlik uchun bu juda katta pul-ku', deb oʻyladim. Buning qanchalik daromadli boʻlishi mumkinligini darhol tushunib yetdim."
Endi u "oyiga kamida £10 000" daromad qilayotganini aytmoqda.
Uning aytishicha, u kungilochar, tez koʻriladigan va eʼtiborni tortuvchi kliplarni izlaydi, masalan, may oyida Nyu-Yorkdagi Met Gala tadbirida Sabrina Karpenterning koʻylagi etagi bosib olingandagi reaktsiyasi aks etgan qisqa video. Singh mijoz kim ekanini aytmadi.
Singhning Sabrina Karpenter haqidagi klipi virusdek ommalashdi
Uichita (Kanzas shtati)lik 24 yoshli klipper Etan Vims uchun klipperlik video yaratish boʻyicha boshqa ishlari qatorida daromadli qoʻshimcha ish hisoblanadi. Uning aytishicha, u klipperlikdan "oyiga kamida $1 000" daromad oladi.
U buni mehmonlarining shaxsiy moliyasini oʻrganadigan Financial Audit koʻrsatuvini olib borishi bilan tanilgan YouTuber va podkaster Kaleb Hammer uchun qisqa videolar tayyorlash orqali qiladi.
Vimsning aytishicha, klipperlik unga uyda turib tirikchilik qilish imkonini beradi, bu esa ayoli va bir yoshli oʻgʻli bilan koʻproq vaqt oʻtkazishiga yordam beradi. "Men har kuni ofisga borishim kerak boʻlgan odatiy ertalabki toʻqqizdan kechki beshgacha boʻlgan ishni xohlamayman", deydi u.
Broq baʼzi klipperlar yaxshi pul ishlab topishi mumkin boʻlsa-da, ijtimoiy tarmoqlar boʻyicha konsultant Lia Haberman ularning soni juda kamligidan ogohlantiradi. "Bu umumiy kreatorlar ekonomikasini aks ettiradi. Juda katta koʻpchilik juda kam pul ishlaydi yoki umuman hech narsa olmaydi", deydi u.
Striming sanoati tahlilchisi Devin Nash ham muvaffaqiyatga erishish uchun klipperlik qancha vaqt talab qilishini toʻgʻri baholamaslik oson ekanini aytadi. Uning taʼkidlashicha, muvaffaqiyatli klipperlar "soatlab kontent koʻrishlari kerak va ular shunchaki oʻsha olamda yashashadi".
Etan Vimsning aytishicha, bu daromad unga uydan ishlashni davom ettirishga yordam beradi
Bir qator vositachi veb-saytlar klipperlarni potentsial mijozlar bilan bogʻlaydi va mavjud video ishlarini roʻyxatga oladi.
Ularga Reddit va Discord kabi umumiy onlayn forumlardagi sahifalar, shuningdek, Clipping Culture, Vyro, Whop va Kick kabi maxsus klipperlik saytlari kiradi.
Oxirgi saytlar xizmat soʻragan kompaniyalardan toʻlov undiradi. Clipping Culture mijozlari orasida Capital Records, Universal Music Group va HBO Max bor.
Bu kabi kompaniyalar uchun xonasida oʻtirib ishlaydigan oʻsmir yoki 20 yoshlardagi shaxsni yollash anʼanaviy ijtimoiy tarmoq reklamalari uchun pul toʻlashdan ancha arzonga tushadi va odamlar eʼtiborini tortishda samaraliroq boʻlishi mumkin.
Modulli uylar ishlab chiqaruvchi Las-Vegasda joylashgan Boxabl kompaniyasi tajribasida ham shunday boʻldi. "Oʻylashimcha, hozirgacha [kliplarimiz] taxminan bir milliard marta koʻrildi", deydi kompaniyaning koʻplab videolarida paydo boʻladigan asoschi Galiano Tiramani.
Buyuk Britaniyada Dauning-stritning sobiq maslahatchisi va hozirda Jimmy's Jobs of the Future podkasti boshlovchisi Jimmi MakLoglin ham kliplardan foydalanmoqda.
"Kliplar asosiy voqealar uchun treylerlarga oʻxshaydi", deydi u. Masalan, Bosh vazir Endi Bernhem bilan yaqinda boʻlib oʻtgan podkast "50 000 ga yaqin toʻliq tomosha qilingan, ammo kliplar nuqtai nazaridan millionlab koʻrilgan".
Eknur Singhning aytishicha, u faqat telefoni va yaxshi internet aloqasi boʻlsa, istalgan joyda klip tayyorlay oladi
Clipping Culture asoschisi va rahbari Evan Stanfiyeldning oʻzi atigi 21 yoshda. U oʻtgan yili Kanzas universitetini tark etgach, ushbu biznesni boshlagan.
Stanfiyeldning aytishicha, veb-sayt brendlarni dunyo boʻylab 340 000 dan ortiq klipperlar bilan bogʻlaydi. U qisqa videolarning ommalashishini oddiy tushuntiradi: "Odamlarning eʼtibor qaratish vaqti borgan sari qisqarib bormoqda."
Uning qoʻshimcha qilishicha, klipperlik yoshlarning ishidir, chunki "qisqa shakldagi videolarning aksariyat isteʼmolchilari ularning oʻzidir".
Londonga qaytsak, Eknur Singh qayerda boʻlishidan qatʼi nazar, "toʻxtovsiz klip tayyorlashini" aytadi.
"Men istalgan joyda boʻlishim mumkin. Taʼtilga chiqib ham pul ishlashim mumkin."

