YouTube videodagi ko‘rishlar sonini hisoblash qoidalarini o‘zgartiradi
YouTube 24-avgustdan boshlab videoni ishga tushirish bilanoq ko‘rishlar sonini hisoblay boshlaydi.

YouTube videolardagi ko‘rishlar sonini hisoblash tartibini o‘zgartirmoqda.
24-avgustdan boshlab, YouTube videoni ishga tushirish bilanoq, ya’ni birinchi kadr paydo bo‘lishi bilan ko‘rishlar sonini hisoblay boshlaydi. Bu yangi tizim butun dunyo bo‘ylab barcha formatdagi videolar uchun joriy etiladi. Bu haqda platformaning rasmiy ma’lumotnomasida xabar berilgan.
Ilgari platforma formatga qarab ko‘rishlar sonini hisoblashning turli usullaridan foydalanardi. Endi YouTube bu ko‘rsatkichni standartlashtirishga qaror qildi. Kompaniya bu o‘zgarishni ko‘rsatkichni yagona standartga keltirish va mualliflarga "o‘z videosining qamrovi haqida to‘liqroq tasavvur berish" istagi bilan izohladi.
Platformaning ta’kidlashicha, yangi tizim monetizatsiyaga ta’sir qilmaydi: to‘lovlar avvalgidek jalb qilingan ko‘rishlar va ko‘rish soatlari asosida hisoblanadi.
Videoni ishga tushirgandan so‘ng uni ko‘rishda davom etgan foydalanuvchilar soni YouTube Analytics’da saqlanib qoladi.
The Verge nashrining yozishicha, ko‘rishlar sonini hisoblashning shunga o‘xshash algoritmi TikTok va Instagram’da ham mavjud. X ijtimoiy tarmog‘ida esa tomosha, agar foydalanuvchi videoni kamida ikki soniya ko‘rsa, hisobga olinadi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili YouTube bu usulni YouTube Shorts uchun qo‘llagan edi.

