Dunyo

Husiychilar Adandagi prezident saroyiga raketa zarbasi yoʻlladi

Hujum oqibatida hukumat rahbari qoʻriqchilari halok boʻlgan.

Husiychilar Adandagi prezident saroyiga raketa hujumi uyushtirdi

Yaman janubidagi Adan port shahrida joylashgan prezident saroyiga husiychilar tomonidan raketalar bilan zarba berilishi oqibatida besh kishi halok boʻldi, 16 kishi yaralandi. Jabrlanganlarning aksari xavfsizlik xizmati xodimlari edi.

Yaman axborot vaziri Muammar al-Eryaniyning BBC’ga aytishicha, xalqaro tan olingan hukumat qarorgohi joylashgan Al-Maʼshiq saroyiga beshta ballistik raketa kelib tushgan. Bosh vazir hamda hukumatning boshqa vakillari zarar koʻrmagan.

Husiychilarning harbiy vakili Yahyo Sari «saudiyaliklarning Adandagi harbiy amaliyotlar shtab-kvartirasi» nishonga olinganini bildirdi.

Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya Yaman hukumatini qoʻllab-quvvatlab kelmoqda va Eron taʼsiridagi husiychilarning pozitsiyalariga yurish qilayotgan hukumat kuchlariga havodan yordam bermoqda.

Yaman bosh vaziri Shayya az-Zindoniy husiychilarning Adanga hujumini qoralab, uni «jinoiy harakatlarning davom ettirilishi» deb atadi.

U hukumat oʻz vazifalarini bajarishda davom etayotganini va bu hujum hukumat kuchlarining Yamanning janubi-gʻarbiy hududlarida, Qizil dengiz boʻyida hamda frontning boshqa joylarida husiychilarga qarshi harbiy amaliyotlarni davom ettirish qarorini susaytirmasligini taʼkidladi.

Payshanba kuni Ar-Riyod boshchiligidagi koalitsiya Madina shahri yaqinida qanotli raketa urib tushirilgani haqida xabar bergan edi. Husiychilar esa bu hujumga aloqadorliklarini rad etishgandi.

Husiychilar Yaman gʻarbidagi oʻz nazorati ostidagi hududlar, jumladan poytaxt Sanoga qilinayotgan hujumlarga javoban Saudiya Arabistonidagi aeroportlar, neft-gaz obyektlari va harbiy bazalar tomon raketa hamda dronlar uchirmoqda.

Oʻtgan haftaning shanba kuni Ar-Riyoddagi Qirol Xolid nomidagi xalqaro aeroportga raketa kelib tushishi oqibatida 13 kishi halok boʻldi. Bu Saudiya Arabistoniga soʻnggi 10 yildan ortiq vaqt ichida qilingan eng oʻlimli hujum boʻldi.

Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Eronni husiychilarni qirollik bilan mojaroni kuchaytirishga undashda aybladi.

«Eron BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalarini buzgan holda husiychilar tuzilmalarini qurollantirish, oʻqitish va qoʻllab-quvvatlashda davom etmoqda», – dedi jurnalistlarga Raid Krimli.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.