Hududlarda soliq, eksport va birja faolligi oʻsdi
2026 yilning yanvar-avgust oylarida hududlarda tadbirkorlik faolligining asosiy koʻrsatkichlari ijobiy dinamikani koʻrsatdi. Respublika boʻyicha soliq va bojxona tushumlari, tovarlar eksporti, kreditlash hamda tovar-xomashyo birjasidagi bitimlar hajmi oshdi. Ayrim hududlarda oʻsish surʼatlari respublika koʻrsatkichlaridan sezilarli yuqori boʻldi.

Hududlarda soliq, eksport va birja faolligi oshdi
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2026 yilning yanvar-avgust oylarida Oʻzbekiston hududlarida tadbirkorlik faolligi holatini tahlil qildi.
Tahlil soliq va bojxona tushumlari, tovarlar eksporti, tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar hamda Oʻzbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasidagi bitimlar dinamikasini oʻz ichiga oldi.
2026 yil 1 yanvardan 31 avgustgacha respublika boʻyicha soliq tushumlari 2025 yilning mos davriga nisbatan 39,9 foizga koʻpayib, 196,2 trln soʻmni tashkil etdi.
Soliq tushumlaridagi yuqori oʻsish Toshkent viloyatida 35,1 foiz, Sirdaryo viloyatida 31,6 foiz, Samarqand viloyatida 28,9 foiz, Navoiy viloyatida 28,3 foiz va Jizzax viloyatida 28,2 foiz darajasida qayd etildi.
Mazkur davrda respublika boʻyicha bojxona tushumlari 17,6 foizga ortib, 55,4 trln soʻmni tashkil qildi.
Bojxona tushumlarining sezilarli oʻsishi Qoraqalpogʻiston Respublikasida 68,6 foiz, Namangan viloyatida 48,1 foiz, Fargʻona viloyatida 37,7 foiz, Navoiy viloyatida 31,2 foiz va Toshkent viloyatida 25,3 foiz darajasida kuzatildi.
2026 yil 1 yanvardan 31 avgustga qadar respublikada tovarlar eksporti 11,1 mlrd dollarni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 30,9 foizga oʻsdi.
Eksportning sezilarli oʻsishi Buxoro viloyatida 58,3 foiz, Toshkent viloyatida 57,9 foiz, Andijon viloyatida 35,1 foiz, Navoiy viloyatida 34,7 foiz, Surxondaryo viloyatida 34,4 foiz va Toshkent shahrida 32,8 foiz darajasida qayd etildi.
2026 yil 1 yanvardan 31 avgustga qadar tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar hajmi 263,0 trln soʻmni tashkil etib, 2025 yilning shu davriga nisbatan 5,5 foizga oʻsdi.
Kreditlashdagi sezilarli oʻsish Samarqand viloyatida 45,0 foiz, Andijon viloyatida 33,8 foiz va Buxoro viloyatida 27,5 foiz darajasida qayd etildi.
Andijon viloyatida oʻtgan yilning mos davriga nisbatan jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar 55 foizga oʻsib, hududda umumiy kreditlash hajmining 33,8 foizga oʻsishiga hissa qoʻshdi.
Oʻzbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasidagi bitimlar hajmi 31,6 foizga oshib, 125,9 trln soʻmni tashkil etdi.
Bitimlar hajmining eng yuqori oʻsishi Surxondaryo viloyatida 104,8 foiz boʻlib, asosiy tovarlar paxta tolasi, benzin va suyultirilgan gaz hissasiga toʻgʻri keldi. Buxoro viloyatida oʻsish 82,5 foizni tashkil etib, qurilish materiallari, benzin va dizel hisobiga taʼminlandi. Navoiy viloyatida bitimlar hajmi 41,5 foizga oʻsib, asosiy tovarlar qurilish materiallari, dizel va mineral oʻgʻitlar boʻldi.

