Hokimiyatlar tayyor qurilish ruxsatnomalari bilan yer sotish huquqiga ega boʻldi

Hokimiyatlar yerlarni tayyor qurilish ruxsatnomalari bilan sotish huquqiga ega boʻldi
Oʻzbekistonda yer uchastkalarini «tayyor paket» formatida sotish mexanizmi joriy etildi. Hokimiyatlar yerlarni oldindan tayyorlangan texnik shartlar va qurilish uchun zarur ruxsatnomalar bilan savdoga chiqarishi mumkin boʻladi.
Bu prezidentning xususiylashtirishni tezlashtirish toʻgʻrisidagi 177-sonli farmonida nazarda tutilgan. Bunday «paket»ni tayyorlash xarajatlari mahalliy byudjetdan qoplanadi, soʻngra lotning boshlangʻich qiymatiga kiritiladi. Yangi mexanizm birinchi navbatda master-rejalar ishlab chiqilgan hududlarda qoʻllaniladi.
Agar yer uchastkasini narxi pasaytirilgandan keyin ham sotishning iloji boʻlmasa, u kompaniya ustav kapitalidagi ulush evaziga loyihani amalga oshirish uchun biznesga topshirilishi mumkin. Keyinchalik tadbirkor ushbu ulushni qaytarib sotib olishi mumkin boʻladi.
Bundan tashqari, davlat mulki qiymatining kamida 50 foizini toʻlagan investorlarga sotib olingan obʼyektlarni rekonstruktsiya qilish yoki yangi qurilish uchun ularni buzib tashlashga ruxsat beriladi. Toshkent shahri sanoat zonalari ishtirokchilari investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni bajargandan soʻng bino va yerlarni sotib olishlari mumkin boʻladi.
Avvalroq Oʻzbekistonda yer uchastkalarini auktsionlarga tayyor qurilish ruxsatnomalari bilan chiqarish rejalashtirilayotgani xabar qilingan edi. Oʻshanda tadbirkorlar ruxsat beruvchi hujjatlarni olish uchun 6 oydan 12 oygacha vaqt sarflamasdan, yerni sotib olgandan soʻng darhol qurilishni boshlashlari mumkinligi taʼkidlangan edi.

