Hokimiyat organlari 200 ming nafar qashqadaryolikni daromadli qishloq xoʻjaligiga jalb qilishni rejalashtirmoqda

Hokimiyat Qashqadaryoning 200 ming aholisini daromadli qishloq xoʻjaligiga jalb qilishni rejalashtirmoqda
Qashqadaryo viloyatida qishloq xoʻjaligini rivojlantirish tufayli 200 ming kishi qoʻshimcha daromad olishi mumkin boʻladi. 100 ming gektar yaylovda dronlar yordamida qurgʻoqchilik va tuzga chidamli ozuqa ekinlarini ekish yoʻlga qoʻyiladi.
Prezidentning viloyatni rivojlantirish boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishida maʼlum qilinishicha, ishlar Misr tajribasi asosida va Jahon banki bilan hamkorlikda sakkizta tumanda olib boriladi. Bundan tashqari, 10 ming bosh yirik shoxli va 50 ming bosh mayda shoxli mol uchun majmualar tashkil etish vazifasi qoʻyildi. Import qilingan chorva mollari aholiga sotilganda QQSning nol stavkasi qoʻllaniladi.
Gʻuzor tumanida 10 ming gektar yer muomalaga kiritiladi. Maydonning yarmini paxta, qolgan qismini ozuqa ekinlari egallaydi. Yerlar dehqonlarga beriladi, shuningdek, klaster tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Yerlarni muomalaga kiritish uchun bir hafta muddatda imtiyozlar paketini tayyorlash topshirildi. Kosmik maʼlumotlarga koʻra, viloyatda muomalaga kiritish mumkin boʻlgan yana 30 ming gektar yer aniqlandi.
Prezident dalalarga suv yetkazib berish murakkab va qimmatga tushayotganiga eʼtibor qaratdi. Shu bois kelasi yili 265 kilometr kanallar betonlashtiriladi va 20 ta nasos yangilanadi. Bu ishlarga 550 milliard soʻm ajratiladi. 2027 yilda fermerlar bilan hamkorlikda 75 ming gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etiladi.
Bu yil Koson, Nishon, Qamashi va Mirishkorda har birining hajmi 50 ming kubometrdan boʻlgan toʻrtta kichik suv ombori qurildi. 1 iyunga qadar beshta tumanda yana ikkitadan shunday obʼyekt quriladi.
Yigʻilishda Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo bir-ikki yil ichida mamlakatning ilgʻor hududlari qatoriga kirishi mumkinligini taʼkidladi. Buning uchun, davlat rahbarining soʻzlariga koʻra, tuman hokimlari va banklar bilim ragʻbatlantiriladigan, mehnat qilish uchun imkoniyatlar yaratiladigan va tashabbuslar qoʻllab-quvvatlanadigan muhitni yaratishlari kerak.

