Hindistonning Haydarobod shahridagi fohishaxonadan olti nafar oʻzbekistonlik ayol qutqarildi

Hindistonning Haydarobod shahridagi fohishaxonadan olti nafar Oʻzbekiston fuqarosi qutqarildi
Hindistonning Haydarobod shahridagi Gachibouli tumanida joylashgan mehmonxonalardan birida olti nafar oʻzbekistonlik ayol topildi, politsiyaning fikricha, bu yerda noqonuniy fohishaxona faoliyat yuritgan. Huquq-tartibot idoralari ushbu noqonuniy biznesni tashkil etishda gumon qilinayotgan ikki erkakni qoʻlga oldi.
Gachibouli politsiyasi odam savdosiga qarshi kurashish boʻlinmasi xodimlari bilan hamkorlikda mehmonxona haqida tezkor maʼlumot olgandan soʻng reyd oʻtkazdi.
Tekshiruv davomida huquq-tartibot idoralari xodimlari olti nafar Oʻzbekiston fuqarosini aniqlab, ularni mehmonxonadan olib chiqishdi.
Politsiya maʼlumotlariga koʻra, Rammohan Reddi va Nixil noqonuniy faoliyatni tashkil etishga aloqador boʻlishi mumkin. Taxminlarga koʻra, ular mehmonxonadan xonalarni ijaraga olib, u yerga Hindistonning turli shtatlaridan mijozlarni jalb qilishgan.
Jabrlanuvchilarning soʻzlariga koʻra, ularni Haydarobodga ramziy toʻlov evaziga olib kelishgan. Shu bilan birga, olti ayolning barchasining hujjatlari tekshirilgan: ularning pasportlari va vizalari haqiqiy boʻlib chiqqan. Ayollar Hindistonga turistik viza bilan kelishgan.
Oʻzbekiston fuqarolari soʻroq qilinganidan soʻng, politsiya odam savdosi moddalari boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatdi. Tergov voqea tafsilotlarini aniqlamoqda va sxemaning boshqa ishtirokchilarini qidirmoqda.
Bu Haydaroboddagi birinchi bunday holat emas. Avvalroq politsiya Banjara-Xillz tumanidagi mehmonxonalardan birida faoliyat yuritgan ayollarni majburiy ekspluatatsiya qilish tarmogʻiga qarshi reyd oʻtkazgan edi. Operatsiya davomida uch nafar ayol qutqarilgan, ular orasida Oʻzbekiston fuqarosi ham boʻlgan.

