Hindistondan O‘zbekistonga olib kelinadigan go‘sht halol sertifikati asosida tayyorlanadi

Hindistondan O‘zbekistonga keltiriladigan go‘sht mahsulotlari halol sertifikati asosida tayyorlanadi.
O‘zbekiston Hindiston bilan go‘sht importini oshirish, shuningdek, ushbu mamlakatda go‘sht yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov ma’lum qildi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi, xususan, chorvachilik va oziq-ovqat sohasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda sezilarli darajada kengaygan. Hindistondan O‘zbekistonga nisbatan arzon go‘sht mahsulotlarini olib kirish bo‘yicha ishlar faol olib borilmoqda. Bu yo‘nalishda qo‘shma korxonalar tashkil etilgan bo‘lib, Hindistonning Alana kompaniyasi bilan kelgusi yillarga mo‘ljallangan yirik rejalar ishlab chiqilmoqda.
Abdurahmonov go‘sht importida halollik va mahsulot xavfsizligi asosiy talablardan biri bo‘lishini ta’kidladi. Uning aytishicha, Hindistonda go‘shtni tayyorlash va so‘yish jarayonlarida O‘zbekiston mutaxassislarining ishtiroki, shuningdek, tegishli xalqaro va halol sertifikatlarini ta’minlash bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.
“O‘zimizning oziq-ovqat korxonalari go‘shtni o‘sha joyda tayyorlab, keyin eksportini yo‘lga qo‘yishi rejalashtirilmoqda”, dedi vazir.
Shuningdek, go‘shtni O‘zbekistonga yetkazib berish logistikasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Vazirning ma’lum qilishicha, Turkiyadagi Mersin porti orqali Hindiston, Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida uch tomonlama logistika yo‘nalishini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Vazir O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi savdosi ham sezilarli darajada oshganini qayd etdi. Uning aytishicha, so‘nggi yillarda savdo aylanmasi uch barobardan ko‘proq o‘sgan. Hindistondan go‘sht mahsulotlari import qilinayotgan bo‘lsa, O‘zbekiston 30 dan ortiq turdagi mahsulotlarni ushbu mamlakatga eksport qilish bo‘yicha ruxsatnomalar, jumladan, fitosanitar ruxsatnomalar va litsenziyalarga ega bo‘lgan.
Bundan tashqari, Hindiston bilan urug‘chilik va yangi qishloq xo‘jaligi ekinlarini joriy etish bo‘yicha ham hamkorlik qilinmoqda. Xorazmda sho‘rga chidamli paxta navlari 12 ming gektar maydonda sinovdan o‘tkazilmoqda. Sabzavot va ozuqa ekinlari uchun yangi urug‘lar ham O‘zbekistonga olib kelinmoqda.
Qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish doirasida g‘o‘za qator oralariga zira ekish bo‘yicha tajribalar ham o‘tkazilmoqda. Bu maqsadda Hindistondan 10 tonnadan ortiq zira urug‘i olib kelinib, respublika bo‘ylab sinovdan o‘tkazilgan.
Shuningdek, Hindiston bilan jut yetishtirish bo‘yicha ham yangi hamkorlik yo‘nalishi rivojlantirilmoqda. Hozirda qariyb 2 ming gektar maydonda jut yetishtirilayotgani, kelgusi yillarda ushbu ekin maydonini kamida 50 ming gektarga yetkazish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.
Abdurahmonovning ta’kidlashicha, tabiiy tolalarga bo‘lgan ehtiyoj yuqori bo‘lib, O‘zbekiston yiliga qariyb 30 million dollarlik shunday mahsulotlarni import qiladi. Hindiston esa jut yetishtirish bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lib, mamlakatda bu ekin 1 million gektarga yaqin maydonda yetishtiriladi.
Eslatib o‘tamiz, Ko‘ksaroy qarorgohida 30-avgust kuni o‘tkazilgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Hindiston bosh vaziri Narendra Modi ishtirokida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tgandi.

