Hindiston talabalarni Oʻzbekiston tibbiyot oliygohlarini tekshirishga chaqirdi
Hindiston TIV Oʻzbekistondagi tibbiy taʼlimning NMC talablariga muvofiqligini taʼminlash zarurligini maʼlum qildi va talabalarni oliy oʻquv yurtlarini tanlashdagi xavf-xatarlardan ogohlantirdi.

Hindiston talabalarni Oʻzbekiston tibbiyot oliygohlarini tekshirishga chaqirdi
Hindiston hukumati indiyalik talabalarning taʼlim olishi, shu jumladan tibbiyot mutaxassisliklari boʻyicha oʻqishi masalalarida Oʻzbekiston bilan hamkorlikni davom ettirmoqda.
Nyu-Deli talabalar olayotgan taʼlim Hindiston Milliy tibbiyot komissiyasi (NMC) talablariga javob berishiga erishmoqchi, dedi Hindiston TIV rasmiy vakili Randxir Jaysval.
Seshanba kuni Nyu-Delida oʻtkazilgan muntazam matbuot brifingida u Oʻzbekistondagi MBBS tibbiyot dasturlariga oʻqishga kirayotgan Hindiston fuqarolari soni kamaygani haqidagi savolga javob berdi.
Jaysval taʼkidlaganidek, Hindiston tomoni Oʻzbekiston hukumati bilan aloqalarni saqlab turibdi. U boʻlajak talabalarga Hindistonning Toshkentdagi elchixonasi va Milliy tibbiyot komissiyasi tomonidan joylashtirilgan tushuntirishlar bilan tanishib chiqishni ham maslahat berdi. Ushbu tavsiyalar nafaqat Oʻzbekistondagi, balki boshqa mamlakatlardagi tibbiyot dasturlariga oʻqishga kirishga ham taalluqlidir.
TIV vakili Hindiston hukumati talabalarni tayyorlash sifatiga va ularni Hindistonda ham, xorijda ham vijdonsiz vositachilar va boshqa shaxslar tomonidan yuzaga kelishi mumkin boʻlgan ekspluatatsiyadan himoya qilishga alohida eʼtibor qaratayotganini taʼkidladi.
Aprel oyida NMC Oʻzbekistonda boshlangʻich tibbiy taʼlim olishni rejalashtirayotgan hindistonlik abituriyentlar uchun tavsiyalarni eʼlon qilgan edi. Hujjatda komissiya Hindiston fuqarolari dasturlari va oʻqish sharoitlari mamlakatda belgilangan talablarga javob bermaydigan xorijiy xususiy tibbiyot kollejlariga oʻqishga kirgan holatlarga eʼtibor qaratgan.
Komissiya boʻlajak talabalarni oʻquv yurtlari maqomini tekshirishga va avtorizatsiyadan oʻtmagan muassasalarga yoki normativ standartlarga javob bermaydigan dasturlarga oʻqishga kirmaslikka chaqirdi.
NMC belgilangan talablarga rioya qilmaslik Hindistonda tibbiy malakani roʻyxatdan oʻtkazishning rad etilishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Majburiy meʼyorlar qatoriga oʻqish muddati, taʼlim tili, oʻquv dasturi mazmuni, klinik tayyorgarlik hajmi, shuningdek, internatura yoki klinik amaliyotni oʻtash shartlari kiradi.

