Hindiston bosh vaziri Javohir Sindorov hamda Gukesh o‘rtasidagi bahs haqida gapirdi

Hindiston Bosh vaziri Javohir Sindorov va Gukesh o‘rtasidagi bahsga to‘xtaldi
O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelgan Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi shaxmatchilar Javohir Sindorov va Gukesh Dommaraju haqida so‘z yuritdi.
Narendra Modi shunday dedi: “O‘tgan yili Goada 20 yoshli o‘zbek grossmeysteri Sindorov Jahon Kubogini qo‘lga kiritdi. Endi noyabr oyida uning raqibi hindistonlik 20 yoshli sportchi Gukesh bo‘ladi – bizni katta bellashuv kutmoqda. Bu ikki yosh sportchi yuzma-yuz kelganda, tabiiyki, butun dunyoning nigohi ushbu musobaqaga qaratiladi. Kelasi oy Samarqandda bo‘lib o‘tadigan shaxmat chempionatida ham sizlarga chin dildan omad tilayman”.
Ma’lumot uchun, shaxmat bo‘yicha Jahon toji uchun bahslar joriy yilning 25-noyabridan 15-dekabriga qadar Shveysariyaning Jeneva shahrida bo‘lib o‘tadi. Unda o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov shaxmat bo‘yicha amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Gukesh Dommarajuga qarshi bahs olib boradi.
Musobaqaning mukofot jamg‘armasi 2,5 million dollarni, umumiy budjeti esa 8,5 million dollarni tashkil etadi. Reglamentga ko‘ra, g‘olibni aniqlash uchun jami 14 ta partiya o‘ynaladi va chempionlik uchun shaxmatchilardan 7,5 ochko jamg‘arish talab etiladi. Agar tomonlardan biri bu natijaga belgilangan o‘yinlardan ertaroq erishsa, bahs muddatidan oldin yakunlanadi. Asosiy o‘yinlar 7:7 hisobidagi durang bilan tugasa, chempion nomi tay-breykda aniqlanadi.

