Hindiston bosh vaziri davlat tashrifi bilan Oʻzbekistonga keladi

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Oʻzbekistonga davlat tashrifi bilan keladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi 29-30-avgust kunlari Oʻzbekistonda boʻladi.
Prezident matbuot xizmati xabariga koʻra, boʻlajak muzokaralarda Oʻzbekiston-Hindiston strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, shuningdek, koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilinadi.
Muzokaralarda tizimli siyosiy muloqotni va madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish, savdo, energetika, kimyo, geologiya, sogʻliqni saqlash, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi, mashinasozlik va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida aniq dasturlar va kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga ustuvor eʼtibor qaratiladi. Shuningdek, xalqaro siyosat va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari, koʻp tomonlama tuzilmalar doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashiladi.
Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli toʻplamini imzolash rejalashtirilgan.
Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Oʻzbekistonga avval uch marotaba tashrif buyurgan. U birinchi marta 2015-yil iyulida kelgan va oʻshanda Hindiston Oʻzbekiston bilan aloqalarni kengaytirishdan manfaatdorligini bildirgan edi. 2016-yil iyunida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun Toshkentga kelgan. 2022-yil sentyabrida esa SHHTning Samarqand sammitida ishtirok etish uchun tashrif buyurgan. 2026-yilgi tashrifi uning Oʻzbekistonga toʻrtinchi tashrifi boʻladi.

