Heyli Biberning Rhode brendi ayollar salomatligi bo‘yicha tadqiqotlarga 5 million dollar ajratadi
Bu kompaniya tarixidagi eng yirik xayriya tashabbusi hisoblanadi.

Heyli Biberning Rhode brendi ayollar salomatligi bo‘yicha tadqiqotlarga 5 million dollar yo‘naltiradi
Heyli Biber asos solgan Rhode kosmetika brendi Foundation for Women’s Health tashkilotiga 5 million dollar ajratadi. Bu haqda WWD nashri ma’lum qildi.
Mablag‘lar ayollar salomatligi bo‘yicha tibbiy tadqiqotlar, ma’rifiy dasturlar, shuningdek, kasalliklarni aniqlash va davolashning yangi usullarini ishlab chiqishga sarflanadi.
Asosiy e’tibor endometrioz, autoimmun kasalliklar, homiladorlik davri va tug‘ruqdan keyin ayollar duch keladigan muammolarga qaratiladi.
Bu Rhode kompaniyasi tarixidagi eng yirik xayriya tashabbusidir. Bunday katta miqdordagi mablag‘ ajratish imkoniyati brendning tijoriy jihatdan tez rivojlanishi ortidan yuzaga kelgan. 2025-yilda Rhode E.l.f. Beauty korporatsiyasi tarkibiga o‘tdi va uning yillik chakana savdo hajmi 500 million dollardan oshdi.
Heyli Biber ushbu tashabbus nafaqat tibbiyot taraqqiyotiga hissa qo‘shishi, balki ayollar salomatligi masalasiga jamoatchilik e’tiborini ham kuchaytirishiga umid qilmoqda.
“Men ayollar salomatligi mavzusiga chin dildan qiziqaman. Singlim polikistik tuxumdonlar sindromi bilan kurashmoqda, ko‘plab dugonalarim esa endometrioz va ayollarga xos boshqa muammolarga duch kelgan. Ayol sifatida bu sohada tadqiqotlar yetishmasligi, xabardorlik darajasi pastligi va muammolar haqida yetarlicha ochiq suhbat olib borilmasligi meni ranjitadi”, dedi Biber WWD nashriga bergan intervyusida.

