Hammamiz Singapurga boramiz
Dunyodagi eng yuqori maosh oluvchi siyosatchi 1 million dollar ustama oladi

Hammamiz Singapurga boramiz
Singapurda 15 oktyabrdan boshlab hukumat aʼzolarining maoshlari oshiriladi, buning natijasida bosh vazir Lourens Vongning yillik daromadi 64 foizga — 2,2 milliondan 3,6 million Singapur dollarigacha (taxminan 2,85 million AQSh dollari) koʻtariladi. Bu haqda hukumat rahbari parlamentda maʼlum qildi.
Mamlakat rasmiylari malakali kadrlarni jalb qilish va korruptsiyani jilovlash maqsadida siyosiy yetakchilar mehnatiga haq toʻlashning yuqori darajasini saqlab qolish anʼanasiga amal qiladi.
Lourens Vong bu masala aholi uchun nozik ekanini tan oldi va toʻlovlarning qayta koʻrib chiqilishi 2012 yildagi soʻnggi oʻzgarishdan beri xususiy va davlat sektorlarida daromadlarning oʻsishi bilan bogʻliqligini taʼkidladi. Hukumat rahbari kelgusi 5 yil davomida maoshining oshirilgan qismini xayriya ishlariga oʻtkazishini maʼlum qildi. Kichik vazirlarning maoshlari ham oshiriladi — ish natijalariga qarab 1,1 million Singapur dollaridan 1,35–1,8 milliongacha. Singapur bosh vaziri hamon dunyodagi eng koʻp maosh oluvchi milliy yetakchi boʻlib qolmoqda. Taqqoslash uchun, AQSh prezidentining yillik daromadi 400 ming dollarni, Buyuk Britaniya bosh vaziriniki esa 230 ming dollarni tashkil etadi.
Singapur amaldorlarning maoshlarini hisoblashda mamlakatning eng koʻp daromad oluvchi 1 ming nafar fuqarosi daromadlariga tayanadi. Oxirgi marta vazirlarning maoshlari 2012 yilda 36 foizga qisqartirilgan edi, keyingi qayta koʻrib chiqishlar esa qoldirilgandi. Ushbu tashabbus allaqachon jamiyatda va ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab boʻldi, masalaning parlamentdagi muhokamasi esa payshanba kuniga belgilangan.
Yuqori maoshlar korruptsiya xavfini minimallashtirishi kerak, biroq 2024 yilda Singapur sobiq transport vaziri S. Isvaran 300 ming dollardan ortiq qiymatdagi sovgʻalarni olgani uchun qamoq jazosiga hukm qilindi.

