Dunyo

Xitoyda 41 mln dollarlik korrupsiyada ayblangan sobiq amaldor o‘limga hukm qilindi

Xitoyda 41 million dollarlik korrupsiyada ayblangan sobiq amaldorga o‘lim jazosi tayinlandi. Bu haqda 11-avgust kuni Hubey provinsiyasining Jingjou shahri oraliq sudi ma’lum qildi.

Nankin shahri Xalq vakillari kengashi qo‘mitasining sobiq rahbari Long Siang pora olish, o‘zlashtirish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va insayderlik jinoyatlari uchun ikki yillik kechiktirish sharti bilan o‘lim jazosiga hukm qilindi. U umumiy hisobda taxminan 41 million dollarlik korrupsiya ishida ayblanmoqda.

Sud uning umrbod siyosiy huquqlaridan mahrum etilishini va barcha shaxsiy mol-mulkini davlat hisobiga musodara qilishni buyurdi. Birinchi instansiya sudida Long Siang davlat mulkini o‘zlashtirgani uchun 9 yilga ozodlikdan mahrum etilib, 1 million yuan (148 ming dollar) jarimaga tortilgan edi. Mansabini suiiste’mol qilgani uchun 9 yil, insayderlik uchun esa 5 yil qamoq va 1 million yuan jarimaga hukm qilingan.

Sud barcha jazolarni birlashtirib, yakuniy hukmni chiqardi. Pora va boshqa jinoyatlar orqali topilgan noqonuniy daromadlar davlat g‘aznasiga hamda jabrlangan tashkilotlarga qaytariladi.

Sud ma’lumotlariga ko‘ra, Long Siang 2009-yil yanvaridan 2025-yil mart oyigacha turli yuqori lavozimlarda ishlagan. U o‘z mansabidan foydalanib, kompaniyalar va shaxslarga loyihalarni olish hamda boshqa masalalarda yordam bergan. Buning evaziga u umumiy qiymati 261 million yuandan (38-39 million dollar) ortiq pul va mol-mulkni pora sifatida olgan.

Shuningdek, u 2014—2016-yillarda boshqalar bilan til biriktirib, Nankin iqtisodiy va texnologik rivojlanish zonasidan 12 million yuan (1 million 800 ming dollar) subsidiyani noqonuniy olgan. 2009—2016-yillarda esa o‘z manfaatlari yo‘lida qonunbuzarlarni tergovdan yashirgan. Bu davlat va jamiyatga juda katta zarar yetkazgan.

2017—2018-yillarda esa u maxfiy moliyaviy ma’lumotlardan foydalanib, 10,05 million yuandan (1 million 500 ming dollar) ortiq aksiyalarni noqonuniy sotib olgan.

Sud uning yirik xizmatlari, aybini tan olgani, tergovga ma’lum bo‘lmagan faktlarni ochgani, pushaymonligi va barcha noqonuniy pullarni qaytarganini hisobga olib, jazoni biroz yengillashtirdi. Pora va o‘zlashtirish orqali topilgan barcha mol-mulk to‘liq undirildi. Ushbu ish bo‘yicha ochiq sud majlisi 2026-yil 10-aprelda bo‘lib o‘tgan edi. Avvalroq maoshi kamaytirilgani uchun rahbari va hamkasblarini zaharlagan xitoylik erkak o‘lim jazosiga mahkum etilgani haqida xabar berilgandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.