«Hali ham SSSR meyorlari bilan ishlanyapti»: “Nima dard?”da yoʻl qurilishidagi sifat haqida suhbat
Nega yangi asfalt qilingan yoʻl oradan koʻp oʻtmay yana taʼmirtalab boʻlib qoladi? Muammo asfalt sifatidami, yoʻlning asosidami yoki uni qurish va nazorat qilish tizimidami? Yoʻl qurilishi sohasida qanday normativlar amal qilyapti?

«Hali ham SSSR meyorlari bilan ishlanyapti»: “Nima dard?”da yoʻl qurilishidagi sifat haqida suhbat
Odatda yoʻl sifati tilga olinganda, odamlar uning koʻrinib turgan qismi — asfalt qoplamasiga eʼtibor beradi. Yoʻl tekis boʻlsa, yaxshi deb baholanadi, chuqurlar yoki toʻlqinsimon joylar paydo boʻlsa, u sifatsiz qurilgan degan xulosa qilinadi.
Ziyodulla Bahromovning aytishicha, aslida yoʻl ancha murakkab muhandislik inshooti hisoblanadi. U tuproqdan boshlanadi va bir nechta asos hamda qoplama qatlamlaridan iborat boʻladi. Shu bois faqat yuqori qatlamni yangilash muammoni hal qilib qoʻya qolmasligi mumkin.
«Agar yoʻl asosini toʻgʻri tanlasak, ustki qatlamini toʻgʻrilab qoʻyish mumkin. Agar asos notoʻgʻri tanlangan boʻlsa, ustini toʻgʻrilab qoʻysak, oʻzimizni oʻzimiz aldagan boʻlamiz. Maʼlum vaqtdan keyin u baribir buziladi», - deydi mutaxassis.
Uning tushuntirishicha, svetoforlar yaqinida asfaltning toʻlqinsimon boʻlib qolishi yoki yoʻlda boʻylama va koʻndalang deformatsiyalar paydo boʻlishi ham faqat ustki qoplama bilan bogʻliq emas.
Shu sababli har bir yoʻlga bir xil, tayyor qolip asosida yondashish notoʻgʻri. Yoʻlning vazifasi, undan oʻtadigan transport intensivligi, ogʻir yuk mashinalari soni, tuproq va iqlim sharoiti hisobga olinishi kerak.
Oʻzbekiston iqtisodiyoti oʻsgani sari transport harakati ham ortib bormoqda. Ishlab chiqarish hajmining koʻpayishi xomashyo va tovarlarni tashish, odamlarning harakatlanishi hamda ogʻir yuk transportlari qatnovining koʻpayishini anglatadi.
Bahromovning taʼkidlashicha, infratuzilmadagi oʻzgarishlar iqtisodiyotdagi oʻsish surʼatiga har doim ham yetib bora olmayapti.
Bu masalada ogʻir transport alohida ahamiyatga ega. Mutaxassis suhbatda bitta katta yuk mashinasining yoʻlga tushiradigan yuki juda koʻp yengil avtomobillar taʼsiriga teng kelishi mumkinligini aytadi.
Shu bois yoʻlni faqat bugungi transport oqimi uchun emas, balki kelajakdagi yuklama va iqtisodiy oʻsishni ham inobatga olgan holda loyihalash muhim.

