Gurjistonda sobiq mudofaa vaziri davlatga xiyonatda ayblanib qoʻlga olindi
Gurjistonda sobiq mudofaa va ichki ishlar vaziri, muxolifatdagi «Yagona milliy harakat» partiyasi yetakchilaridan biri Georgiy Baramidze qoʻlga olindi. Unga «vatanga xiyonat, xususan, sabotaj» ayblovi qoʻyilishi kutilmoqda. Ishga Baramidzening 1992–1993-yillardagi Abxaziya urushi haqida aytgan gaplari sabab boʻlgan.

Gurjistonda sobiq mudofaa vaziri davlatga xiyonat ayblovi bilan qoʻlga olindi
Gurjiston Bosh prokuraturasi 11-sentabr kuni Georgiy Baramidze sud qarori asosida hibsga olinganini maʼlum qildi. U mamlakatda bosh vazir vazifasini bajargan, shuningdek, mudofaa va ichki ishlar vaziri lavozimlarida ishlagan.
58 yoshli Baramidze hozirda Gurjistonning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili asos solgan muxolifatdagi «Yagona milliy harakat» partiyasi yetakchilaridan biri sanaladi.
Gurjiston bosh prokurori oʻrinbosari Amiran Guluashvilining aytishicha, Baramidzega «vatanga xiyonat, aniqrogʻi, sabotaj» bo‘yicha ayblov qoʻyiladi.
Jinoyat ishi Baramidzening 18-iyul kuni muxolifatchi siyosatchi Yago Xvichiyaning YouTube-kanalida efirga uzatilgan «Gurjistonning tugʻilishi» dasturida bildirgan fikrlari ortidan ochilgan.
Bosh prokuratura maʼlumotiga koʻra, Baramidze suhbat chogʻida 1992–1993-yillardagi Abxaziya urushi boshida gruzin harbiylari asir olmagani, balki qoʻlga tushganlarni joyida otib tashlaganini aytgan. Uning soʻzlariga koʻra, shu bois gurji tomonida, Abxaziya tomonidan farqli ravishda, asirlarni almashish uchun «almashuv fondi» boʻlmagan.
Baramidzening ushbu bayonoti yuzasidan tergov 7-avgust kuni Gurjistonning Veteranlar ishlari boʻyicha davlat xizmati shikoyatidan keyin boshlangan.
Bosh prokuratura tergov davomida gurji armiyasi asirlarni otib tashlaganini tasdiqlovchi hech qanday fakt aniqlanmaganini bildirgan.
Idora Baramidzening gaplarini «asossiz va soxtalashtirilgan» deb baholagan. Prokuratura talqiniga koʻra, uning bayonoti «qasddan qilingan mafkuraviy va targʻibot xarakteriga ega» boʻlib, Gurjistonning davlat va milliy manfaatlari, tashqi xavfsizligi, mudofaa qobiliyati hamda davlat institutlariga zarar yetkazishga xizmat qiladi.
Shuningdek, prokuratura Baramidzening soʻzlari Gurjiston imiji va mamlakat Mudofaa kuchlari obroʻsiga putur yetkazgani, Abxaziya urushi qatnashchilari va halok boʻlgan harbiylarning shaʼni va qadr-qimmatiga daxl qilganini iddao qilmoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shuningdek, bu bayonot mojarodan jabrlangan aholi oʻrtasida yarashuv va ishonchni mustahkamlash jarayoniga xavf tugʻdirgani, Gurjistonning tinchlik va deokkupatsiya siyosatiga putur yetkazgani hamda davlat idoralarining normal faoliyatini qiyinlashtirganini bildirgan.

