Guldastalar oʻrniga — xayriya. Toshkent maktablari oʻquv yili boshlanishi anʼanasini qanday oʻzgartirmoqda
Toshkentdagi bir qator xususiy maktablarda yangi oʻquv yilida guldastalar sovgʻa qilish anʼanasidan xayriya foydasiga voz kechildi. Leader School bir necha yildan buyon xospisga koʻchatlar topshirib kelmoqda. Sehriyo, Oxbridge va Vosiq International bu yil onkologik kasallikka chalingan bolalar uchun mablagʻ yigʻdi. Bunday tashabbuslar nimasi bilan muhim?

Guldastalar oʻrniga — xayriya: Toshkent maktablari oʻquv yili boshlanishi anʼanasini qanday oʻzgartirmoqda
Maktablarda oʻquv yilining boshlanishi azaldan pedagoglarga guldastalar taqdim etish bilan birga kechgan. Bu oʻqituvchilarga boʻlgan eʼtibor va hurmatni ifodalovchi goʻzal anʼana boʻlsa-da, ayrim maktablar undan asta-sekin voz kechmoqda. Toshkentdagi bir qator xususiy maktablarda ota-onalar va oʻquvchilarga bir necha kundan keyin soʻlib qoladigan gullarni sotib olish oʻrniga, xayriya aktsiyalarida ishtirok etish taklif qilinmoqda.
Leader School maktabida bir necha yildan buyon shaharda, soʻnggi yillarda esa Taskin bolalar xospisi hududida ekish uchun koʻchatlar yigʻilmoqda. Sehriyo, Oxbridge School va Vosiq International School maktablarida esa bu yil onkologik kasalliklarga chalingan bolalarga yordam berish uchun «Ezgu Amal» jamoat fondiga mablagʻ yigʻildi. «Gazeta» oʻquvchilarga oʻquv yilini ezgu ishlar bilan boshlashga yordam bergan aktsiyalar haqida hikoya qiladi.
Mana olti yildirki, Leader School xususiy maktabida oʻquv yili «Soʻnmas yaxshilik» aktsiyasi bilan boshlanadi. Oʻqituvchilar uchun guldastalar oʻrniga ota-onalar va oʻquvchilar koʻchatlar — yosh daraxtlar, butalar va gullaydigan oʻsimliklar sotib olishadi, keyinchalik ular Toshkentning turli tumanlariga ekiladi.
«Koʻchat — bu shunchaki oʻsimlik emas, balki yangi hayot, umid va kelajak ramzidir. Aktsiyamizning asosiy maqsadi — „yordam“, „gʻamxoʻrlik“ va „hamdardlik“ soʻzlari haqiqiy maʼno bilan toʻlgan va amaliy ishlar bilan tasdiqlanadigan befarq boʻlmagan odamlar jamiyatini shakllantirishdir», — dedi maktab asoschisi va direktori Firuza Vahabova «Gazeta»ga.
Oʻtgan yillarda yosh daraxt va butalar maktab homiy sifatida qoʻllab-quvvatlab kelayotgan Taskin bolalar xospisi hududiga ekilgan edi. Yil davomida oʻquvchilar va pedagoglar kichkina bemorlar huzuriga borishadi, sovgʻalar olib kelishadi, ijodiy mashgʻulotlar va mahorat darslari oʻtkazishadi.
Bu yil Leader School yaqinda ochilishi kutilayotgan kattalar xospisi hududini koʻkalamzorlashtirishda ishtirok etdi. Aktsiyada yuqori sinflarning 25 nafar oʻquvchisi qatnashdi. Ular Suriya gibiskusi, timyan, pavlovniya, katalpa, ignabargli daraxtlar, shuningdek, olma, nok, gilos, xurmo va boshqa mevali daraxtlar koʻchatlarini olib kelib, ekishdi.
«Biz uchun bu shunchaki ekologik aktsiya emas, balki oʻsmirlarni natijasini oʻz koʻzlari bilan koʻra oladigan haqiqiy ijtimoiy foydali ishga jalb qilish imkoniyatidir. Ekilgan daraxtlar nafaqat hududni obodonlashtirishga qoʻshilgan hissa, balki eʼtibor, qoʻllab-quvvatlash va insoniy gʻamxoʻrlik ramzi boʻlishini istaymiz», — deb taʼkidladi Firuza Vahabova.
Maktab koʻchatlarning qanday ildiz otishi va oʻsishini kuzatib borishni va zarur boʻlganda ularni parvarish qilishda ishtirok etishni rejalashtirmoqda.
«Soʻnmas yaxshilik» aktsiyasi maktabning oʻquvchilar, pedagoglar va ota-onalar jalb etilgan kengroq xayriya va ijtimoiy faoliyatining bir qismidir, dedi direktor.
«Bola uchun kattalar taklif qilgan faoliyatda shunchaki ishtirok etish emas, balki buni nima uchun va nima sababdan qilayotganini, uning qilgan ishi kimga foyda keltirishini va oʻzidan keyin qanday iz qoldirishini tushunishi muhim.
Biz uchun pedagogika — bu maʼnolar pedagogikasidir: goʻzal tadbir tashkil etish emas, balki bolalarga masʼuliyat, gʻamxoʻrlik va daxldorlik tajribasini yashab oʻtishga yordam berishdir. Toki yaxshilik mavhum soʻz boʻlib qolmay, bola maʼnosini tushunadigan aniq harakatga aylansin», — deya taʼkidladi u.
Sehriyo maktabi bu yil Toshkentda ilk bor «Ezgu Amal» jamoat fondi tomonidan oʻtkazilgan «Bolalar gullar oʻrniga» aktsiyasini qoʻllab-quvvatladi. Bu tashabbus Rossiyada 13 yil avval paydo boʻlgan va oʻshandan beri MDHning boshqa mamlakatlari hududida ham oʻtkazib kelinmoqda. Uning mohiyati shundaki, sinf oʻqituvchiga barcha oʻquvchilar nomidan bitta umumiy guldasta sovgʻa qiladi, alohida guldastalarga sarflanishi mumkin boʻlgan pullar esa xayriyaga yoʻnaltiriladi.
«Ushbu aktsiya falsafasi bizga juda yaqin. Gullar, shubhasiz, goʻzal, ammo bir haftadan keyin ular soʻlib qoladi, bolaga koʻrsatilgan yordam esa uzoq muddatli va haqiqiy foyda keltirishi mumkin. Biz Toshkentda ham shunday tashabbusni yoʻlga qoʻyish ajoyib boʻlardi, deb oʻyladik», — dedi «Ezgu Amal» fondi pedagogi va psixologi Kamilla Toʻraxoʻjayeva.
Uning soʻzlariga koʻra, oʻquv yilining boshlanishi bolalar bilan mehribonlik, oʻzaro yordam va hamdardlik haqida gaplashish, qadriyatlarning muhimligini real ishlar bilan tasdiqlash uchun qulay fursatdir.
«Bolaga shunchaki mehribon boʻlish kerakligini yoki boshqalarga yordam berish muhimligini eshitishning oʻzi kifoya qilmaydi. U oʻz qilgan ishining natijasini koʻrib: „Men haqiqatan ham kimgadir yordam berdim“, deb tushunganida bu ancha kuchliroq taʼsir qiladi. Oʻshanda xayriya uzoq va mavhum narsa boʻlishdan toʻxtaydi, bolalar esa hatto ularning kichik qilgan ishlari ham ahamiyatga ega ekanligini tushuna boshlaydilar», — dedi psixolog.
Toʻraxoʻjayeva ijtimoiy tarmoqlarda aktsiya haqida gapirib, taʼlim muassasalarini unga qoʻshilishga taklif qildi. Bu chaqiriqqa Oxbridge xususiy maktabining ikkita filiali, Vosiq International School va Sehriyo maktablari javob berishdi, u yerda 23 ta sinf aktsiyani qoʻllab-quvvatlashga qaror qildi.
«Biz bolalarda oʻzaro yordam, gʻamxoʻrlik va ishtirok etish madaniyatini tarbiyalashni muhim deb hisoblaymiz. Shuning uchun ushbu aktsiyaga qoʻshilish biz uchun tabiiy hol edi. Bu gʻoya butun maktabda iliq kutib olindi: oʻqituvchilar tashabbusni qoʻllab-quvvatladilar, ota-onalar mablagʻ yigʻishga tayyorlik bilan qoʻshildilar, oʻquvchilar esa unda faol ishtirok etdilar», — deya taʼkidlashdi Sehriyo maʼmuriyatida.
Tashabbusga bir nechta gul doʻkonlari ham qoʻshildi: baʼzilari aktsiya ishtirokchilariga chegirmalar taklif qilishdi, boshqalari esa guldastalar sotishdan tushgan mablagʻning bir qismini fondga oʻtkazishni taklif qilishdi. Xayriya mablagʻlari fond saytidagi QR-kod va Oxbridge hamda Sehriyo maktablarida oʻrnatilgan xayriya qutilari orqali qabul qilindi.
Xayriya mablagʻlari «Ezgu Amal» fondi vasiyligidagi onkologik va gematologik kasalliklarga chalingan bolalarga yordam berishga — qimmatbaho dori-darmonlarni sotib olish, tekshiruvlar yoki davolanish bilan bogʻliq boshqa xarajatlarga yoʻnaltiriladi.

