Google Play Store komissiyalari tufayli bir milliard funt sterlingdan koʻproq mablagʻ yoʻqotishi mumkin

Google Play Store komissiyalari sababli bir milliard funt sterlingdan koʻproq mablagʻidan mahrum boʻlishi mumkin
Buyuk Britaniyada Google kompaniyasiga qarshi Play Store ilovalar doʻkoni orqali foydalanuvchilar va dasturchilardan undirgan komissiyalari sababli bir milliard funt sterlingdan ortiq summaga jamoaviy daʼvo arizasi topshirildi. Taxminan 20 million isteʼmolchi nomidan berilgan daʼvoni koʻrib chiqish Londonda boshlandi.
Ishni Raqobat masalalari boʻyicha apellyatsiya tribunali koʻrib chiqmoqda. Daʼvogarlarning taʼkidlashicha, Google bozordagi ustun mavqeidan foydalanib, ilovalarni sotib olish, oʻyin ichidagi toʻlovlar va obunalar uchun 30 foizgacha komissiya undirgan. Ularning talqiniga koʻra, dasturchilar ushbu xarajatlarni foydalanuvchilar zimmasiga yuklashgan.
Daʼvoga isteʼmolchilar huquqlari himoyachisi Liz Koll boshchilik qilmoqda. Uning vakillari, shuningdek, Google xarid boshqa platformalar orqali amalga oshirilgan hollarda ham komissiya qoʻllaganini daʼvo qilmoqdalar. Misol tariqasida ular YouTube Premium obunasini keltirishmoqda, daʼvogarlarning fikriga koʻra, u App Store orqali sotilganda, kompaniya Apple komissiyasini isteʼmolchi uchun belgilangan narxga qoʻshib yuborgan.
Google va uning bosh kompaniyasi Alphabet ayblovlarni rad etmoqda. Kompaniya daʼvoda Android taqdim etadigan tanlov imkoniyatlari hisobga olinmaganini, Google komissiyalari esa bozordagi eng past koʻrsatkichlardan biri ekanini maʼlum qildi.
Google yuristlari, shuningdek, Play Store ham dasturchilar, ham foydalanuvchilar tomonidan jiddiy raqobatga duch kelayotganini, jumladan, App Store va boshqa platformalar bilan raqobatlashayotganini taʼkidlamoqdalar.
Ushbu sud jarayoni raqamli doʻkonlardagi komissiyalar tufayli yirik texnologik kompaniyalarga qarshi Buyuk Britaniyadagi navbatdagi ish boʻldi. Shu kabi daʼvolar Apple va Sony kompaniyalariga nisbatan ham koʻrib chiqilgan boʻlib, ular ham 30 foizgacha komissiya undirishda ayblangan edi.
Shu yozda avvalroq Google Yevropadagi boshqa bir antimonopol nizoda yutqazgan edi: IA sudi Android tizimining ishlashida raqobat qoidalarini buzgani uchun kompaniyaga qoʻyilgan 4,1 milliard yevrolik jarimani uzil-kesil tasdiqladi.

