Ozon ilovalari Google Playʼda endi mavjud emas
Rossiyaning Ozon marketpleysiga tegishli bir qator ilovalar Google Play do‘konidan olib tashlandi. Kompaniya hozircha buning sabablari ma’lum emasligini bildirgan. Avvalroq Yevropa Ittifoqi Ozon Bankʼka nisbatan sanksiyalar joriy etgan edi.

**Ozon ilovalari Google Play do‘konidan g‘oyib bo‘ldi**
14-avgust kuni kechqurun Ozon kompaniyasi o‘zining bir nechta dasturlari Android qurilmalari uchun mo‘ljallangan Google Play ilovalar do‘konidan olib tashlanganini ma’lum qildi.
Xususan, Ozon, Ozon Fresh, Ozon Seller, Ozon Job va Ozon Travel ilovalari endi Google Play’da mavjud emas. Kompaniya ushbu ilovalarning nima sababdan olib tashlangani hozircha aniq emasligini ta’kidladi. Biroq, ular Apple App Store va Huawei AppGallery do‘konlarida foydalanuvchilar uchun hali ham mavjud.
Avvalroq, Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan Ozon Bank ilovasi ham Google Play’dan olib tashlangan edi.
So‘nggi bir necha oy ichida Rossiyaga tegishli qator raqamli servislar yirik ilovalar do‘konlaridan chiqarib tashlandi. Misol uchun, iyun oyida Apple o‘zining App Store do‘konidan VK’ga tegishli bir qator ilovalarni, jumladan, "VKontakte", "Odnoklassniki", VK Messenger, VK Video, VK Muzyka, "Dzen" va Mail.ru kabi servislarni olib tashlagan edi.
Iyul oyida esa VK’ning shunga o‘xshash ilovalari Google Play’dan ham g‘oyib bo‘ldi. Bu holat Yevropa Ittifoqi xolding bilan bog‘liq tuzilmalarga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etganidan keyin kuzatilgan. Yevropa Ittifoqi cheklovlarni izohlar ekan, boshqa omillar qatorida VK’ning Rossiyada fuqarolik jamiyati va muxolifatga bosim o‘tkazilishidagi rolini ham qayd etgan.
Shuningdek, Apple App Store’dan "Yandeks Pey" to‘lov servisi ham olib tashlangan. Bu qaror "Yandeks Bank"ka nisbatan joriy etilgan sanksiyalar bilan izohlangan.

