Gonkong Xitoy ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi Yangi Toshkentga qiziqish bildirdi

Gonkong Xitoy ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi Yangi Toshkentga qiziqish bildirdi
«Yangi Toshkent» direktsiyasida Oʻzbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi oʻrinbosari Saidkahhor Xolxoʻjayev Gonkong Xitoy ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi (CMA) prezidenti Vinko Lo boshchiligidagi delegatsiya bilan muzokaralar oʻtkazdi.
Uchrashuvda sanoat, savdo, moliya va zamonaviy texnologiyalar sohalarida faoliyat yuritayotgan Gonkongning yirik kompaniyalari va moliya institutlari vakillari ham ishtirok etdi.
Suhbat davomida xorijiy delegatsiyaga respublikaning investitsiyaviy salohiyati, amaldagi soliq va bojxona imtiyozlari, shuningdek, xorijiy investorlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari taqdim etildi.
Tomonlar Yangi Toshkentni qurish loyihalari, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish, tijorat obʼyektlari va xizmat koʻrsatish sohasi korxonalarini barpo etish, shuningdek, erkin iqtisodiy zonalar hududida ishlab chiqarishlarni mahalliylashtirish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratdilar.
Uchrashuv ishtirokchilari sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, ilgʻor texnologiyalarni joriy etish va qoʻshma korxonalarni ishga tushirish istiqbollarini muhokama qildilar. Muzokaralar yakunlari boʻyicha qoʻshma investitsiyaviy tashabbuslarni keyinchalik ishlab chiqish uchun aniq yoʻnalishlar belgilab olindi.

