Glinka koʻchasidagi portlashdan keyin Toshkentda oʻtkazilgan tekshiruvlarda 10 ta gaz sizib chiqish holati aniqlandi
Yaqinda kommunikatsiyalar taʼmirlangan Glinka koʻchasidagi yer osti portlashidan soʻng, Toshkent hokimligi boshqa tumanlarda oʻrganish oʻtkazdi va 10 ta sizib chiqish holatini aniqladi. Ular tezkorlik bilan bartaraf etildi. Mobil laboratoriyalar Glinka koʻchasi hududidagi tarmoqlarni tekshirishni davom ettirmoqda.

Glinka koʻchasidagi portlashdan keyin Toshkentda oʻtkazilgan tekshiruvlarda 10 ta gaz sizib chiqish holati aniqlandi
3 sentyabr kuni Toshkentning Glinka koʻchasidagi yer osti gaz quvuridan gaz sizib chiqishi oqibatida yuz bergan portlashdan soʻng, poytaxt hokimi topshirigʻiga binoan maxsus ishchi guruh tuzilib, shaharning boshqa tumanlarida tekshiruvlar oʻtkazdi. Uning tarkibiga Veolia Energy Tashkent (issiqlik taʼminoti), «Toshkent shahar suv taʼminoti» va «Hududgaz Poytaxt» (gaz taʼminoti) kompaniyalari mutaxassislari kirdi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tekshiruvlar davomida oʻrta bosimli gaz quvurlarida 4 ta, past bosimli gaz quvurlarida esa 6 ta gaz sizib chiqish holati aniqlandi. Barcha nosozliklar tezkorlik bilan bartaraf etildi, deyiladi xabarda.
Glinka koʻchasida taʼmirlash-tiklash ishlari yakunlanib, u transport harakati uchun ochildi. Shu bilan birga, «Hududgaztaʼminot» va boshqa tashkilotlarning mobil laboratoriyalari yuzaga kelishi mumkin boʻlgan gaz sizib chiqish holatlarini aniqlash maqsadida ushbu koʻchaga tutash hududlardagi muhandislik tarmoqlarini kompleks tekshiruvdan oʻtkazmoqda.
«Ushbu ishlar kelgusida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, aholi xavfsizligini taʼminlash, shuningdek, shahar infratuzilmasining barqaror va ishonchli ishlashini taʼminlashga qaratilgan», — deya taʼkidladi hokimlik.
Eslatib oʻtamiz, yozda Glinka koʻchasida eskirgan muhandislik tarmoqlarini yangilash va quvurlarni almashtirish ishlari olib borilgan edi. Yangi quvurlar mustahkamlik va ishga yaroqlilik boʻyicha sinovdan oʻtkazilgan, deya xabar bergan edi Yakkasaroy tumani hokimligi.

