Germaniyadagi yovoyi tabiat bogʻida boʻri hujum qilishi oqibatida qiz ogʻir jarohat oldi
Sakkiz yoshli qizchaga hujum qilinganda, u boshqa bolalar va xodim bilan birga oʻralgan maydonda edi.

Germaniyadagi yovoyi tabiat parkida boʻri hujumi oqibatida qizcha ogʻir jarohatlandi
Germaniyadagi yovoyi tabiat parkida boʻri hujum qilishi oqibatida sakkiz yoshli qizcha ogʻir jarohat oldi.
Politsiyaning maʼlum qilishicha, hujum sodir boʻlgan vaqtda qizcha Berlinning janubida joylashgan Brandenburgdagi Yohannismyule parkining qafasi ichida xodim va boshqa ikki nafar bola bilan birga boʻlgan.
Bildirishnomada aytilishicha, "hodisaning aniq holatlari boʻyicha politsiya tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda".
Chorshanba kuni sodir boʻlgan hodisadan soʻng qizcha vertolyotda kasalxonaga yetkazilgan. Boshqa hech kim jarohat olmagan.
Park veb-saytiga koʻra, Barut/Mark shaharchasida joylashgan ushbu maskan vaqtincha yopilgan va 2 noyabr kuni qayta ochilishi kutilmoqda, biroq boshqa tafsilotlar berilmagan.
Parkda ku Kulrang va arktika boʻrilari, shuningdek, qoʻngʻir ayiq va silovsin kabi boshqa hayvonlar saqlanadi.
Germaniyaning Bild gezetasining yozishicha, qizcha kamida bitta hayvon tomonidan jarohatlangan va boshidan jarohat olgan.
Nashrning xabar qilishicha, hodisa park mahalliy vaqt bilan soat 10:00 da (Grinvich boʻyicha 09:00) ochilishidan oldin sodir boʻlgan va qizcha maxsus ekskursiyada ishtirok etayotgan boʻlishi mumkin.
Yohannismyule tashrif buyuruvchilarga baʼzi hayvonlar bilan vaqt oʻtkazish imkonini beruvchi kichik guruhlar uchun turlarni taklif etadi, uning veb-saytida boʻrilarni oziqlantirish yoki lamani silash haqida eslatib oʻtilgan.
Ushbu hodisa Yevropaning hayvonot bogʻlari va yovoyi tabiat parklarida sodir boʻlgan boshqa bir qator hayvonlar hujumidan soʻng yuz berdi.
Shu hafta Gollandiya hayvonot bogʻi nazoratchisi qoplon hujumi oqibatida vafot etdi, shuningdek, shu oy boshida Yorkshir yovoyi tabiat parkida bir erkak yoʻlbars tomonidan oʻldirilgan edi.

