Siyosat

Germaniyada harbiy xizmatdan bosh tortayotganlar soni keskin ortdi

Germaniyada harbiy xizmatdan bosh tortish holatlari keskin oshdi. Bu haqda Oila va fuqarolik jamiyati ishlari bo‘yicha federal idoraning ma'lumotlariga asoslanib Deutsche Welle xabar berdi. Yil boshidan 30-iyungacha ushbu idoraga 5 862 ta shunday ariza kelib tushgan. Taqqoslash uchun, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 3 867 tani, 2024-yilda esa 2 998 tani tashkil etgan. 2011-yilda majburiy harbiy xizmat to‘xtatilgandan so‘ng, 4 348 kishi armiyaga borishni rad etgan edi.

Xavfsizlik sohasidagi murakkab vaziyat va 1-yanvardan kuchga kirgan armiyaga chaqiruv islohoti xizmatni rad etishning asosiy sabablari hisoblanadi. 2027-yil 1-iyuldan boshlab barcha 18 yoshli yigitlar, hatto o‘z ixtiyori bilan xizmat qilishni xohlamasalar ham, harbiy xizmatga yaroqlilik toifasini aniqlash uchun majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishga majbur bo‘ladi.

Shuningdek, 2011-yilda to‘xtatilgan majburiy xizmat mamlakat parlamenti qarori bilan yana qisman tiklanishi mumkin. Agar zarur miqdorda ko‘ngillilarni yig‘ish imkoni bo‘lmasa, “zarurat tufayli” tizimini ishga tushirish rejalashtirilmoqda. 2035-yilga borib amaldagi harbiy xizmatchilar sonini 186 mingdan 260 ming nafarga yetkazish rejalashtirilgan. Harbiy xizmatdan bosh tortish to‘g‘risidagi arizani nafaqat hali xizmatni o‘tamaganlar, balki zaxiradagilar va amaldagi harbiy xizmatchilar ham topshirishi mumkin.

Bundan tashqari, ilgari xizmatdan bosh tortish to‘g‘risida ariza berib, keyinchalik uni qaytarib olganlar ham mavjud. Masalan, o‘tgan yili 781 ta, joriy yilning birinchi choragida esa 233 ta shunday holat kuzatilgan. GFR armiyasiga mamlakatning NATO oldidagi majburiyatlarini to‘liq bajarish uchun 80 mingga yaqin askar yetishmayapti.