Siyosat

AQSH senatorlari Erondagi maktabga qilingan hujum bo‘yicha tekshiruvni ochiqlashni talab qildi

AQSH senatorlari Erondagi maktabga qilingan hujum bo‘yicha tekshiruvni oshkor qilishni talab qildi

AQSHda Kirsten Gillibrand rahbarligidagi demokrat senatorlar Erondagi qizlar maktabiga qilingan hujum bo‘yicha tekshiruv natijalarini oshkor qilishni so‘radi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Senatorlar prezident Donald Tramp ma’muriyatini kelasi hafta ichida tekshiruv natijalarini e’lon qilishga chaqirdi. 5-mart kuni AQSHning dastlabki ichki harbiy tekshiruvi Minobdagi maktabga qilingan hujumda AQSH kuchlari javobgar bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi.

“Qanday voqea sodir bo‘lgani, qayerda xatolar yuzaga kelgani va bunday hodisalar takrorlanmasligi uchun Pentagon qanday choralar ko‘rayotgani haqida hisobotni yashirish uchun hech qanday asos yo‘q”, deyiladi demokrat senatorlar maktubida.

Pentagon rasmiysi izoh berar ekan, tergov jarayoni davom etayotganini ma’lum qildi. “Hozircha bizda e’lon qilish uchun hech qanday yangilik yo‘q”, dedi u.

Eron rasmiylarining ma’lum qilishicha, hujum natijasida 175 dan ortiq bola va o‘qituvchi halok bo‘lgan. Senatorlar maktubida bu hodisa 1991-yilda Iroqdagi boshpanani yanglishib portlatib, 400 dan ortiq tinch aholini o‘ldirganidan beri AQSH armiyasining qurbonlarga sabab bo‘lgan eng yirik voqeasi ekanligini ta’kidlagan.

Minobdagi maktab Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi tomonidan boshqariladigan binoga tutashgan. Nishonlarni belgilashga mas’ul bo‘lgan AQSH rasmiylari eskirgan razvedka ma’lumotlaridan foydalanib, maktabni nishon qilib ko‘rsatgani aytilmoqda.

“Kim aybdor ekanini aniqlash qiyin. Chunki o‘shanda u yerda har tomondan raketalar uchib yurgandi. Yuz bergan voqea dahshatli, lekin hamma joyda raketalar uchayotgan edi... Kimdir bu bizning raketamiz deb aytdi, balki bu bizning raketamiz emasdir, lekin bunga ishonishga undaydigan hech narsani ko‘rmadim. Menimcha, buni biz qilmaganmiz”, degan edi prezident Tramp 24-iyun kuni.

Eron rasmiylari maktabga uyushtirilgan zarbani AQSHning harbiy jinoyati deb atadi. AQSH esa “hech qachon tinch aholini qasddan nishonga olmasligini” ta’kidladi.

Senatorlar o‘z maktubida CENTCOM rahbari va AQSH urush vaziri Pit Hegsetdan tekshiruv natijalarining maxfiylashtirilmagan variantini Kongress va AQSH jamoatchiligiga taqdim etishni so‘radi. “Qo‘shma Shtatlar harbiylari tinch aholiga zarar yetkazmaslik uchun barcha mumkin bo‘lgan ehtiyot choralarini ko‘rish bo‘yicha huquqiy va ma’naviy majburiyatga ega”, deyiladi maktubda.

Mavzuga doir:

Erondagi maktabga berilgan zarba AQSH razvedkasining xatosidir — Bloomberg

Eronda Minobdagi maktab qurbonlari xotirasiga banknota chiqarildi

Erondagi maktabga AQSHning Tomahawk raketasi uchirilgani aniqlandi