Germaniya havo kuchlari ilk F-35 samolyotini qabul qilib oldi

Germaniya havo kuchlari o‘zining ilk F-35 samolyotini qabul qilib oldi
18-sentyabr kuni Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius AQSHning Texas shtatida Germaniya havo kuchlari uchun mo‘ljallangan birinchi F-35A qiruvchi samolyotini qabul qildi.
Topshirish marosimi samolyotni ishlab chiqaruvchi Lockheed Martin kompaniyasining Fort Uertdagi shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tdi.
Lockheed Martin bu topshiruvni Germaniya va NATO uchun muhim bosqich deb baholadi. Pistorius esa F-35A samolyotlarining yetkazib berilishi Germaniya havo kuchlari uchun “yangi davr” boshlanganini anglatishini ta’kidladi.
“Yangi F-35A qiruvchisi dunyodagi eng zamonaviy jangovar samolyotdir”, dedi u.
Uning aytishicha, samolyot kam ko‘rinuvchanlik texnologiyasi va kuchli sensor tizimi bilan ajralib turadi. F-35A katta hajmdagi ma’lumotlarni yig‘ib, ularni qisqa vaqt ichida yagona operativ manzaraga birlashtira oladi.
Germaniya mudofaa vaziri dastlabki qiruvchilar 2026-yilda yetkazib berilishini, F-35A samolyotlarining to‘liq operativ tayyorgarligiga esa 2029-yilgacha erishish rejalashtirilganini ma’lum qildi.
Pistorius, shuningdek, Germaniya yana 19 davlat bilan birga umumiy standartlar, texnologiyalar va tartib-taomillardan foydalanib, transatlantik mudofaa hamkorligini amalda mustahkamlab borayotganini aytdi.
**Dastlabki sakkizta F-35 AQSHda qoladi**
Germaniya havo kuchlari uchun mo‘ljallangan dastlabki sakkizta F-35 samolyoti hozircha AQSHda qoladi. Ular Germaniya uchuvchilari va texniklarini tayyorlash uchun ishlatiladi.
2027-yildan boshlab dastlabki samolyotlarni Germaniyaning Reynland-Pfalts federal yeridagi Byuxel aviabazasiga joylashtirish rejalashtirilgan. F-35A qiruvchilari u yerda Germaniya havo kuchlarining Tornado samolyotlari o‘rnini egallaydi.
Pistorius AQSHga tashrifi chog‘ida, 15-sentyabr kuni AQSH mudofaa vaziri Pit Hegset bilan mudofaa sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qurol-yarog‘ bo‘yicha kelishuvni ham imzolagan.
Avvalroq Saudiya Arabistoni AQSHdan F-35 qiruvchi samolyotlari sotib olgan edi. Saudiya Arabistoni 2025-yil boshida AQSH prezidenti Donald Trampga samolyotlarni xarid qilish bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilgan. Qirollik uzoq vaqtdan beri Lockheed Martin kompaniyasining qiruvchi samolyotlariga qiziqish bildirib kelmoqda. Davlat departamentiga ko‘ra, qiruvchi samolyotlarni sotish uchun Kongressning ruxsati ham talab etiladi.

