“G‘azalkent” futbolchilari O‘zbekiston Kubogi chorak finalida autizmli bolalar chizgan rasmlar tushirilgan libosda o‘ynaydi
'G‘azalkent' futbol klubi 'Navbahor'ga qarshi O‘zbekiston Kubogi chorak finalida autizmli bolalar uchun maxsus ta’lim markazi tarbiyalanuvchilari yaratgan dizayn elementlari tushirilgan liboslarda maydonga tushadi. Ushbu liboslar sotuvidan tushgan mablag‘lar bolalar ta’lim markaziga yo‘naltiriladi.

“G‘azalkent” futbolchilari O‘zbekiston Kubogi chorak finalida autizmli bolalar chizgan rasmlar aks etgan libosda maydonga tushadi
“G‘azalkent” futbol klubi 21-oktabr kuni O‘zbekiston Kubogi chorak finalida “Navbahor”ga qarshi bahsda maxsus liboslarda o‘ynashini ma’lum qildi.
Klubning bildirishicha, liboslar dizaynida autizmli bolalar uchun maxsus ta’lim markazi tarbiyalanuvchilari chizgan rasmlardan foydalanilgan.
Maxsus liboslar cheklangan miqdorda tayyorlangan. Ularni Market Yandex Go platformasidagi klubning rasmiy onlayn do‘koni orqali xarid qilish mumkin. Sotuvga chiqarilgan futbolkalar futbolchilar chorak final uchrashuvida kiyadigan liboslardan iborat.
Klub ma’lumotiga ko‘ra, futbolkalar savdosidan tushgan barcha mablag‘lar autizmli bolalar ta’lim markazining hisob raqamiga o‘tkaziladi. Yig‘ilgan pul markazni rivojlantirish, maxsus uskunalar hamda o‘quv materiallarini xarid qilishga yo‘naltiriladi.
Klub vakillari maxsus liboslarda maydonga tushish futbolchilar uchun alohida ahamiyatga ega ekanini qayd etib, muxlislarni ham ushbu aksiyada qatnashishga chaqirgan. Tashabbus orqali futbol uchrashuvi natijasidan tashqari, autizmli bolalarni qo‘llab-quvvatlash va ularning ta’lim olishi uchun zarur sharoitlarni yaxshilashga hissa qo‘shish ko‘zlangan.

