“Gaz qazib olish pasayishida boshqaruvdagi xatolar ham, obyektiv sabablar ham boʻldi” - Abdulla Abduqodirov
“Oʻzbekiston-2030” strategiyasi ijrosining 2026-yil birinchi yarim yilligi yakunlariga bagʻishlangan matbuot anjumanida Kun.uz tabiiy gaz qazib olish boʻyicha strategik koʻrsatkichlar nega 62 milliard kub metrdan 48,5 milliard kub metrga tushirilgani haqida savol berdi. Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Abdulla Abduqodirov gaz qazib olish pasayishiga “ham obyektiv sabablar, ham boshqaruvdagi xatolar” taʼsir qilganini aytdi. Biroq strategik maqsad aynan qanday tahlil asosida qayta koʻrib chiqilgani haqidagi savolga aniq javob berilmadi.

**Abdulla Abduqodirov: "Gaz qazib olishning pasayishida ham boshqaruvdagi xatolar, ham obyektiv sabablar mavjud"**
21-avgust kuni boʻlib oʻtgan "Oʻzbekiston-2030" strategiyasining 2026-yil birinchi yarim yilligi yakunlariga bagʻishlangan matbuot anjumanida Kun.uz nashri strategik koʻrsatkichlarning tabiiy gaz qazib olish boʻyicha 62 milliard kub metrdan 48,5 milliard kub metrga tushirilishi sabablarini soʻradi. Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Abdulla Abduqodirov gaz qazib olish hajmining kamayishiga "ham obyektiv sabablar, ham boshqaruvdagi xatolar" taʼsir qilganini bildirdi. Biroq, strategik maqsadning aynan qanday tahlil asosida qayta koʻrib chiqilgani haqidagi savolga aniq javob berilmadi.
Kun.uz jurnalisti strategiya dastlab 2023-yilda qabul qilinganida 2030-yilga borib tabiiy gaz qazib olishni yiliga 62 milliard kub metrga yetkazish maqsadi belgilanganini, ammo 2026-yil fevralida kiritilgan oʻzgartirishlar bilan bu koʻrsatkich 48,5 milliard kub metrga tushirilganini eslatdi.
2025-yilda mamlakatda 42 milliard kub metr gaz qazib olingan boʻlsa, endi strategiyada 2026-yil uchun bundan ham pastroq koʻrsatkich – 40,2 milliard kub metr belgilangan.
Shuningdek, yer qaʼridan foydalanganlik uchun berilgan soliq imtiyozlariga qaramasdan, oltin va mis qazib olish kamaygan, tabiiy gaz boʻyicha qazib olish hajmlari esa yildan yilga pasayib bormoqda. Agentlik tomonidan eʼlon qilingan hisobotda ham oltin, mis va kumush ishlab chiqarishga oid rejalarda kechikishlar boʻlgani qayd etilgan.
Abdulla Abduqodirov bu savollarni "fundamental masalalar" deb atadi va energetika sohasidagi muammolar iqtisodiyotning raqobatbardoshligiga bevosita taʼsir qilishini taʼkidladi.
"Qoʻlimdan kelganda, albatta javob bergan boʻlardim. Chunki siz qoʻayotgan masalalar juda ham fundamental masalalar. Birinchidan, energetika sohasida samaradorligini yoʻqotgan mamlakat, oʻzining “self-sufficiency”, yaʼni oʻzi uchun kerakli boʻlgan energetika resurslarini ishlab chiqarishga qodir boʻlmagan mamlakat, birinchi navbatda juda ham katta iqtisodiyotning raqobatbardoshligini yoʻqotadi. Shuning uchun ham siz qoʻayotgan masala eng yuqori masalalardan bittasi", – dedi u.
Abduqodirov gaz qazib olish pasayishiga ham obyektiv, ham subyektiv omillar taʼsir qilganini aytdi.
"Tabiiy gaz ishlab chiqarish sohasidan keladigan boʻlsak, bu yerda obyektiv sabablar ham bor, juda katta va boshqaruvda yoʻl qoʻyilgan xatolar ham bor. Endi oʻzinglar koʻrdinglar, yaqindagina rahbarlar almashtirildi, boshqaruv sistemasi qayta koʻrib chiqilapti va oʻylaymanki, bu sohada pozitiv oʻzgarishlar boʻladi", – dedi u.
Biroq, agentlik vakili bu boradagi aniq savollarga javob berish vakolati oʻzida yoʻqligini bildirib, jurnalistlarga yozma murojaat yuborishni taklif qildi.
Abduqodirov ayrim maʼlumotlarni ochiqlash mumkin emasligini ham taʼkidladi.
"Shunday sohalar borki, u yerda baʼzi savollarga toʻgʻri javob berib boʻlmaydi, chunki u davlat siri. Ayniqsa gaz sohasida. Men sizga tushuntirib bersam boʻladi keyin, chunki u yerda juda koʻp masalalar bor. Lekin umumiy ochiq maʼlumotlar asosida qancha gaz qazib olindi, nima uchun degan savolingizga ham javob bersa boʻladi. Lekin baʼzi oʻsha sohadagi maʼlumotlar sir boʻladi. Uni ochiq-oydin aytib boʻlmaydi", – dedi u.
Agentlik vakili bunga misol sifatida 2022-yil yanvaridagi mamlakat miqyosidagi blekautni keltirdi.
"Adashmasam 2022-yil 6-yanvarda boʻlgan blekautda qaysi soha eng katta zarar koʻrdi? Men sizga aytaman, gaz ishlab chiqarish sohasi. 12 ta kompressorimiz davlatning 70 foiz gaz qazib olish potensialini belgilab beradigan kompressorlar edi. Beshta manbadan tok keladi. Beshta manbadan birontasi ishlamagan. 12 ta kompressor stansiyalari toksiz qoldi. Gaz 3000 metr pastga tushib ketdi, kompressor ishlamagandan keyin. U pastga tushgandan keyin suv bilan qoʻshilib ketadi. Uni yana qazib olish darajasiga qaytarish oson emas. Bu yerda baʼzan obyektiv, baʼzan subyektiv va boshqa sabablar ham bor", – dedi u.
Shuningdek, u gaz qazib olish istiqbollari geologiya-qidiruv ishlariga yetarli eʼtibor berilmagani bilan ham bogʻliqligini qayd etdi.
"Bugungi kunda gaz qazib chiqish potensiali mavhum. Chunki birinchi navbatda gazning yangi konlarini ochish kerak. Hozir faqat Qoraqalpogʻistonda bu ishlarda natijaga erishdik. Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro viloyatlarida olib borilgan geologiya-razvedka ishlari hali oʻzining katta natijasini bergani yoʻq. Kichik-kichik konlar ochilapti. Lekin mamlakat istiqbolini belgilab beradigan neft va gaz konlari hali ochilgani yoʻq. Geologiya-razvedka xarajatlari bugungi kunda 1 milliard dollardan ortiq", – dedi Abduqodirov.
Javobdan soʻng Kun.uz agentlikning oʻzida bu borada tahlillar mavjud yoki yoʻqligiga aniqlik kiritishni soʻradi. Bunga javoban Abduqodirov agentlikda tahlillar borligini aytdi.
"Birinchidan, tahlil bizda bor va biz ham ochiq resurslardan foydalanishga majburmiz. Chunki yashirilgan resurslarga bizlarda baʼzan dostup boʻladi, baʼzan dostup boʻlmaydi. Bugungi kunda biz ochiq maʼlumotlardan va qoʻlimizdagi resurslardan foydalanib, har bitta sohaning portretini yaratapmiz. Sogʻliqni saqlash, siz aytgan konlar, metallurgiya sohasi va 12 dan ortiq yoʻnalish boʻyicha shunday portretlar tayyorlangan", – dedi u.
Milliy statistika agentligi maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonda 2026-yilning 1-yarim yilligida tabiiy gaz, neft va gaz kondensati qazib olish kamayishda davom etgan. Yanvar-iyun oylari davomida tabiiy gaz qazib olish 18,3 milliard kub metrni tashkil etdi. Bu 2025-yilning mos davridagiga (21,8 milliard) nisbatan 16 foizga yoki qariyb 3,5 milliard kub metrga kam.
"Oʻzbekiston-2030" strategiyasiga koʻra, Oʻzbekistonda gaz qazib olish miqdori 2026-yilda ham qisqarib, keyingi 4 yil davomida bosqichma-bosqich oʻsib borishi prognoz qilinmoqda.
2026-yil fevral oyida yangilangan hujjatga koʻra, joriy yilda 40,2 milliard kub metr gaz qazib olinishi kutilmoqda. Bu 2025-yilga nisbatan 3,6 foizga yoki 1,5 milliard kub metrga kam. Eʼtiborga molik yana bir jihat: oʻtgan yil yakunlariga koʻra Milliy statistika qoʻmitasi gaz qazib olish hajmini 42,3 milliard kub metr sifatida koʻrsatgandi. Bu natija 41,7 milliard kub metrga pasaytirilgan.

