Gʻuzor tumanida koʻchat yetishtirish markazi ochildi
Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida prezident Shavkat Mirziyoyev «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida Gʻuzor tumanida tashkil etilgan koʻchat tayyorlash markaziga tashrif buyurib, uning faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Gʻuzor tumanida koʻchatchilik markazi ochildi
«Davlat rahbarining 2026 yil 23 sentyabrdagi farmoni bilan mahallalarning koʻkalamzorlashtirishdagi rolini oshirish hamda «3–30–300» tamoyili asosida yashil hududlarni kengaytirish boʻyicha vazifalar belgilangan. Yangi markaz faoliyati mahallalar ehtiyojidan kelib chiqib sifatli koʻchatlar yetishtirish, daraxtlarni parvarishlash va aholi bandligini taʼminlash masalalarini hal etishga qaratilgan», — deyiladi xabarda.
Taʼkidlanishicha, majmua xorij tajribasi asosida 65 gektar maydonda barpo etilgan. Loyiha qiymati 9,5 milliard soʻmni tashkil etadi. Bu yerda 100 ga yaqin ish oʻrni yaratildi.
50 gektar maydonda manzarali daraxtlar, besh gektarda mevali, yana uch gektarda butalar va gul koʻchatlari yetishtirilmoqda. Birinchi bosqichda 1,6 million tup daraxt va oʻsimlik koʻchatlarini yetishtirish, keyinchalik bu koʻrsatkichni 5 millionga yetkazish rejalashtirilgan. Markazda manzarali va ignabargli daraxtlarning 41 turi taqdim etilgan.
Majmua hududida oʻsimliklarni yetishtirish uchun ochiq maydonchalar, issiqxona, urugʻlarni undirish inshootlari va koʻchatlar uchun soyabon konstruktsiyalar qurilgan. shuningdek, umumiy sigʻimi 4,2 ming kub metr boʻlgan uchta membranali suv havzasi jihozlangan hamda 20 gektar maydonda tomchilatib sugʻorish tizimi joriy etilgan. Bundan tashqari, bu yerda kompost va mulcha ishlab chiqarish uchun uskunalar hamda quyosh panellaridan foydalanilmoqda.
Zamonaviy texnologiyalar koʻchatlarni yil davomida, shu jumladan ekish mavsumidan tashqari vaqtda ham yetishtirish imkonini beradi. Hisob-kitoblarga koʻra, bunday yondashuvda yetishtirish hajmi anʼanaviy usullarga nisbatan 8-10 baravarga ortadi, suv sarfi esa uch baravarga qisqaradi. Bu koʻchatlar tannarxini 30-40 foizga kamaytirish imkonini berishi kutilmoqda.
Markazda mahallalarni koʻkalamzorlashtirish boʻyicha alohida xizmatlar koʻrsatish tashkil etilgan. Ular koʻchat va butalarni yetkazib berish, zararlangan daraxtlarni davolash, tuproqni mulchalash va tomchilatib sugʻorish tizimlarini oʻrnatishni oʻz ichiga oladi. Kegusida har bir mahallaga oʻrmonchi-ustoz biriktiriladi, har bir ekish mavsumi oldidan esa «mahalla yettiligi» aʼzolari uchun oʻquv mashgʻulotlari oʻtkaziladi.
Koʻchat yetishtirish jarayoniga aholi ham jalb etilmoqda. Fuqarolarga kooperatsiya shartnomalari asosida yosh oʻsimliklar beriladi. Tommorqa maydonlarida bir-ikki mavsum parvarish qilingach, oʻsimliklar tayyor koʻchatga aylanganda, ular kafolatli sotib olinadi. Bu oilalarga qoʻshimcha daromad manbaiga ega boʻlish imkonini beradi.
Davlat rahbari markazda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi va daraxt ekish, bogʻ yaratish xalqimizning ezgu anʼanasi ekanini taʼkidladi.

